Masofaviy moliyaviy xizmatlarda firibgarlikka qarshi talablar kuchaytiriladi
Mijozlarga hisobvaraqdagi mablag‘larning istalgan qismini mustaqil bloklash va blokdan chiqarish imkoniyatini yaratiladi

Masofaviy moliyaviy xizmatlarda firibgarlikka qarshi talablar kuchaytiriladi
Markaziy bank masofaviy moliyaviy xizmatlarda kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda firibgarlikning oldini olishga qaratilgan minimal talablarni takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqdi.
Loyihada quyidagi asosiy o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan:
«Xavfsiz identifikatsiya».
SMS-koddan tashqari biometrik identifikatsiya va qurilmaga bog‘langan tasdiqlash usullaridan foydalanish.
«Mablag‘larni bloklash».
Mijozlarga hisobvaraqdagi mablag‘larning istalgan qismini mustaqil ravishda bloklash va blokdan chiqarish imkoniyatini yaratish.
«Firibgarlikning oldini olish».
Shubhali operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish tartibini joriy etish.
«Zararli dasturlardan himoya».
Mijoz qurilmasida zararli dasturlar aniqlanganda uni bir soat ichida xabardor qilish va muhim operatsiyalarni cheklash.
«Muqobil identifikatsiya».
Biometrik tekshiruvdan o‘ta olmaydigan fuqarolar uchun boshqa tasdiqlash usullarini qo‘llash.
Shuningdek, banklarning kiberhodisalar haqida Markaziy bankni 24 soat ichida xabardor qilish majburiyati hamda hamkor tashkilotlar bilan ma’lumot almashish xavfsizligi bo‘yicha javobgarlik belgilanmoqda.
Qaror loyihasi bilan «regulation.gov.uz» (Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali) orqali tanishish va takliflar qoldirish mumkin.

