“Mashaqqatlar uzra”. Harri Keyn yoʻli, akademiyalardagi bugungi holat haqida
Oʻtgan haftada “Bavariya”ning ingliz hujumchisi Harri Keyn “Oltin toʻp” sohibiga aylandi. U Maykl Ouendan keyingi 25 yillik tanaffusdan soʻng bu e’tirofga loyiq koʻrilgan ilk angliyalikdir. Maqolada uning bolalikdagi murabbiylari, shuningdek, “Tottenhem”da debyut qilishida katta rol oʻynagan murabbiy Tim Shervudning Keynning yoshligi, mamlakatdagi akademiyalardagi holatlar haqidagi fikrlarini oʻqiysiz.

“Mashaqqatlar uzra”. Harri Keyn yoʻli, akademiyalardagi bugungi holat haqida
1999-yil kuzida Devid Bekhemni ham yetishtirib chiqargan “Ridjuey Rovers” yoshlar futbol klubi navbatdagi yillik saralash mashgʻulotlarini oʻtkazayotgan edi. Mashgʻulotlarga “Tottenhem”ning uzoq yillik muxlisi, klubning sobiq skauti va futbolga chin dildan oshno Deyv Briknell boshchilik qilardi.
“Lougtondagi regbi klubiga olti yoshli bir bola keldi. Biz u yerda darvozaga zarba berish mashqlaridan iborat kichik mashgʻulot oʻtkazayotgan edik. Darvozabon boʻlishni kim xohlaydi, deb soʻradim, deb eslaydi Briknell, — “Bir bola qoʻlini koʻtarib: “Men darvozada turaman”, dedi. Unga qoʻlqop berdik. U esa bir nechta ajoyib seyvlarni amalga oshirdi. “Xayriyat, darvozabon topildi”, deb oʻyladim. Axir darvozabon topish, ayniqsa, olti yoshli bolalar orasida juda qiyin. Odatda, ular darvozada besh soniyacha turishadi-yu, keyin gol urishni istab qolishadi.
Keyin menga uning aslida darvozabon emas, maydon oʻyinchisi ekanini aytishdi. Uni maydonda sinab koʻrdim. Bolakay ketma-ket gollar ura boshladi. Hali juda yosh boʻlishiga qaramay, nihoyatda iqtidorli edi. Zarbasi kuchli, toʻpni nazorat qilishi aʼlo darajada. Ammo eng muhimi, u oʻz kuchiga behad ishonardi. Koʻp gol urardi. Biroq toʻp darvoza ustuni yonidan oʻtib ketsa ham, aslo tushkunlikka tushmasdi. Shunchaki, navbatdagi golni urish imkoniyatini izlab, yana harakat qilishda davom etardi”.
“Ridjuey Rovers” safida sakkiz yoshli Harri Keynning sermahsul oʻyiniga qoyil qolgan “Arsenal” uni oʻz akademiyasiga taklif qiladi. Biroq ikki yil oʻtgach, akademiya murabbiylari uning yoshidagi boshqa bolalar koʻproq istiqbolga ega, degan xulosaga kelishadi. “Uotford” ham Harrini sinovdan oʻtkazadi, ammo u yerdan ham rad javobini oladi.
Oʻn bir yoshida Keynning oldida soʻnggi imkoniyat qolgan edi: oʻzining jonajon “Tottenhem” klubi hamda Chingford Foundation maktabining futbol jamoasi. Harri bu imkoniyatni qoʻldan boy bermaslikka qatʼiy ahd qiladi.
“Harri oʻn bir yoshidayoq ajoyib texnikaga, toʻpni qabul qilish mahoratiga va oʻyinni chuqur tushunish qobiliyatiga ega edi. U doimo qayerga harakatlanishi kerakligini yaxshi bilardi, deydi Keynga jismoniy tarbiya fanidan dars bergan Mark Lidon.
