Dunyo

Meduzalar sabab Fransiyaning eng yirik AESda reaktorlar o‘chirildi

**Meduzalar tufayli Fransiyaning yirik atom elektr stansiyasida reaktorlar to‘xtatildi**

10-avgust kuni kechqurun Fransiyaning Gravelines atom elektr stansiyasida ko‘p miqdorda meduzalar to‘planishi sababli uchta reaktor o‘chirildi. Bu haqda stansiya operatori EDF kompaniyasi ma’lum qildi.

Mamlakat shimolida joylashgan ushbu AES Fransiyadagi eng yirik stansiyalardan biri hisoblanadi. U Shimoliy dengizga ulangan kanal suvi bilan sovutiladi. Stansiya oltita blokdan iborat bo‘lib, ularning har biri 900 megavatt, jami esa 5,4 gigavatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Meduzalar to‘planishi natijasida 2, 3 va 4-reaktorlar tarmoqdan uzildi. Profilaktika chorasi sifatida 1-reaktorning quvvati 50 foizgacha cheklandi. 5-reaktor rejadagi ta’mirlash ishlari tufayli avvaldan o‘chiq edi. 6-reaktor esa to‘liq rejimda ishlashni davom ettirmoqda.

Stansiya 2025-yilda to‘liq o‘chib qolgan edi. Shundan so‘ng operator kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun yangi kuzatuv va baliq tutish usullarini joriy qilgan. Muhandisning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, EDF kanallarga va filtr barabanlariga maxsus kameralar o‘rnatgan. Bu tiqilmalarni imkon qadar erta aniqlashga yordam beradi.

Shuningdek, kompaniya Fransiya baliqchilik tashkiloti va dengizda qutqarish xizmati bilan hamkorlik o‘rnatgan. Ular meduzalar to‘dasini kuzatadi. Agar xavf aniqlansa, baliqchilar meduzalar stansiyaga yetib kelmasidan oldin ularni to‘rlar bilan tutib, to‘da zichligini kamaytiradi.

Dastlabki ogohlantirishdan so‘ng 8-avgust kuni baliqchilik kemalari safarbar qilindi. Bu bilan meduzalar yetkazadigan zararni kamaytirish ko‘zlangandi. Stansiya hududiga kirib bo‘lgan meduzalar esa maxsus vakuumli yuk mashinalari yordamida tozalanmoqda. Yangi meduzalar oqimi yo‘qligi sababli tozalash ishlari yakunlanmoqda.

Bu reaktorlar faoliyatini tez orada qayta tiklash imkonini beradi. EDF kompaniyasining ta’kidlashicha, ushbu vaziyat inshoot xavfsizligiga, xodimlarga yoki atrof-muhitga hech qanday xavf tug‘dirmaydi.

Olimlarning ogohlantirishicha, global isish, begona turlarning paydo bo‘lishi, yirtqichlarning kamayishi va baliqlarning me’yordan ortiq tutilishi sababli bunday holatlar tez-tez takrorlanishi mumkin.

Bundan tashqari, EDF mamlakat bo‘ylab issiqlik sababli quvvati cheklangan boshqa reaktorlar muammosiga ham duch kelmoqda. Chunki haftalardan beri davom etayotgan beshinchi issiqlik to‘lqini Fransiya AESlarida elektr energiyasi ishlab chiqarishni qisqartirishi kutilmoqda.

Shimoldagi bitta reaktor daryolardagi suv sathining pasayishi sababli yozning aksariyat qismida o‘chiq bo‘ldi. Yana bir reaktor esa iyul oyida faoliyatini to‘liq tiklay olmadi va asosan o‘chiq holatda qolmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.