Texnologiya

McKinsey kompaniyasining 2026 yilgi texnologik tendensiyalar sharhi

McKinsey kompaniyasining «Texnologik tendensiyalar – 2026» hisobotida jahon iqtisodiyoti va biznes rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan 14 ta texnologik yo‘nalish tahlil qilingan.

McKinsey kompaniyasining 2026 yilgi texnologik tendensiyalar sharhi

«Texnologik tendensiyalar – 2026» sharhida biznes, iqtisodiyot va jamiyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatayotgan 14 ta yo‘nalish alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Texnologik transformatsiya energetika, robototexnika, sanoat, transport, kosmik texnologiyalar va biomuhandislik sohalarini qamrab olmoqda.

Sun’iy intellekt texnologik transformatsiyaning markaziga aylanmoqda

Sun’iy intellekt (SI) rivoji to‘rtta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.

Agentli sun’iy intellekt (9,9 mlrd dollar investitsiya) ko‘p bosqichli vazifalarni mustaqil ravishda rejalashtirish va bajarish, korporativ tizimlar bilan ishlash hamda o‘zgarishlarga moslashish imkonini beradi.

Dasturiy ta’minotni agentli ishlab chiqish (4,9 mlrd dollar) dastur kodini yozish, sinovdan o‘tkazish va xatolarni bartaraf etishda sun’iy intellektdan foydalanishni nazarda tutadi.

Ilmiy tadqiqotlar va muhandislikda sun’iy intellekt (7,9 mlrd dollar) ilmiy gipotezalarni ilgari surish, modellashtirish va tajribalar o‘tkazish jarayonlarini tezlashtiradi.

Mazkur yo‘nalishlarning texnologik poydevorini sun’iy intellekt infratuzilmasi va modellar arxitekturasi (145 mlrd dollar) tashkil etadi. Ular ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli platformalar va fundamental modellarni qamrab oladi.

Ma’lumot uchun: 2025 yilda ushbu to‘rtta yo‘nalishga yo‘naltirilgan investitsiyalar 167,7 mlrd dollarni tashkil etdi. 2024 yilga nisbatan agentli sun’iy intellekt sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 952 foizga, dasturiy ta’minotni agentli ishlab chiqishda 221 foizga, ilmiy tadqiqotlar va muhandislikda 18 foizga, sun’iy intellekt infratuzilmasi sohasida esa 47 foizga oshdi.

Hisoblash quvvatlari, chiplar va kiberxavfsizlik

Sun’iy intellektning rivojlanishi hisoblash jarayonlarini tezlashtirish va energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan yarimo‘tkazgichlarga (41,6 mlrd dollar investitsiya) bo‘lgan talabni kuchaytirmoqda. Sun’iy intellekt vazifalarini bajarish uchun chiplar va dasturiy ta’minotni birgalikda ishlab chiqish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ilg‘or aloqa texnologiyalari (60,5 mlrd dollar) ma’lumotlar uzatilishini ta’minlaydi. 5G va 6G tarmoqlari, sun’iy yo‘ldosh aloqasi, buyumlar interneti hamda sun’iy intellekt asosida boshqariladigan tarmoqlar rivojlanmoqda.

Shu bilan birga, kiberxavfsizlik va raqamli tizimlar ishonchliligi (77,5 mlrd dollar) ahamiyati ortib bormoqda. Sun’iy intellekt kibertahdidlarni aniqlashda ham, kiberhujumlarni amalga oshirishda ham qo‘llanilmoqda. Shu sababli zamonaviy identifikatsiya tizimlari, «nol ishonch» arxitekturasi va kvant hisoblashlariga bardoshli kriptografiyaga ehtiyoj kuchaymoqda.

Ma’lumot uchun: 2025 yilda mazkur yo‘nalishlarga kiritilgan jami investitsiyalar 179,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Ixtisoslashtirilgan yarimo‘tkazgichlar sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 22 foizga, ilg‘or aloqa texnologiyalarida 10 foizga, kiberxavfsizlik sohasida esa 6 foizga oshdi.

Energiya ta’minoti sun’iy intellekt rivojlanishining strategik shartiga aylanmoqda

Sun’iy intellekt va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining rivojlanishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bunda hisoblash quvvatlarining kengayishi elektr tarmoqlari va energetika infratuzilmasi rivojidan oldinga chiqib ketmoqda. Barqaror va ishonchli energiya ta’minoti texnologiyalar sektorining raqobatbardoshligini belgilovchi omillardan biriga aylanmoqda.

Kelajak energetikasi va barqaror rivojlanish texnologiyalari (194,2 mlrd dollar investitsiya) energiyani saqlash tizimlari, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, atom energetikasi, vodorod texnologiyalari va boshqa past uglerodli yechimlarni qamrab oladi.

Ma’lumot uchun: 2025 yilda kelajak energetikasi va barqaror rivojlanish texnologiyalari sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilga nisbatan 19 foizga kamaydi.

Robototexnika va jismoniy sun’iy intellekt

Sun’iy intellekt, sensorlar va boshqaruv tizimlarining rivojlanishi jismoniy sun’iy intellekt texnologiyalariga o‘tishni tezlashtirmoqda. Ushbu texnologiyalar robotlarga makonda mustaqil harakatlanish, qaror qabul qilish va insonlar bilan hamkorlik qilish imkonini beradi.

Robototexnika (19,5 mlrd dollar investitsiya) bunday yechimlarning sanoat, logistika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qo‘llanishini kengaytirmoqda.

Sanoatda mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va qo‘l mehnati ulushini kamaytirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun: 2025 yilda robototexnika sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilga nisbatan 12 foizga oshdi.

Mobillik, kosmik va kvant texnologiyalari

Kelajak mobillik texnologiyalari (63,5 mlrd dollar investitsiya) elektromobillar, avtonom transport vositalari, uchuvchisiz uchish apparatlari, intellektual boshqaruv tizimlari va quvvatlash infratuzilmasini o‘z ichiga oladi. Ushbu texnologiyalar transport xizmatlari samaradorligini oshirish va tashish jarayonlarini avtomatlashtirishga xizmat qiladi.

Kosmik iqtisodiyot (15,7 mlrd dollar) sun’iy yo‘ldosh aloqasi, Yerni masofadan kuzatish va kosmik xizmatlarni rivojlantirishni qamrab oladi. Bu ma’lumotlar uzatish va monitoring imkoniyatlarini kengaytiradi.

Kvant texnologiyalari (13,3 mlrd dollar) murakkab hisoblashlar, modellashtirish, himoyalangan aloqa va yuqori aniqlikdagi o‘lchashlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Ma’lumot uchun: 2025 yilda ushbu uchta yo‘nalishga kiritilgan jami investitsiyalar 92,5 mlrd dollarni tashkil etdi. 2024 yilga nisbatan kelajak mobillik texnologiyalari sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 11 foizga, kvant texnologiyalari sohasida esa 46 foizga kamaydi.

Biotexnologiyalar va muhandislik yechimlari

Biologiya fanlari va biomuhandislik (101 mlrd dollar investitsiya) yangi dori vositalari, gen va hujayra terapiyasi, diagnostika tizimlari hamda innovatsion materiallarni yaratish uchun sun’iy intellekt, biologiya, kimyo va muhandislik fanlari yutuqlarini birlashtiradi.

Ushbu texnologiyalarning tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va sanoatda qo‘llanishi kengayib bormoqda.

2025 yilda biologiya fanlari va biomuhandislik sohasida bo‘sh ish o‘rinlari soni 2024 yilga nisbatan 10 foizga qisqardi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.