Harri kriketni ham juda yaxshi oʻynardi. 7-sinfdan 10-sinfgacha toʻpni oʻyinga kirituvchi vazifasini bajargan, zarba berishda esa odatda toʻrtinchi yoki beshinchi oʻrinda turardi. Ammo uning eng sevimli mashgʻuloti futbol boʻlgan. U hech qachon oʻzini erkatoy yulduzdek tutmas, har bir ishga bor kuchini sarflardi. Ayrim oʻquvchilar oʻzlarini boshqalardan ustun deb hisoblashadi. Harri esa mutlaqo bunday emasdi”.
“Tottenhem” yoshlar jamoasining sobiq murabbiyi Aleks Ingltorp shunday hikoya qiladi:
“Men “Tottenhem”ga 18 yoshgacha boʻlganlar jamoasini boshqarish uchun kelganimda, Harri oʻn uch yoshda edi. Shu bilan birga, 14 yoshgacha boʻlganlar jamoasi bilan ham ishlash vazifasi menga yuklatilgandi. Shu sababli har chorshanba oqshomida barchamiz bir joyga yigʻilardik. Qani endi, biz uning kelajakda buyuk yulduz boʻlishini oʻshandayoq payqaganmiz, deb ayta olsam. Ammo bu yolgʻon boʻlib qoladi. Ehtimol, u hatto eng yaxshi uch nafar futbolchi qatoriga ham kirmagan. Texnikasi ajoyib edi: toʻp uzata olar, uni qabul qilar va darvozaga zarba bera olardi. Biroq uning eng yoqimli jihati — u bilan ishlash nihoyatda oson edi”.
Ingltorp 2009 yil iyul oyida, 16 yoshli Harri Keyn “Tottenhem” bilan akademiya stipendiyasi toʻgʻrisidagi shartnomani imzolaganini eslaydi. Ingltorp hamkasblari Jon Makdermott, Kris Remzi, Les Ferdinand va Tim Shervud bilan birga hali kamol topishi kerak boʻlgan yosh iqtidorni rivojlantirishga kirishadi.
“Harri akademiya stipendiyasini olganidan keyin koʻp oʻtmay, hujumlarni samarali yakunlash uning kuchli jihati ekani ayon boʻldi. U boshi bilan yaxshi oʻynamas, chap oyogʻidan ham unchalik ishonchli foydalana olmasdi. Ammo oʻzining eng yaxshi murabbiyi oʻzi edi. Hali koʻp narsani oʻrganishi lozim boʻlgan oʻsha oʻn uch yoshli bola keyingi besh yil davomida mustaqil ravishda juda koʻp koʻnikmalarni oʻzlashtirdi. U nimalar yetishmayotganini, qaysi kamchiliklari muvaffaqiyatga erishishiga toʻsqinlik qilishi mumkinligini juda yaxshi anglardi. Ularni bartaraf etishga qattiq bel bogʻlagan edi.
Harri oʻzini oʻzi baholay olar, oʻyinini mustaqil tahlil qilardi. Bizningdek kattalar kabi oʻtirib, oʻyinni tahlil qilishga hojat ham yoʻq edi. U muvaffaqiyatga qanday erishish kerakligini oʻz xayolida oʻzi anglab olardi.
U bilan futbolchi sifatida ishlash juda yoqimli edi. Chunki u mashgʻulotdan keyin ham qolib, qoʻshimcha shugʻullanishni istardi: “Yana qilaylik, yana bir necha marta darvozaga zarba beraylik!” Mening vazifam juda oddiy edi: toʻpni butalar orasidan topib olib, mashqni qayta boshlash.
Bizdan talab qilingani — unga takomillashtirishi kerak boʻlgan jihatlar ustida ishlash imkoniyatini yaratib berish edi, xolos. Bosh bilan oʻynash, chap oyoqdan foydalanish kabi koʻnikmalarni rivojlantirish. Yanada yaxshi boʻlishga boʻlgan ana shu ishtiyoq, shubhasiz, uning eng katta fazilatidir”, deb eslaydi Ingltorp.
