Mehnat inspeksiyasi: ayrim hokimliklar xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga noqonuniy jalb qilishda davom etmoqda
Barcha hokimliklarga ogohlantirish xatlari yuborilganiga qaramay, qonunbuzilish holatlari to‘xtamagan. Aniqlangan holatlar yuzasidan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilmoqda.

Mehnat inspeksiyasi: ayrim hokimliklar xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga noqonuniy jalb qilishni davom ettirmoqda
O‘zbekistonda ayrim hokimliklarda xodimlarni belgilangan ish vaqtidan tashqari qonunga zid ravishda ishlarga jalb etish holatlari hanuz davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiya barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklariga ish vaqti rejimiga rioya qilish hamda xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga qonunchilik talablariga zid tarzda jalb qilmaslik yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborgan.
Shunga qaramay, ayrim hokimliklarda xodimlarni belgilangan ish vaqtidan tashqari ishlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etmoqda. Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan qonunbuzilishlar bo‘yicha mansabdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasi barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklarini mehnat qonunchiligiga rioya qilish borasida yana bir bor ogohlantirdi.
“Xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishda mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etilishi shart”, deyiladi inspeksiya xabarida.
Qayd etilishicha, ish vaqti va dam olish vaqti rejimiga amal qilish xodimlarning sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati hamda oilaviy hayotini muhofaza qilishning muhim kafolati hisoblanadi.
“Xodimning dam olish huquqini buzish — uning qonun bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini buzish demakdir”, deya ta’kidladi inspeksiya.
Idora har bir murojaat nazoratga olinishi va aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida ham Davlat mehnat inspeksiyasi ayrim hududlarda xodimlarni ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlarida turli topshiriqlarni bajarishga majburan jalb qilish yuzasidan murojaatlar kelib tushayotganini ma’lum qilgandi.
O‘shanda inspeksiya majburiy mehnat qonunchilik bilan taqiqlanganini, xodimlarni jazo yoki bosim tahdidi ostida, ularning roziligisiz ishlashga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan edi.

