Meva yeyişga moslaşgan «dözax tovuği» dinozavri topildi
Paleontologlar AQŞda yirik kurka kattaligidagi dinozavrning yangi turini aniqladi. «Dözax tovuği» deb nomlangan bu jonzotning ğayrioddiy jağ tuzilişi uning yumşoq mevalar bilan oziqlanişga moslaşganini körsatmoqda. Topilma dinozavrlarning oziqlanişi va qadimgi ösimliklar dunyosi bilan boğliqligi haqida yangi maʼlumotlar berdi.

Meva yeyishga moslashgan «dözax tovuği» dinozavri aniqlandi
Yangi turga Infernogallus jamesi nomi berildi. Bu nom «Jeymsning dözax tovuği» degan maʼnoni bildiradi. Uning yaxshi saqlangan toshqotgan qoldiqlari AQSh g‘arbidagi paleontologik topilmalarga boy Xell-Krik hududidan topilgan.
Tadqiqotda AQShning Stouni-Bruk universiteti va Kanadaning Ontario qirollik muzeyi olimlari qatnashdi. Ular dinozavrning deyarli to‘liq saqlangan bo‘sh suyagi hamda skelet qismlarini o‘rgandi. Natijalar Nature Communications jurnalida chop etildi.
Bu dinozavr bo‘r davrining oxirida, tirannozavr va tritseratops kabi mashhur yirik jonzotlar bilan bir davrda yashagan. Biroq ulardan farqli ravishda, ancha kichik bo‘lgan: gavdasi yirik kurkani eslatgan, vazni esa taxminan 12 kilogrammni tashkil etgan.
Infernogallus jamesi qushlarga o‘xshash dinozavrlar — oviraptorozavrlar guruhiga mansub. Uning oziqlanish usulini tushunishda tishsiz tumshug‘i va jag‘ suyaklarining tuzilishi asosiy dalil bo‘ldi.
Olimlar kompyuter tomografiyasi yordamida bo‘sh suyagining ichki va tashqi tuzilishini batafsil o‘rgandi. Suyaklar hamda mushaklar birikkan joylarni tahlil qilib, jag‘ apparati qanday ishlaganini tikladi. Bu usul millionlab yillar avval yashagan jonzotning ozuqani qanday maydalaganini baholash imkonini berdi.
Natijada jag‘ mushaklarining joylashuvi odatdagidan ancha farq qilishi aniqlandi. Ushbu tuzilish pastki jag‘ning oldinga va orqaga harakatlanishiga imkon bergan. Og‘iz ichidagi bir-biriga mos keluvchi qirra va egatlar esa yumshoq ozuqani ezish hamda maydalashga yordam bergan.
Tadqiqotchilarning fikricha, bunday mexanizm etli, yumshoq mevalarni qayta ishlash uchun qulay bo‘lgan. Shu asosda ular dinozavr ratsionining katta qismini gulli o‘simliklarning mevalari tashkil etgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi.
Shunga o‘xshash oziqlanish mexanizmi hozirgi ayrim mevaxo‘r to‘tiqushlarda ham uchraydi. Ularda ham jag‘ harakati yumshoq meva etini ezishga xizmat qiladi. Qadimgi dinozavr va zamonaviy qushlardagi bu o‘xshashlik yangi turning ehtimoliy ratsionini tushunishda muhim ahamiyatga ega.
Biroq jag‘ tuzilishiga qarab chiqarilgan xulosa dinozavrning har bir yegan ozuqasi aniqlanganini anglatmaydi. Hozirgi dalillar uning yumshoq o‘simlik ozuqasini, ayniqsa, mevalarni isteʼmol qilishga ixtisoslashganini ko‘rsatmoqda.
Topilma dinozavrlarning qadimgi ekotizimlardagi o‘rni haqida ham yangi savollarni o‘rtaga tashladi. Meva bilan oziqlanadigan hayvonlar ko‘pincha o‘simlik urug‘larining tarqalishiga yordam beradi. Ular yutgan urug‘lar hazm bo‘lmay, boshqa joyga tushsa, o‘simlik yangi hududda o‘sish imkoniga ega bo‘ladi.