Yoshlar jamoasining sobiq murabbiyi va “Tottenhem”ning sobiq bosh murabbiyi Tim Shervud:
“Harri xuddi har bir kuni hayotining soʻnggi kunidek mashq qilardi. U bilan suhbatlashganingizda, har bir soʻzingizni naqadar diqqat bilan tinglashini sezasiz. U maʼlumotni xuddi oʻziga singdirib oladi va doimo nimanidir oʻrganishga intiladi. Biror narsani tushunmasa, savol berardi. U bilan ishlash har qanday murabbiyning orzusi edi: bir marta tushuntirishning oʻzi kifoya, hammasini eslab qolar, keyin esa olgan bilimlarini maydonda qoʻllashga harakat qilardi”.
2011 yil yanvarida 17 yoshli Keyn Angliyaning uchinchi divizioni — Liga 1 da ishtirok etayotgan “Leyton Orient” klubiga ijara asosida yuboriladi.
“Rochdeyl”ga qarshi safardagi uchrashuvda Garri 73-daqiqada Skott Makglishning oʻrniga maydonga tushadi. Makglish 36 yoshli tajribali futbolchi boʻlib, Angliya ligalaridagi 572 uchrashuvda 216 ta gol urgan, gol urish uchun zarur boʻlgan mahorat va mehnatni hayotining mazmuniga aylantirgan futbolchi edi.
“Harri bu yerga kelib, oʻzini katta ola boshlaydigan, goʻyo boshqalardan ustun odamdek tutadigan Premer-liganing ayrim futbolchilariga aslo oʻxshamasdi, deydi Makglish, — u men “haqiqiy erkaklar futboli” deb ataydigan muhitda tajriba orttirishni istardi. Albatta, U18 va U21 jamoalarda qolib oʻynashi mumkin edi. Ammo u oʻrganishni xohladi. Ilk kunlardanoq jamoadagi oʻrni uchun kurashishga tayyor ekani sezilib turardi.
Harri avval “Leyton Orient”ga borib, tajriba orttirishga tayyor boʻldi. Menimcha, bu uning katta yutugʻi edi. U bir pogʻona pastga tushib, Liga 1 da oʻynashga rozi boʻldi. Bu yerda futbol ancha jismoniy kuchga tayanadi, texnik mahorat esa nisbatan kamroq ahamiyat kasb etadi. Hamma narsa katta tezlikda sodir boʻladi. 21 yoshgacha boʻlganlar jamoasining xotirjam muhitidagi oʻyinlardan mutlaqo farq qiladi”.
Keynning “Leyton Orient” safida asosiy tarkibda tushgan toʻqqizta uchrashuvda beshta gol urishi Chempionshipda qiyinchiliklarga duch kelayotgan “Milluoll” eʼtiborini tortadi. Klub bosh murabbiyi Kenni Jekett Shervud bilan “Uotford”da birga ishlagan edi.
2012 yilning birinchi kuni “Nyu-Den” stadionida 18 yoshli Keynni klubning tajribali futbolchilaridan biri — faoliyati davomida 10 marta qizil va 85 ta sariq kartochka olgan, qattiqqoʻl himoyachi Alan Dann kutib oladi.
“Men “Nyu-Den”ga kelib, oʻzini yoʻqotib qoʻygan koʻplab futbolchilarni koʻrganman. Hali besh daqiqa oʻtmay, ular oʻzlari hech qachon eshitmagan haqoratli soʻzlarni eshitishar va bunday bosimga dosh bera olmasdilar, — deydi Dann.
