«Mening qutqaruv nimcham yoʻq»: «Ota-ona banki»siz yashash
Uch nafar 20 yoshlar atrofidagi yigit-qiz BBC News telekanaliga ota-ona koʻmagisiz hayotda qanday yoʻl topayotganlari haqida gapirib berdi.

**«Menda qutqaruv nimchasi yoʻq»: «Ota-ona banki» koʻmagisiz yashash**
Koʻpgina yoshlar uchun uy sotib olish yoki hatto ijaraga uy topish tobora erishib boʻlmas orzuga aylanib bormoqda.
Shu yozda BBC Your Voice loyihasi 25 yoshlilarning 40 foizdan ortigʻi ota-onasi bilan birga yashayotganini aniqladi. Koʻpgina yoshlar ijara haqi, kommunal toʻlovlar va boshqa kundalik xarajatlarni qoplash uchun «Ota-ona banki» deb ataladigan oilaviy koʻmakka qarab qolganliklarini aytishdi.
Ammo oilaviy yordam olish imkoniyati boʻlmasa-chi? Citizens Advice tashkilotining maʼlum qilishicha, ota-onasining yordamisiz ijara va oziq-ovqat kabi eng zarur narsalar uchun pul toʻlashga qiynalayotganlar soni tobora ortib bormoqda.
Uch nafar ayol bunday xavfsizlik tarmogʻisiz qanday kun kechirayotganlari bilan oʻrtoqlashdi.
**Yorkshirning Ist-Rayding hududidan boʻlgan 23 yoshli Eleonor Bell aʼlo darajali diplomga ega, ammo ish topishga qiynalmoqda**
**Eleonorning aytishicha, u hisobsiz darajada koʻp joyga ish soʻrab murojaat qilgan**
Eleonor Bell hozir 23 yoshda, lekin u 10 yoshligida mehribonlik uyiga topshirilgan edi. U maktabda aʼlo baholarga oʻqidi va Markaziy Lankashir universitetini imtiyozli diplom bilan tamomladi.
Ikki yil avval oʻqishni tugatganida, u hayot adolatliroq boʻladi deb ishongandi. Ammo unday boʻlmadi.
Eleonorning aytishicha, u hisobsiz darajada koʻp joyga ish soʻrab murojaat qilgan va faqat bir nechtagina muvaffaqiyatsiz suhbatlardan oʻtgan.
Hozirda u Janubiy Yorkshirdagi Peniston shaharchasi yaqinida, yigitining uyida yashamoqda, bu yashash xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi, ammo qishloq sharoiti haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan odam uchun ish qidirishni yanada qiyinlashtirdi.
«Men ota-onasi oʻsha yerda ishlagani uchun ishga joylashgan koʻplab odamlarni bilaman».
Hozirgi kunda qanchadan-kano yoshlar ota-onalari bilan yashayotgani haqidagi BBC maqolasini koʻrgach, u biz bilan bogʻlandi.
«Bu meni biroz xafa qiladi, shekilli. Men ham ota-onam bilan yashashni xohlardim... lekin bu meni men kabi odamlar, bunday imkoniyati boʻlmaganlar nima qilayotgani haqida oʻylashga majbur qildi. Ular qayerda? Kimga suyanishadi?
Bu xuddi 20 yoshlardagi hamma suv ustida jon saqlashga harakat qilayotganga oʻxshaydi, lekin menga qutqaruv nimchasi berilmagan», — deydi Eleonor BBC bilan suhbatda.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Angliyada 19 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilarining 39 foizi oʻqimaydi, ishlamaydi va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmaydi, vaholanki, umumiy yoshlar orasida bu koʻrsatkich taxminan 13 foizni tashkil etadi.
«Men mustaqil boʻlishni xohlayman, lekin bunday vaziyatga duch kelganingizda, xuddi devorga urilgandek boʻlasiz».
Eleonor uchun nafaqat moliyaviy yordam va boshpana yetishmayapti.
«Sizni quchoqlab: "Qara, men ham shunday vaziyatni boshdan kechirganman, xavotir olma", deydigan hech kimingiz yoʻq... Menimcha, bunday tayyorgarlikning yoʻqligi haqiqatan ham taʼsir qiladi», — deb tushuntiradi u.
«Nima qilishni bilmayapman, oʻzimni xuddi shunday his qilyapman, biroz yoʻqolib qolgandekman. Xuddi chiroqsiz qorongʻilikda qolgandekman, tuygʻular xuddi shunday».
**Sanderlendlik 24 yoshli Sem Barrett sirtdan oʻqiydi. U onasiga gʻamxoʻrlik qilish uchun toʻliq stavkadagi ishini tashlab ketgan**
**Semning aytishicha, parvarishlovchi nafaqasi va universal kredit uning asosiy xarajatlarini qoplamaydi**
Sanderlendda yashovchi 24 yoshli Sem Barrett tengdoshlarining unda yoʻq moliyaviy suyanchigʻi borligidan xafa boʻlishini aytadi.
U onasiga gʻamxoʻrlik qilish uchun mehmondorchilik sohasidagi toʻliq stavkali ishini tashlagan va hozirda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot yoʻnalishida sirtdan tahsil olmoqda, biroq parvarishlovchi nafaqasi (Carer's Allowance) va universal kredit (Universal Credit) uning asosiy xarajatlarini qoplamasligini aytadi.
