Mayamidan Las-Vegasga 4 soatda - Gulfstream tezlik rekordini oʻrnatdi
Gulfstream G400 sinov samolyotlaridan biri Mayamidan Las-Vegasga toʻrt soat sakkiz daqiqada yetib borib, ushbu yoʻnalishda tezlik rekordini oʻrnatdi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, NBAA-BACE biznes aviatsiya koʻrgazmasiga yoʻl olgan samolyotning oʻrtacha tezligi soatiga 1090 kilometrni tashkil etgan.

Mayamidan Las-Vegasga 4 soatda — Gulfstream tezlik bo‘yicha rekord o‘rnatdi
Gulfstream Aerospace ko‘rgazmada G400 dasturidagi yana bir muhim bosqich — saloni to‘liq jihozlangan sinov samolyotining ilk parvozi haqida ham ma’lum qildi.
Ushbu samolyot AQShdagi Dallas-Lav-Fild aerodromidan uchgan. Parvoz 2 soat 46 daqiqa davom etgan, apparat 14,6 kilometr balandlikka ko‘tarilgan.
Sinov samolyoti saloni 11 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, kompaniya ta’rifiga ko‘ra, ichki makon ikki yarim zonaga bo‘lingan. Parvoz chog‘ida mutaxassislar salondagi bort tizimlarining balandlikda ishlashini, ularning funksionalligi va yo‘lovchilar uchun qulayligini tekshirgan.
Ikki dvigatelli G400 biznes-jeti 7780 kilometr masofaga mo‘ljallangan. To‘liq jihozlangan samolyotning havoga ko‘tarilishi sertifikatlash dasturidagi navbatdagi qadam bo‘lgan.
Gulfstream Aerospace prezidenti Mark Berns jurnalistlar bilan uchrashuvda sertifikat olishning aniq muddatini aytmagan. Biroq u dastur «juda yaxshi ilgarilayotganini» va sertifikatlashga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan muammolarni ko‘rmayotganini bildirgan.
G400 parvoz sinovlari dasturiga jami to‘rtta samolyotni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Mayami - Las-Vegas parvozidagi natija esa aynan shu shaharlar o‘rtasidagi yo‘nalish rekordi sifatida e’lon qilingan.