Harri bu haqda yaxshi bilardi. Chunki jamoaga yosh futbolchilar kelganida bunday narsalar haqida doimo gapiriladi. Ammo bu uni zarracha ham dovdiratmadi. U oʻziga ishongan, diqqatini jamlay oladigan yigit edi. Buni oʻzi uchun sinov deb bildi va undan munosib oʻtdi. Men eng mahoratli futbolchi emasdim, ammo juda joʻshqin va murosasiz oʻyinchi edim. Hech qachon yakkama-yakka kurashdan qochmas, gʻalaba uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilardim. Harri buni koʻrib turardi. “Milluoll”da agressiv oʻynash, klub bilan faxrlanish va bu libosni kiyishga chindan ham munosib ekaningni koʻrsatish kerakligini tushunardi. U oʻn sakkiz yoshidayoq bularning barchasini uddaladi”.
Shervud qoʻshimcha qiladi:
“Men “Milluoll”dagi Harrining oʻyinlarini tez-tez kuzatib borardim. U yerdagi muhit haqiqatan ham dahshatli darajada bosimli edi. Bir kuni skautlarimizdan birining oʻsha paytda “Tottenhem”ni boshqarayotgan Harri Rednapp bilan suhbatini eshitib qoldim. Skaut “Keynni “Milluoll”dan olib ketishimiz kerak. Uning u yerda yurishiga hojat yoʻq”, deyayotgandi.
Men darhol gapga aralashib: “Nima deding? Axir bu uning uchun eng munosib muhit-ku! Biz uning qulay sharoitda boʻlishini istamaymiz. U doimo bosim ostida oʻynasin, shuni xohlaymiz”, dedim”.
Asosiy tarkibda maydonga tushgan 26 uchrashuvda 9 gol Keynga “Milluoll” muxlislarining mehrini qozonishga yordam beradi. Bu muxlislar anʼanaviy ravishda “Tottenhem”ni xush koʻrishmasdi. Mavsum yakunida Garri klubning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topiladi. Uning gollari esa jamoani quyi divizionga tushib ketishdan saqlab qoladi.
2012/13 yilgi mavsum boshiga kelib, oldimizda ancha yetuk va har tomonlama shakllangan hujumchi namoyon boʻladi. U yaqindan ham, uzoqdan ham gol ura olar, toʻp bilan harakatlanayotganda boshini koʻtarib ham, pastga egib ham oʻynay olardi.
“Uning gol urish usullari xilma-xilligi hayratlanarli edi. Bu mashgʻulotlarda ham yaqqol koʻrinardi, — deydi Makglish. — U hujumlarni yakunlashning turli usullarini mashq qilar, oʻng va chap oyogʻida zarba berish, bosh bilan oʻynash ustida ish olib borardi. Ayrim hujumchilar klassik markaziy hujumchilar kabi harakat qilib, boʻsh hudud izlashadi. Harri esa endi qattiq nazorat ostida ham toʻpni qabul qila olar, qulay vaziyatga chiqib, zarba bera olardi. Himoyachiga qarshi yurib, uni aldab oʻtar va zarba yoʻllardi. Yoki jarima maydonchasi tashqarisidan zarba berib, toʻpni darvozaning yuqori burchagiga joylardi. U har ikki oyogʻida ham darvozaga aniq zarba bera olardi. Endi uning har bir zarbasi deyarli darvozabonni harakatga keltirishga majbur qilardi. Bu esa hujumchi uchun juda qimmatli fazilat”.
Dann qoʻshimcha qiladi:
“Uning zarbalarini bir soʻz bilan ifodalash kerak boʻlsa, bu soʻz — mukammallik. Kimdir “mukammal” degan taʼrif futbolga xos atama emas, deyishi mumkin. Ammo u qayta-qayta toʻpni darvozaning pastki burchagiga aniq joylardi. Noaniq yoki bejo zarbalar umuman boʻlmasdi. Har doim ham yuqori burchaklarga emas, aynan pastki burchaklarga. Qayta-qayta, bir xil aniqlik bilan”.
