Maykl Olise tizzasidan jarohat oldi. U “Atletiko”ga qarshi oʻyinini oʻtkazib yuborishi mumkin
Futbolchi ayni paytda Myunxen klubining mashgʻulot bazasida davolanmoqda.

Maykl Olise tizzasidan jarohat oldi va “Atletiko”ga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishi mumkin
“Bavariya” vingeri Maykl Olise Chempionlar Ligasining 4-turida “Atletiko Madrid”ga qarshi o‘yinda maydonga tushmasligi ehtimoli bor. Bu haqda LʼEquipe xabar berdi.
Fransiyalik futbolchi Bundesliganing 9-turida “Borussiya Dortmund”ga qarshi kechgan uchrashuvda (2:2) o‘ng tizzasidan jarohat olgan.
Hozirda u Myunxendagi klub mashg‘ulot bazasida davolanmoqda. Olisening qachon safga qaytishi hozircha aniq emas.
Futbolchi bugun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Tekshiruv natijalariga qarab, “Bavariya” uning jamoa bilan Madridga borishi yoki bormasligi haqida qaror qiladi.
Bu mavsumda 24 yoshli Olise Bundesligada 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. Shuningdek, Chempionlar Ligasidagi 2 ta o‘yinda 2 ta gol va 1 ta assist qayd etdi.

