Migratsiya agentligi koʻmagi bilan 4,4 mingdan ortiq oʻzbekistonlik Rossiyadan vataniga qaytdi

Migratsiya agentligi koʻmagida 4,4 mingdan ortiq oʻzbekistonlik Rossiyadan vataniga qaytdi
Sentyabr oyida Oʻzbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi 4,4 mingdan ortiq vatandoshga vataniga qaytishga yordam berdi. Fuqarolarga, shuningdek, 6 mingga yaqin huquqiy maslahatlar berildi, bir qator hollarda esa vaqtinchalik turar joy, tibbiy xizmatlar va advokatlar mehnati haqi toʻlab berildi.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, oy davomida 983 kishi bir martalik moddiy yordam oldi. 409 ta holatda vaqtinchalik yashash va ish joyi xarajatlari qoplab berildi, yana 171 ta holatda advokatlar va boshqa tashkilotlar xizmatlari uchun haq toʻlandi.
Bundan tashqari, agentlik 19 ta holatda tibbiy xarajatlarni qopladi. 329 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga ijtimoiy yordam, jumladan, ishga joylashishda koʻmaklashildi.
Rossiyada yordamga muhtoj boʻlgan vatandoshlar uchun Migratsiya agentligi vakolatxonasining ishonch telefoni faoliyat yuritmoqda: +7 495 803-40-00.
Shuningdek, xorijda qiyin ahvolda qolgan oʻzbekistonlik ayollar Migratsiya agentligi tomonidan bir necha turdagi yordamga umid qilishlari mumkinligi xabar qilinmoqda. Sharoitga qarab, ularga davolanish, vaqtinchalik turar joy va advokat xizmatlari haqi toʻlab beriladi, ishlangan pullarni qaytarish, hujjatlarni tiklash yoki voyaga yetmagan farzandlari bilan birga vataniga qaytishga yordam beriladi.