“U darvozaning burchaklariga aniq zarba berishni mustaqil mashq qilish orqali oʻrgandi, — deydi Ingltorp. — Bu ham boshqa har qanday koʻnikma kabi mahoratdir. Agar uni oʻzlashtirish uchun maqsadli ravishda ishlasangiz, albatta egallaysiz. Men hamma narsa faqat tugʻma iqtidorga bogʻliq, degan fikrga qoʻshilmayman. Men mehnat orqali rivojlanadigan iqtidorga ishonaman. Harri aynan shunday futbolchi.
U koʻp gol urishni istagan odam oʻng oyoqda ham, chap oyoqda ham gol ura olishi, darvozabon bilan yuzma-yuz qolganda ham, jarima maydonchasi tashqarisidan ham, ichida ham, bosh bilan ham toʻpni darvozaga yoʻllay olishi kerakligini tushundi. Va bularning barchasini oʻziga oʻzi oʻrgatdi. Hozir ham u oʻsha paytdagidek takomillashishga chanqoq”.
Makglish soʻzida davom etadi:
“Garri maydon chiziqlariga qarab, darvozaning qayerda joylashganini aniqlashni oʻrgandi. Maydondagi chiziqlar orqali oʻzining qayerda turganini biladi, demak, darvozaning joylashuvini ham tasavvur qila oladi. Shu sababli unga endi har safar boshini koʻtarib qarash shart emas. U maʼlum bir nuqtada turgan boʻlsa, toʻpga qanday usulda zarba berish kerakligini biladi. Bularning barchasi muntazam mashq va yanada yaxshi boʻlishga boʻlgan oʻta kuchli intilish tufayli shakllangan”.
“Bir kuni Garrining men hayotimda koʻrgan eng chiroyli gollaridan birini urganiga guvoh boʻldim, deydi Dann, — Bu mashgʻulot paytida sodir boʻlgandi. Gol goʻyo hech narsadan paydo boʻldi. Darvozabon toʻpni uzoqqa tepib yubordi. Garri esa toʻpni havodaligida, gol urish imkonsizdek tuyulgan burchakdan zarba berib, darvozaga kiritdi. Hammamizning ogʻzimiz ochilib qoldi. Bu mislsiz texnika va gʻoyatda mahoratli yakun edi. Boshqa biror futbolchi shunday urishga uringanida, millionta urinishdan bittasigina muvaffaqiyatli chiqishi mumkin edi”.
Keynning navbatdagi ijara safari oʻsha paytda Kris Xyuton boshqarayotgan “Norvich”da davom etadi. U ham “Tottenhem” bilan bogʻliq insonlardan biri edi. Biroq jarohat tufayli ijara muddati belgilanganidan oldin tugaydi.
2013 yil yanvarida 19 yoshli Garri Nayjel Pirson boshqarayotgan “Lester”ga yuboriladi. Ammo u asosiy tarkibdan joy ola olmaydi. Chunki uning raqobatchilari Kris Vud va Devid Nyudjent edi. U zaxira oʻrindigʻida oʻzi kabi qiyin davrni boshdan kechirayotgan boshqa bir hujumchi — Jeymi Vardi bilan yonma-yon oʻtirardi.
“Lester” “Nyu-Den”ga kelgan edi. Biz 1:0 hisobida oldinda borayotgan, men esa gol urgan edim, deb eslaydi Dann, — Keynning zaxiradan maydonga tushayotganini koʻrib: “Ha, endi muammolar boshlanishi mumkin”, deb oʻyladim. Men raqiblarning asabiga tegishni yaxshi bilardim. Shuning uchun uning yoniga borib, qulogʻiga shivirladim — “Harri, faqat anavi toʻpga yaqinlasha koʻrma, boʻlmasa seni ayab oʻtirmayman...”