«Daromad koʻp emas, parvarishlovchi sifatida faqat maʼlum miqdorda pul olasiz. Men hech qanday hashamatli narsa sotib olmayman, koʻngilochar narsalarga juda kam vaqt ajrataman», — deydi u.
Onasi imkoni boricha moliyaviy yordam beradi, lekin pul koʻp emas va Sem buni yaxshi tushunishini aytadi.
«Ulgʻayish jarayonida boshqa odamlarning menga qaraganda juda katta ustunlikka ega ekanligini koʻrish doim biroz adolatsizlikdek tuyulardi. Masalan, koʻpchilik ota-onalar: "Mana, haydovchilik darslari uchun pul, mana bu esa sening mashinang", deyishadi, men esa buni shunchaki qilolmayman», — deydi u.
Sem u kabi parvarishlovchilarga koʻproq pul toʻlanmasligidan gʻazabda. «Onamga gʻamxoʻrlik qilish orqali men hukumat pulini tejayapman. Hukumat esa yordam berish uchun hech narsa qilmayapti, ular aslida shunchaki qarzga botishni taklif qilishmoqda».
**Kembrijshirlik 23 yoshli Ezgi Polat bir yil avval ishini yoʻqotgan va tezda ijara haqi va toʻlovlardan qarzdor boʻlib qolgan**
**Qarzlari taxminan 4000 funt sterlingga yetganidan keyin Ezgi yordam soʻrab Citizens Advice tashkilotiga murojaat qilgan**
Yaqinda Citizens Advice buyurtmasi bilan 5500 dan ortiq kishi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomada kattalarning 36 foizi kamida bitta toʻlovdan orqada qolayotganini aytgan boʻlsa, 20 yoshlardagilar orasida bu koʻrsatkich 57 foizga yetadi.
Ezgi Polat ham ulardan biri. Kembrijshirning Ramsi shahridan boʻlgan 23 yoshli qiz 12 oy oldin ishini yoʻqotganida, oilasi unga yordam bera olmadi, shuning uchun u tezda ijara haqi va toʻlovlardan qarzdor boʻlib qoldi.
«Ota-onam ham xuddi men kabi, xuddi boshqalar kabi moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishgan edi.... Men katta qarzga botdim, chunki buni toʻlashga qurbim yetmasdi — oʻsha paytda 300 funt sterling mening toʻlovlarimning hech birini qoplamasdi».
U yashaydigan hududdagi mahalliy avtobus qatnovi bekor qilindi, bu esa bandlik markaziga borishni tobora qiyinlashtirdi, natijada uning nafaqasi qisqartirildi. U universal kredit sifatida oyiga 360 funt sterling olardi, ammo ijara haqi 460 funt sterling, bunga qoʻshimcha ravishda kommunal toʻlovlar, mahalliy soliq va yashash xarajatlari bilan uning qarzi taxminan 4000 funt sterlingga yetdi.
Citizens Advice tashkilotidan yordam soʻraganidan soʻng, uch oy oldin uning ijara qarzi mahalliy kengash tomonidan qoplandi va u elektr hamda suv taʼminoti kompaniyalariga oyiga 200 funt sterling toʻlash rejasiga kelishib oldi.
U omborxonadan ish topganidan xursand va hayot iziga tushayotganini his qilmoqda, ammo bu oson boʻlmadi.
«Koʻpgina katta yoshli odamlar bizni yetarlicha intiluvchan emas yoki yetarlicha harakat qilmayapti deb oʻylashadi, lekin ular ishga va qoʻllab-quvvatlashga juda muhtoj boʻlgan, ammo murojaat qilishga joyi yoʻq odamlar qanchalik koʻpligini koʻrib hayron qolishardi», — deydi u.
Hukumatning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, hozirda bir millionga yaqin yoshlar ishlamaydi, oʻqimaydi va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmaydi.
Hukumat vakili shunday dedi: «Biz har bir hududdagi yoshlarga umid bagʻishlash va imkoniyatlar yaratishga qatʼiy qaror qilganmiz. Shu bois, biz koʻproq shogirdlik, ish grantlari va treninglar orqali yoshlarning pul topishi yoki oʻqishi uchun imkoniyatlar yaratishga 2,5 milliard funt sterling sarmoya kiritmoqdamiz. Birinchi marta alohida uyga koʻchib oʻtayotganlar uchun esa bizning Ijarachilar huquqlari toʻgʻrisidagi qonunimiz ijarachilarga koʻproq huquqlar beradi va ularni narxlarning haddan tashqari oshishidan himoya qiladi».
Ammo Citizens Advice siyosat boʻlimi rahbari Lyuk Yang yoshlar ortib borayotgan xarajatlar va qiyin mehnat bozori oʻrtasida qolib ketgan deb hisoblaydi.
«Hozirgi vaqtda yoshlar uchun oilalari va boshqa tarmoqlardan moliyaviy yordam oladiganlar hamda bunday imkoniyati boʻlmaganlar oʻrtasidagi farq tobora kengayib bormoqda. Bunday keng qoʻllab-quvvatlash tizimiga ega boʻlmagan yoshlar eʼtibordan chetda qolmoqda».

