Mercedes-Benz Germaniyadagi zavodlaridan birini yopishi mumkin

Mercedes-Benz Germaniyadagi zavodlaridan birini yopishi mumkin
Mercedes-Benz rahbariyati, agar xodimlar xarajatlarni kamaytirishga rozi bo‘lmasa, Germaniyadagi zavodlardan birini yopib, ishlab chiqarishni Sharqiy Yevropaga ko‘chirish niyatida ekanini bildirdi.
Nashrga ko‘ra, kompaniya rahbariyati xodimlarga beriladigan ayrim to‘lovlarni, jumladan ta’til puli va Rojdestvo bonuslarining bir qismini bekor qilishni, shuningdek, haftasiga 35 soatlik ish vaqtini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Rahbariyat Germaniyadagi korxonalarda mehnat xarajatlarining yuqoriligi kompaniyaning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlamoqda. Bunga, xususan, Mercedes-Benz avtomobillari savdosining, ayniqsa Xitoy bozorida, pasaygani sabab bo‘lmoqda.
Mercedes-Benz boshqaruvi a’zolaridan biri Germaniyadagi mehnat xarajatlari sezilarli darajada qisqartirilishi kerakligini, aks holda kompaniya Sharqiy Yevropada yangi zavod qurishi mumkinligini ochiq aytgan.
Kompaniyaning ishlab chiqarish kengashi esa bu kabi bayonotlarni “shantaj” va “o‘ta jiddiy tahdid” deb atagan.
Hozircha aynan qaysi zavod yopilishi mumkinligi ma’lum emas.
Shu bilan birga, Mercedes-Benz Vengriyada ishlab chiqarish quvvatlarini faol ravishda kengaytirmoqda. Kompaniyaning Kechkemet shahridagi zavodi kelajakda yiliga 400 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Mercedes-Benz Group bosh ijrochi direktori Ola Kellenius avtokonsern global xavfsizlikka tahdidlar sabab harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tishi mumkinligini e’lon qilgan edi.