U hatto menga qaramadi ham. Hech qanday ishora qilmadi, biror munosabat bildirmadi. Men uni qayta-qayta jahlini chiqarishga urindim, ammo hech qanday javob ololmadim. Vaholanki, bizga gʻalaba suvdek zarur boʻlgani uchun unga nisbatan juda qattiq oʻynashga ham tayyor edim”.
Yozda Keyn 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatiga joʻnatiladi. 2013 yil yozida Angliyaning 20 yoshgacha boʻlganlar terma jamoasiga murabbiylik qilgan Piter Teylor shunday deydi:
“U haqdagi birinchi taassurotim — naqadar yaxshi yigit bu. Ikkinchi taassurotim esa, Keyn faoliyatini yakunlaganda, hech narsadan afsuslanmaydi, chunki muvaffaqiyatli futbolchi boʻlish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qiladi, deb oʻyladim. Men Liga 1 va Liga 2 futbolchilari bilan ishlaganman. Ularning ayrimlariga bir xil narsalarni qayta-qayta eslatishga toʻgʻri kelardi. Harriga esa bir marta aytishning oʻzi kifoya edi. U juda ziyrak futbolchi. U har bir mashgʻulotdan zavq olardi, faqat bu nima uchun kerakligini tushunishi kifoya.
“Tottenhem”da oʻzgarishlar davri boshlanadi. Andre Villash-Boash lavozimidan ozod etiladi va uning oʻrnini Tim Shervud egallaydi. Shervud eng avvalo, yosh futbolchilarga ishonch bildirishga qaror qiladi. Agar Shervud “Tottenhem”ni boshqargan 148 kunlik davr boʻlmaganida, Keynning faoliyati butunlay boshqacha kechishi ham mumkin edi.
2014 yil 7 aprel kuni, 21 yoshga toʻlishiga atigi uch oy qolganida, Harri ilk bor Premer-liga uchrashuvida “Tottenhem”ning asosiy tarkibida maydonga tushadi. U “Sanderlend” darvozasiga gol uradi. Bir haftadan keyin “Vest Bromvich Albion”ga qarshi uchrashuvda ham oʻzini koʻrsatib, yana gol uradi.
“Harrini asosiy tarkibda maydonga tushirishni men aslo tavakkalchilik deb hisoblamaganman. Rostini aytsam, buni ancha oldinroq qilish kerak edi, deydi Shervud, — jamoada uning asosiy raqiblaridan biri Roberto Soldado edi. Ammo har bir mashgʻulotda Harri undan yaxshiroq oʻynardi. Taxminan uch haftadan keyin tarkibga oʻzgartish kiritishim va Harrini asosiy jamoaga qoʻshishim kerakligini angladim. U mening ishonchimni oqladi. Men Harri Keynga ishongan barcha insonlar orasida unga eng koʻp ishongan odam edim. Unda men birga oʻynagan Teddi Sheringem va Alan Shirerning fazilatlari mujassam, deb doimo hisoblaganman. Bu juda yuksak qiyos, ammo menimcha, mutlaqo oʻrinli”.
Endi Tim Shervud “Tottenhem” klubi yosh futbolchilarning navbatdagi avlodini munosib tarzda tayyorlay olmaganidan xavotirda. Uning nazarida, Keynning porloq yuksalishi ingliz klublari yosh futbolchilarga koʻproq ishonch bildirishga tayyor boʻlsalar, jahon darajasidagi qanchadan qancha iqtidorli futbolchilarni yetishtirib chiqarishlari mumkinligining yaqqol dalilidir.
“Bu klubning akademiyasi hozir mutlaqo boshqa holatga kelib qolgan. Uni hoziroq yopib, eshiklarini payvandlab tashlasa ham boʻladi. Axir, menga Harri Keyndan keyin akademiyada “Tottenhem”ning asosiy tarkibida muntazam oʻynashga yetarli darajada iqtidorli birorta ham futbolchi topilmadi, deb ayta olmaysiz-ku! Yo murabbiylar ularga imkoniyat berishmadi, yoki ular asosiy jamoa eshigini qatʼiyat bilan qoqishmadi. Klub bu yigitlarning ishonchini oqlamadi.
