Dunyo

Melaniya Tramp Rossiya va Ukraina vakillarini Oq uyda uchrashtirmoqchi

Uchrashuv 5-noyabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda Oleshkidagi gumanitar operatsiya muhokama qilinadi. Rossiya va Ukrainadan kimlar ishtirok etishi hozircha noma’lum.

Melaniya Tramp Rossiya va Ukraina vakillarini Oq uyda uchrashtirmoqchi

AQSH birinchi xonimi Melaniya Tramp Oq uyda Rossiya va Ukraina vakillarini uchrashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oq uy ma’lum qildi. Uchrashuv 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shu kuni Melaniya Tramp Xerson viloyatining Rossiya nazorati ostidagi Oleshki shahrida o‘tkazilgan gumanitar operatsiya yuzasidan nutq so‘zlaydi.

“Birinchi xonim Melaniya Tramp hozir urush holatida bo‘lgan ikki davlat — Rossiya va Ukraina vakillarini Oq uyda shaxsan bir joyga to‘playdi. Bu voqea Amerika tarixida o‘ziga xos hodisa bo‘ladi”, — deyiladi Oq uy bayonotida.

Uchrashuvda Moskva va Kiyev nomidan aynan kimlar qatnashishi hozircha noma’lum.

23-oktyabr kuni Oq uy Rossiya va Ukraina Oleshki aholisini xavfsiz evakuatsiya qilish uchun otashkesimga kelishganini e’lon qilgandi. Kelishuvga Melaniya Tramp ishtirokida erishilgani aytilgan.

Tomonlar 27-oktyabrdan 1-noyabrgacha jangovar harakatlarni to‘xtatib, Oleshkida qo‘shma gumanitar operatsiya o‘tkazdi. Shahar aholisi Rossiya yoki Ukrainaga evakuatsiya qilinish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Operatsiyani Rossiya tomonidan inson huquqlari bo‘yicha vakil Yana Lantratova, Ukraina tomonidan esa ombudsman Dmitriy Lubinets nazorat qilgan.

Le Monde ma’lumotiga ko‘ra, Oleshkidan tinch aholini evakuatsiya qilish operatsiyasini aslida Rossiya va Ukraina razvedka xizmatlari tayyorlagan. Biroq u jamoatchilikka Melaniya Tramp vositachiligida amalga oshirilgan tashabbus sifatida taqdim etilgan.

Oleshki shahri 2022-yilda Rossiya nazoratiga o‘tgan. 2026-yil kuziga kelib shaharda gumanitar vaziyat keskin og‘irlashgan. Aholi oziq-ovqat, elektr energiyasi va zarur tibbiy yordam yetishmovchiligiga duch kelgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.