Dunyo

“Men qaytishga va’da bergandim”: Selin Dion 6 yillik tanaffusdan so‘ng ilk yakkaxon konsertini taqdim etdi

“Men qaytishga va’da bergandim”: Selin Dion 6 yillik tanaffusdan keyin ilk yakkaxon konsertini berdi

58 yoshli xonanda Selin Dion sog‘lig‘idagi muammolar sabab yuzaga kelgan uzoq tanaffusdan so‘ng sahnaga qaytdi.

U 12-sentyabr, shanba kuni kechqurun Parij yaqinidagi Nanter shahrida joylashgan “Plénitude Arena”da konsert berdi. Bu pop-yulduzning so‘nggi olti yil ichidagi ilk to‘liq yakkaxon konserti bo‘ldi. Uning konsert faoliyatidagi tanaffusga pandemiya hamda og‘ir nevrologik kasallik — qattiq mushaklar sindromi (mushaklar qotishi) sabab bo‘lgan.

Qattiq mushaklar sindromi — markaziy asab tizimi (bosh va orqa miya)ning juda kam uchraydigan autoimmun kasalligi bo‘lib, u kuchayib boruvchi mushaklar qotishi (rigidlik), og‘riqli spazmlar va tashqi ta’sirlarga yuqori sezuvchanlik bilan namoyon bo‘ladi.

“Agar yura olmasam, emaklayman. Ammo taslim bo‘lmayman!”.

Konsert “On ne change pas” qo‘shig‘i bilan boshlandi va uni kuylashi bilanoq san’atkor ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi.

“O‘zimga yig‘lamaslikka va’da bergandim... Lekin barchangizni ko‘rganimdan juda baxtiyorman. Sizlarni juda sog‘indim. Men sizlar bilan birga kuylayman va endi yig‘lamaslikka harakat qilaman”, — deya Dionning so‘zlarini Variety keltiradi.

Keyin u yana shunday dedi:

“Men o‘zimga va sizlarga qaytishga va’da berganim uchun shu yerdaman. Va bu sahnada faqat sizning ishonchingiz va aqlbovar qilmas muhabbatingiz tufayli turibman”.

Selin Dion “The Power of Love”, “Because You Loved Me”, “Pour que tu m’aimes encore”, “All By Myself”, “I’m Alive” va “My Heart Will Go On” kabi xit qo‘shiqlarni ijro etdi.

Konsertni tomosha qilish uchun qariyb 30 ming kishi yig‘ildi. Ko‘plab muxlislar Selin Dion surati tushirilgan futbolkalarda yoki xonanda uslubidagi obrazlarda kelishdi.

Eslatib o‘tamiz, Selin Dionga juda kam uchraydigan kasallik — mushaklar qattiqligi sindromi tashxisi qo‘yilgan. U million kishidan bir yoki ikkitasida uchraydi, shu sababli kam o‘rganilgan. Uning rivojlanishiga stress yoki baland tovushlar, sezgirlikning oshishi sabab bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinadi va tabiiyki, taniqli qo‘shiqchining hayotida bularning barchasi ko‘p bo‘lgan. Sindrom mushaklarning qotib qolishi va og‘riqli spazmlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bugungi kunda uni davolab bo‘lmaydi, faqat simptomlarni yengillashtirish mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.