Mahalliy

Mashhur xitoylik pianinochi Lang Lang va Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri Samarqandda kontsert berdi

Zamonamizning eng mashhur pianinochilaridan biri Lang Lang Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri hamrohligida ilk bor Samarqandda chiqish qildi. Tarixiy Registon maydonidagi kontsert dasturidan Betxoven va Gershvin asarlari oʻrin oldi. Musiqiy kechada «Gazeta» ham ishtirok etdi.

Mashhur xitoylik pianinochi Lang Lang va Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri Samarqandda kontsert berishdi

Xitoylik pianinochi Lang Lang — jahon akademik musiqasidagi eng yorqin siymolardan biri. U dunyoning yetakchi orkestrlari bilan va eng yirik kontsert maydonlarida chiqish qiladi, shuningdek, Pekindagi 2008 yilgi Olimpiadaning ochilish marosimida ishtirok etgan.

Munaqqidlar uning nafaqat virtuoz texnikasini, balki sahnadagi ifodali manerasini ham yuqori baholashadi: pianinochi koʻzlarini yumadi, klaviatura ustiga egiladi va qoʻllarini royaldan keskin tortadi. The Guardian nashri Lang Langning 2025 yilda Londonning Barbican Hall zalidagi kontsertiga yozgan taqrizida uning hayratlanarli ritmik erkinligini alohida taʼkidlab oʻtdi — u hatto yaxshi tanish repertuarda ham improvizatsiya taassurotini yarata oladi.

Oʻtgan dam olish kunlari minglab tinglovchilar Samarqanddagi tarixiy Registon maydonida Lang Langning virtuoz ijrosini tinglashdi. Pianinochi dirijyor Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri bilan birgalikda chiqish qildi. Ushbu kontsert, xuddi 2024 yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan birinchi kontsert kabi, Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etildi.

Ikki yil avval Lang Lang «Oʻzbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida jahon klassikasi asarlaridan iborat yakkaxon dastur bilan chiqish qilgan edi. Pianinochining soʻzlariga koʻra, mahalliy tomoshabinlarning samimiy qabuli va akademik musiqaga boʻlgan qiziqishi unda alohida taassurot qoldirgan. Oʻshanda uning Samarqand bilan gʻoyibona tanishuvi ham boʻlib oʻtgandi.

«Kontsertdan keyin kechki ovqat paytida menga Samarqandning videosini koʻrsatishdi. Men: „Bu qayer?“ — deb soʻradim, chunki shahar xuddi „Ming bir kecha“ ertaklarining jonlangan tasviriga oʻxshardi. Tez orada men bu yerda chiqish qilish taklifini oldim va nihoyat Registonni oʻz koʻzlarim bilan koʻrdim. Ayniqsa, kechqurun, chiroqlar yonib, atrofdagi hamma narsa tushlar olamiga oʻxshab qolganda u juda goʻzal boʻlar ekan», — dedi Lang Lang.

Samarqandda Lang Lang va Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri Lyudvig van Betxovenning fortepiano va orkestr uchun 5-sonli kontsertini («Imperator») va Jorj Gershvinning «Blyuz uslubidagi rapsodiya»sini ijro etishdi.

«Registon — Sharq va Gʻarb uchrashadigan ajoyib tarixiy maskan. Shuning uchun bu yerda men ikki xil musiqa madaniyatini: Betxovenning Yevropa klassikasi va Gershvinning Amerika jazini birlashtirishni xohladim», — deya tushuntirdi pianinochi.

Chiqish arafasida pianinochi Samarqandning tarixiy obidalarini koʻzdan kechirdi va orkestr bilan birgalikda maydonda kechki repetitsiya oʻtkazdi.

«Biz birgalikda atigi bir marta repetitsiya qildik, lekin darhol til topshishdik — xuddi anchadan beri tanishdek edik. Orkestrning Betxovenda ham, Gershvinda ham yangrashi menga juda yoqdi, ayniqsa musiqachilarning „Blyuz uslubidagi rapsodiya“da svingni (jazga xos ritmik pulsatsiya — tahr.) qanday his qilishlari tahsinga loyiq», — deya oʻrtoqlashdi pianinochi.

Birinchi boʻlib Lyudvig van Betxovenning Beshinchi fortepiano kontserti («Imperator») yangradi — bu kompozitorning beshta fortepiano kontsertidan oxirgisidir. U 1809 yilda, Vena Napoleon urushlarining harbiy harakatlari markazida qolgan paytda yaratilgan. «Imperator» nomi keyinroq paydo boʻlgan va Betxovenga tegishli emas. Kontsert kuchli birinchi qism bilan boshlanadi, soʻngra osoyishta adajio davom etadi va asar shiddatli final bilan yakunlanadi. Lang Lang juda emotsional tarzda chaldi: goh klaviatura ustiga egildi, goh kulminatsiya lahzalarida keskin qaddini rostladi.

Dasturning ikkinchi qismida Jorj Gershvinning «Blyuz uslubidagi rapsodiya»si yangradi. Uning klarnetdagi mashhur kirish glissandosi asarning jaz ohangini darhol belgilab beradi. Rapsodiya 1924 yilda Pol Uaytmenning Nyu-Yorkdagi Aeolian Hall zalida boʻlib oʻtgan «Zamonaviy musiqadagi tajriba» kontserti uchun yozilgan boʻlib, unda Gershvinning oʻzi fortepiano partiyasini ijro etgan. Asarda jaz va kontsert musiqasi anʼanalari elementlari, blyuz intonatsiyalari va sinkopali ritmika birlashadi. Betxovendan keyin Lang Langning ijrosi yanada erkinroq va ekspressiv boʻldi.

Asosiy dastur tugaganidan soʻng, tomoshabinlar artistlarni uzoq vaqt qoʻyib yuborishmadi. Davomli qarsaklar ostida Lang Lang tomoshabinlarga bir necha bor taʼzim qilib, sahnani tark etdi, shundan soʻng orkestr olqishlarga javoban Anor Nazarovning «Taronalar bazmi» bayramona asarini ijro etdi.

Lang Lang va Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri yana bir bor birgalikda 2027 yilda Pekinda, Buyuk Xitoy devori etagida chiqish qilishadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.