Layfstayl

“Mijozlarimiz – butun dunyodan kelgan hojilar” - Madinada oʻzbek restorani ochgan vatandosh

Muqaddas Madina shahrida faoliyat boshlagan oʻzbek restorani – Mahmood Kebab oʻzbekistonlik ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish bilan birga, dunyoning turli nuqtalaridan kelgan hojilarga oʻzbek taomlari va mehmondoʻstligini targʻib qilmoqda. Restoran asoschisi Nodir Mahmud avvaliga AQShda biznes boshlashni rejalashtirgani, ammo taqdir uni Saudiyaga boshlab kelgani va u yerda tadbirkor boʻlishning oʻziga xosliklari haqida Kun.uz'ga soʻzlab berdi.

Yaqin vaqtgacha xorijda biznes boshlagan vatandoshlarimiz haqida eshitganimizda, bu noyob hodisa sifatida qabul qilinib, hayratga sabab boʻlardi. Oʻzbekistonning dunyoga ochilishi bilan chet ellarga sayohat qiluvchilar ham, xorijiy mamlakatlarda doimiy yashab, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan vatandoshlarimiz soni ham ortib bormoqda.

Saudiya Arabistoni deganda koʻz oldimizga avvalo muqaddas Makka va Madina shaharlari, haj va umra ziyorati uchun kelgan millionlab musulmonlar keladi. Soʻnggi yillarda vatandoshlarimizning haj va umra ziyoratlariga borishlari keskin koʻpaydi. Tabiiyki, ular uchun ushbu shaharlardagi servis, xizmat koʻrsatish va ovqatlanish kabi kundalik ehtiyojlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Vatandoshlarimizning Vatanidan uzoqda ham oʻz uyidagidek taomlanishini taʼminlash, shuningdek, xorijdan kelgan sayyohlarga oʻzbek taomlari va mehmondoʻstligini tanitish maqsadida muqaddas Haram hududida ilk oʻzbek restorani – "Mahmood Kebab"ni ochgan Nodir Mahmud bilan uchrashdik. Uni ilk oʻzbek restorani deyishimizning asosli sababi bor: vatandoshimizning taʼkidlashicha, bu aynan Haram hududida 100 foiz oʻzbek investitsiyasi bilan ochilgan birinchi oʻzbek taomlari restoranidir.

**"AQShda ochmoqchi edik, rizqimiz Madinada ekan"**

– Restoran biznesiga kirib kelishimning tarixi bolalikka borib taqaladi. Koʻpchilik ota-onalar qatori bizning ham otamiz "bolam bekor yurmasin, biror hunarni oʻrgansin" degan maqsadda uyimiz yaqinidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasiga – oshpazga shogirdlikka berdi. Asta-sekin shu yoʻlda yurib, bu hunarning sir-asrorlarini oʻrganib, katta boʻldik. Rizqimiz shu sohadan ekan, shunda baraka topdik.

Yoshlikdan dunyoga chiqishni niyat qilganmiz. Dunyo tanigan katta brendlarga havas qilib, shunday brendni yaratib, oʻzimiz ham restoranlar tarmogʻini koʻplab xorijiy shaharlarda ochsam, deb niyat qilardim.

Ilk savdo nuqtamizni AQShda ochmoqchi boʻldik. U yerga borib, past-balandini oʻrganishimiz jarayonida bizga yaqin tanishimiz Madina variantini aytib qoldi. Keldik. Koʻrdik. Oʻrgandik. Va rizqimiz qoʻshilgan ekan, shu yerda restoran ochdik. Ha, bu katta tavakkal edi. Lekin biznesda tavakkal qilmasa boʻlmaydi.

**"Saudiyada biznes yuritishda asosiysi sabr kerak..."**

– Allohga shukur, hozircha hammasi yaxshi ketyapti. Ishni boshlash oson boʻlmagan. Hujjatbozliklar, yuridik tashvishlar, yugur-yugurlar ancha vaqtni oldi.

Madina poytaxt boʻlmagani, sokinroq, asosan ibodat va ziyorat uchun keluvchilar shahri boʻlgani sabab, bu yerda ishlar sekinroq bitadi. Hujjatlashtirish ishlari 6-7 oy vaqt oldi. Har bir biznesda qiyinchilik boʻladi, lekin uni yengib oʻta olmagan biznesmen – biznesmen emas. Saudiyada biznes boshlashda vaqt, bilim va eng asosiysi, sabr kerak.

**"Restoranimiz doim gavjum"**

– Restoranimizga dunyoning turli mamlakatlaridan minglab xoʻrandalar kirishadi. Ular taomlarimiz va mehmondoʻstligimizdan taʼsirlanib, boshqalarga ham tavsiya qilishadi. Doim gavjum.

Gohida ayrim xorijliklar taomlanish asnosidayoq Oʻzbekiston haqida internetdan oʻrganib, shu yerning oʻzida oʻtirib, internetdan yurtimizga chipta olgan paytlari boʻlgan. Shularni koʻrib ilhomlanamiz, gʻurur tuyamiz va kuch-gʻayrat olamiz.

Maqsadimiz – muqaddas shaharga kelgan hojilarga, ziyoratchilarga xizmat qilish, ularning hojatini chiqarish. Qolaversa, Oʻzbekiston nomini oʻz yoʻnalishimiz orqali dunyoga yanada kengroq yoyish, yurtimizni tanitish.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.