Men bu ishni oʻz nafsimni qondirish yoki akademiya tarbiyalanuvchilarini imkon qadar koʻproq asosiy tarkibga olib chiqish uchun qilmaganman. Men hammaga bir xil mezon bilan yondashardim. Bunday xulosalar chiqarishga haqli edim, chunki bu yigitlarni yaxshi tanirdim. Chunki oʻzim ham bu yoʻldan oʻtganman. Bolaligimda ilk bor asosiy jamoaga qoʻshilganimda, juda yomon oʻynaganman. Ammo menga yetarlicha uzoq vaqt ishonishdi. Avvaliga oʻrtacha darajaga, keyin esa yaxshi futbolchi darajasiga koʻtarilishim uchun imkoniyat berishdi. Men kimdir senga ishonishi va oʻzingni koʻrsatishing uchun imkoniyat yaratib berishi naqadar muhimligini yaxshi bilaman”.
Maurisio Pochettino Shervudning oʻrnini egallaganida, Keyn Premer-ligada gol urish uchun nimalar qilish kerakligini allaqachon anglab yetgan edi. Biroq Pochettinodan keyingi yetti yil davomida “Tottenhem”da yetti nafar bosh murabbiy almashdi va yosh futbolchilar uchun imkoniyatlar deyarli qolmadi.
Soʻnggi mavsumlarda Premer-ligada muntazam oʻynash imkoniyatiga ega boʻlgan akademiyaning yagona tarbiyalanuvchisi — Mayki Mur boʻldi.
“Men “Tottenhem” murabbiyi uchun natija koʻrsatish qanchalik muhimligini tushunaman. Ammo ular akademiyaga deyarli eʼtibor berishmaydi. Yoki daraxtdan Lionel Messi tushib qolishini kutishadi. Lekin bunday boʻlmaydi. Ular transfer bozoridan futbolchi izlashni yoki tajribali oʻyinchilardan yanada koʻproq samara olishga urinishni afzal koʻrishadi. Ular vaqt kutishga imkonlari yoʻqligini aytishadi. Men esa shunday javob bergan boʻlardim: 50, 75 yoki 100 million funtga sotib olingan futbolchilar ham ishonchni oqlamasligi mumkin”.
“Virtsning iqtidori borligini hammamiz bilamiz. U ajoyib futbolchi. U “Liverpul” safida allaqachon 50 dan ortiq uchrashuv oʻtkazdi. Endi ayting-chi, agar akademiya tarbiyalanuvchisi ham Virtsdek oʻynaganida, unga 50 ta uchrashuvda maydonga tushish imkoni berilgan boʻlarmidi? Hech qachon!
Transfer bozoridagi ishlar yetarli darajada yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Yosh futbolchilarning asosiy jamoaga yoʻli toʻsib qoʻyiladi, ularning oʻrnini esa obroʻsi va transfer narxi tufayli oʻrtacha saviyadagi futbolchilar egallaydi. Bu mutlaqo notoʻgʻri”, deydi Shervud.
Keyn oʻz imkoniyatiga ega boʻlganida, undan unumli foydalandi va shundan keyin ortiga qaramadi. Yana Shervudga soʻz beramiz:
“Harrining feʼl-atvori oʻziga xos edi. Hozir ham unda 16-18 yoshlaridagi oʻsha intilishni koʻraman. U hech qachon oʻzining imkoniyatlari chegarasiga yetdim, deb hisoblamaydi. Hamon yanada yaxshiroq boʻlishga intiladi. Biror narsani tushunmasa, savol berishdan hech qachon qoʻrqmagan. Tushunib olganidan keyin esa takomillashish uchun qoʻlidan kelgan barcha ishni qilgan.
