Banklar endi kreditning xavflari haqida mijozni oldindan ogohlantiradi
Yangi tartibga ko‘ra, banklar kredit reklamasi va shartnomasida qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida mijozni

Banklar endi mijozni kredit xavflari haqida oldindan ogohlantiradi
Markaziy bank boshqaruvining ayrim idoralararo normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarori Adliya vazirligida 2026-yil 30-sentyabrda 3948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi. Unga ko‘ra, banklar kredit reklamalarida qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik xavfli ekani haqida ogohlantirish berishi shart.
Rasm, video yoki audio shaklidagi reklamalarda bunday ogohlantirish reklama maydoni yoki vaqtining kamida 10 foizini egallashi kerak.
Kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida ogohlantirish joylashtiriladi. U sahifaning kamida 30 foizini egallashi kerak.
Ogohlantirishda qarz o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar ko‘rsatiladi. Jumladan, qarz miqdori ortishi, mol-mulk va bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larga undiruv qaratilishi hamda kredit tarixi buzilishi mumkinligi haqida axborot beriladi.
Kredit mahsuloti haqida mijozni chalg‘ituvchi reklama tarqatgan banklarga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llanilishi belgilangan.
Yangi tartib iste’molchilarga kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq hamda tushunarli ma’lumot olish imkonini beradi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan bir oy o‘tgach kuchga kiradi. Shundan so‘ng kredit reklamasi va shartnomalarida belgilangan ogohlantirish talablariga rioya etilishi kerak bo‘ladi.

