“Milliy sertifikatga ega abituriyentlarga maksimal ball berish tizimi qayta ko‘rib chiqilyapti” — vazir o‘rinbosari
O‘zbekistonda milliy sertifikatga ega abituriyentlarga maksimal ball berish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda. 'Bir necha yildan keyin milliy sertifikat bilan topshiradiganlar soni test yechadiganlarga nisbatan oshib ketishi mumkin. Mexanizmlarni ishlab chiqishni boshladik', — dedi vazir o‘rinbosari Sardor Rajabov.

**Milliy sertifikat egalariga maksimal ball berish tartibi qayta ko‘rib chiqilmoqda – vazir o‘rinbosari**
O‘zbekistonda milliy sertifikatga ega abituriyentlarga davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda tegishli fan bo‘yicha maksimal ball berish tartibi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov 18-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar beradi Gazeta muxbiri.
Sardor Rajabovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda milliy sertifikat bilan OTMga hujjat topshirayotgan abituriyentlar soni ortib bormoqda. Vazirlik ushbu o‘sish sabablarini tahlil qilgan.
“Milliy sertifikatning savollari oliy ta’limga kirish test savollaridan biroz farq qiladi. Bu yerda faqat yopiq savollar emas, ochiq savollar ham bo‘ladi. Shuningdek, natijalar faqat belgilangan to‘g‘ri javoblar soniga qarab emas, Rash modeli asosida hisoblanadi”, – dedi u.
Rash modeli – topshiriqdagi har bir savolning qiyinligi va o‘quvchining bilim darajasini alohida o‘lchab beradigan tizimdir. U oddiy to‘g‘ri javoblar sonini emas, balki talaba aynan qanday og‘irlikdagi savollarni yecha olganini hisobga oladi. Masalan, ikki talaba bir xil 5 tadan savolga to‘g‘ri javob topdi. Biri faqat osonroq savollarni, ikkinchisi esa eng og‘ir savollarni yechdi. Rash modeli aynan og‘ir savollarni ko‘proq javoblay olganlarga yuqoriroq ball beradi.
“Ko‘pchilik bitiruvga yaqin yillarda bo‘lib-bo‘lib milliy sertifikat olish tizimidan foydalanyapti. Albatta, buning ko‘paygani yaxshi”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Uning fikricha, milliy sertifikat tizimida testdagi “taxminan javob belgilash” holatlari kamroq uchraydi. Rajabov buni sobiq Davlat test markazida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan davri bilan izohladi.
“Testda bilmagan savoliga javobni tasodifan belgilab, qandaydir ball olish mumkin. Men sobiq Davlat test markazida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan paytimda butun javob varaqasini faqat „A“ yoki faqat „B“ bilan to‘ldirib chiqqan abituriyentlarni ko‘p ko‘rganman. Milliy sertifikatda esa ochiq savollar bo‘lgani uchun bunday holatlar kamroq”, – dedi u.
Rajabovning aytishicha, vazirlik milliy sertifikat natijalarini baholashda maksimal ball berish mexanizmini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bunda yuqori natija olgan abituriyentlarning bir joyda jamlanib qolishi kabi masalalar ham o‘rganilyapti.
“Hozir maksimal ball berish tizimi qanchalik to‘g‘ri ekanini ko‘rib chiqyapmiz. Chunki yildan yilga milliy sertifikat bilan topshirayotganlar soni ko‘payib bormoqda.
O‘ylaymanki, bir necha yildan keyin milliy sertifikat bilan topshiradiganlar soni test sinovlari orqali topshiradiganlardan oshib ketishi mumkin. Shuning uchun buni oldindan ko‘rib, mexanizmlarni ishlab chiqishimiz kerak va bu jarayonni boshlaganmiz”, – dedi vazir o‘rinbosari.
Jurnalistlardan biri milliy sertifikat va imtiyozli qabul sabab testda yuqori ball olgan abituriyentlarning imkoniyatlari cheklanayotgani haqidagi e’tirozlarga nisbatan izoh so‘radi. Rajabov bunday holatda milliy sertifikat va kirish testlarining murakkablik darajasi bir xil emasligiga e’tibor qaratish lozimligini aytdi.
“Milliy sertifikat tizimi test tizimiga qaraganda murakkabroq.
Shuning uchun milliy sertifikat olgan abituriyent maksimal ball olgan taqdirda ham, bu natijani testda olingan ball bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri solishtirib bo‘lmaydi. Ikki tizimdagi qiyinlik darajasi har xil”, – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik milliy sertifikat bilan maksimal ball olib OTMga kirgan talabalarning keyingi o‘qish natijalarini tahlil qilgan.
“Milliy sertifikat bilan maksimal ball olib o‘qishga kirgan bolalar qanday o‘qiyotganini ham tahlil qildik. Adashmasam, ularning qariyb 60 foizi a’loga, qolgan 40 foizga yaqini esa yaxshi baholarga o‘qiyapti.
Ya’ni yaxshi o‘qimay qolayotganlar juda kam”, – dedi Rajabov.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, talabaning o‘zlashtirishiga oilaviy sharoit, ishlash zarurati kabi turli obyektiv va subyektiv omillar ta’sir qilishi mumkin. Milliy sertifikat orqali maksimal ball bilan o‘qishga kirganlar orasida o‘qishdan chetlashtirilganlar juda kam.
Sardor Rajabov imtiyoz asosida OTMga qabul qilingan talabalarning o‘zlashtirishi bo‘yicha ham alohida tahlil o‘tkazilganini ma’lum qildi.
“Imtiyoz bilan kirgan talabalarning o‘qish jarayonidagi o‘zlashtirishi, chetlashtirilgani yoki kursdan kursga qolgani bo‘yicha tahlil o‘tkazdik. Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, imtiyoz asosida kirganlar orasida eng yuqori natija ko‘rsatayotganlar – xotin-qizlar imtiyozi bilan kirgan talabalar.
Qolgan ma’lumotlarni hozir yana bir marta tekshiryapmiz. Noaniq ma’lumot bermaslik uchun tahlilni yakunlab, natijalarni, albatta, e’lon qilamiz”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, joriy yil davlat oliygohlariga o‘qishga topshirgan 678 ming abituriyentning 193 186 (2025-yilda 85 140) nafarida umumta’lim fanlari bo‘yicha, 125 354 (2025-yilda 58 216) nafarida esa chet tillari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lgan.
Barcha fanlardan sertifikati bo‘lgan abituriyentlarning 13 ming nafari test sinovlaridan to‘liq ozod qilingan. 2025-yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan. Buning ortidan o‘qishga kirishdagi o‘tish ballari sezilarli ko‘tarildi.
Joriy yilda o‘rtacha o‘tish balli davlat granti bo‘yicha 134,6 ball, to‘lov kontrakt bo‘yicha 93,7 ballni tashkil etdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.

