Meksika Panama kanaliga muqobil yo‘l qurmoqda — Bloomberg

Meksika Panama kanaliga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi transport yo‘lagini Teuantepek bo‘yni orqali tezda ishga tushirishga harakat qilmoqda. Bloomberg xabariga ko‘ra, mamlakat bu yo‘nalishni Panama kanali, Hormuz bo‘g‘ozi va Qizil dengizdagi muammolar tufayli beqarorlashgan global savdo yo‘llariga muqobil variant sifatida ko‘rmoqda. Loyihaga allaqachon kamida 70 milliard peso (taxminan 4 milliard dollar) sarflangan.
Bu loyiha Meksikaning Koatssakoalkos portini Tinch okeani sohilidagi Salina-Krus porti bilan bog‘laydigan 308 kilometrlik temiryo‘l koridori (CIIT) haqida.
Meksika hukumati yangi yo‘nalish jahon logistikasidagi tirband yoki beqaror marshrutlarga yechim bo‘lishiga umid qilmoqda. Misol uchun, qurg‘oqchilik tufayli Panama kanalida kemalarning kutish muddati bir necha kundan uch haftagacha cho‘zilgan. AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik fonida Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakat deyarli to‘xtagan. Qizil dengizda esa savdo kemalari husiylar hujumi xavfi ostida qolmoqda.
Biroq, Bloomberg ta’kidlashicha, yangi koridor yaqin vaqt ichida jahon savdo yo‘nalishlarini tubdan o‘zgartirishi dargumon. Hatto hukumatning optimistik prognoziga ko‘ra, 2035-yilga borib koridor orqali yiliga 1,4 millionta konteyner tashilishi mumkin. Taqqoslash uchun, hozir Panama kanali orqali yiliga qariyb 20 millionta konteyner o‘tadi.
Ayni paytda ikkala port ham asosan tranzit konteynerlardan ko‘ra neft, neft mahsulotlari va kimyoviy moddalar kabi yuklar bilan ishlamoqda.
"Meksika nihoyat bir asrdan ortiq tarixga ega bo‘lgan logistika orzusini amalga oshirishga urinmoqda va buni jiddiy qilayotganga o‘xshaydi", dedi Bloomberg’ga davlat infratuzilmasi bo‘yicha ekspert Marko Kansino.
Biroq, geografik ustunlikni to‘laqonli sanoat koridoriga aylantirish oson bo‘lmaydi. Loyihaga murakkab relyef, zaif infratuzilma, mamlakat janubidagi qashshoqlik va Meksikaning markaziy hamda shimoliy hududlaridagi asosiy ishlab chiqarish markazlaridan uzoqlik to‘sqinlik qilmoqda.
"Endi hukumatning vazifasi koridorni shunchalik jozibador qilishki, uning hayotiy logistika yo‘nalishi ekaniga hech kim shubha qilmasin. Hozircha esa jiddiy shubhalar mavjud", deya qo‘shimcha qildi Kansino.
**Loyihaning tarixi bir asrdan oshadi**
Teuantepek bo‘yni orqali transport yo‘lagi qurish g‘oyasi bir asrdan ko‘proq tarixga ega. 1907-yilda Meksika prezidenti Porfirio Dias ushbu hudud orqali o‘tuvchi temiryo‘lni ochgan. Biroq, bir necha yil o‘tib Meksika inqilobi va 1914-yilda Panama kanalining ishga tushirilishi sabab loyihaning rivojlanishi to‘xtab qolgan.
Ushbu g‘oyaga 2018-yilda Andres Manuel Lopes Obrador hokimiyatga kelganidan keyin yana qaytilgan. O‘sha paytda eski temiryo‘lni tiklash va sanoat parklarini tashkil etish uchun maydonlarni tayyorlash boshlangan.
Uning vorisi, Meksikaning amaldagi prezidenti Klaudiya Sheynbaum esa rejani kengaytirib, 14 ta "rivojlanish xabi"ni tashkil etishni ko‘zda tutgan. Koridor iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishga qaratilgan asosiy loyihalardan biriga aylangan.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Sheynbaum loyiha ustidan shaxsan nazorat o‘rnatgan va uning rivojlanishiga bag‘ishlangan yig‘ilishlarni har ikki haftada o‘tkazadi.
Hozircha 14 ta hududdan faqat beshtasiga konsessiya — davlat tomonidan beriladigan faoliyat yuritish ruxsati berilgan. Avvalgi hukumatlar tomonidan berilgan kamida ikkita ruxsat esa kompaniyalar investitsiya majburiyatlarini bajarmagani sabab bekor qilingan.
Loyihaning asosiy muammolaridan biri elektr energiyasi ta’minoti bo‘lib qolmoqda. Bloomberg yozishicha, koridor hududidagi maydonlarning aksariyati atigi 30 megavatt atrofidagi elektr quvvatiga ega. Holbuki, allaqachon ma’qullangan alyuminiy ishlab chiqarish loyihalaridan biriga qariyb 400 megavatt elektr energiyasi kerak.
Meksika hukumati elektr podstansiyasi qurilishini va’da qilgan, biroq uning qachon ishga tushirilishi bo‘yicha aniq muddat belgilanmagan. Temiryo‘lning o‘zida ham muammolar mavjud. Dekabr oyida koridorning asosiy qismida yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketgan. Hodisa oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan, 98 kishi jarohatlangan. Iyul oyida shu yo‘nalishda yuk poyezdi ham relsdan chiqib ketgan. Bu safar hech kim jabrlanmagan, hodisa sabablari o‘rganilmoqda.
Texas A&M universiteti professori Jan-Pol Rodrig jahon savdosida katta "inersiya" mavjudligini, uni o‘zgartirish uchun katta sa’y-harakat talab etilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi global logistika inqirozlari kompaniyalarni yangi transport yo‘nalishlariga o‘tishga undash uchun yetarli turtki bo‘ladimi yoki yo‘qmi — hozircha noma’lum.