Biz uning uchun ham, boshqa yigitlar uchun ham alohida rivojlanish dasturlarini ishlab chiqqan edik. Hozir esa juda koʻp murabbiylar yosh futbolchilarning kelajagini emas, oʻz karyerasini qurishni koʻproq oʻylashadi. Hamma narsa gʻalaba qozonishga qaratilgan. Rahbariyat murabbiylarni 21 yoshgacha boʻlgan jamoalar oʻrtasidagi chempionatlarda gʻolib boʻlgani uchun maqtaydi. Kimga kerak oʻsha U21? Bu musobaqalarda kim gʻolib boʻlgani hech kimni qiziqtirmaydi.
Men qatʼiy ishonaman: agar futbolchi 18 yoshigacha asosiy jamoaga kira olmasa, unga boshqa yoʻl topish kerak. U kattalar futbolida oʻynashi lozim. Ammo bu yigitlar uchun hech kim kurashmasa, ular hech qachon muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
“Agar ular yetarlicha yaxshi boʻlsa, vaqti kelib baribir asosiy jamoaga chiqishadi”, qabilidagi gaplar — men eshitgan eng katta safsata. Futbolchining faoliyatida hamma narsa bitta qarorga bogʻliq boʻlib qoladigan lahzalar boʻladi. Eng muhimi — imkoniyatga ega boʻlish va undan unumli foydalanish”.
“Menga shunday deyishardi: “Bilamiz, Harri sizga yoqadi, ammo u “Orient”da oʻynayapti-ku. Bu Premer-liga emas-ku!” Men esa: “Unda Luka Modrichni ham oʻsha yerga yuboringlar-chi, koʻramiz, u qanday oʻynaydi”, deb javob berardim. Bunday darajada futbol oʻynash nihoyatda qiyin. Bu deyarli boshqa bir sport turi bilan teng.
U oʻzi oʻynagan har bir klubda juda koʻp gol urmagani uning muvaffaqiyatsizlikka uchraganini anglatmaydi. Gap bosqichma-bosqich rivojlanish haqida edi. Bu unga 21 yoshgacha boʻlganlar jamoasining gʻalaba yoki magʻlubiyati hech kimni qiziqtirmaydigan bemaʼni uchrashuvlaridan koʻra ancha koʻproq foyda keltirdi.
Biz bu yigitlar uchun kurashishda haqiqatan ham haddan tashqari faol edik. Men, Kris, Les va Garri Keynning kamol topishiga hissa qoʻshgan barcha insonlar amalga oshirgan ishimizdan nihoyatda faxrlanaman.
Keyn ketganidan keyin “Tottenhem” gol urish borasida jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Yozda klub 21 yoshli Uill Lenkshirni “Midlsbro”ga sotdi. Yosh hujumchi yangi jamoasi safida 12 uchrashuvda 11 ta gol urdi.
“Bu erda oʻxshashliklar yaqqol koʻzga tashlanadi. Men Harrini va boshqa yigitlarni xuddi oʻz farzandlarimdek yaxshi tanirdim. Ularning qanday inson ekanini bilardim, kayfiyatlarini his qilardim va ular bilan qanday ishlash kerakligini tushunardim.
Uill Lenkshirni shaxsan tanimayman. Ammo u bilan ishlaganimda, uni ham yaqindan oʻrganib, “Tottenhem”da oʻynash uchun zarur boʻlgan xarakter, maqsad sari intilish va iqtidorga ega yoki ega emasligini aniqlardim. Uni 10 million funtga sotishlariga aslo yoʻl qoʻymasdim. Uni elkasidan qoqib, qoʻllab-quvvatlash va imkoniyat berish kerak edi. Unga: “Muxlislar nima deb oʻylashi haqida bosh qotirma. Senda oʻzingni koʻrsatish imkoniyati bor. Yaxshi oʻynasang, ular seni yaxshi koʻrib qolishadi”, deyish lozim edi.
Uning oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlash kerak edi. Unga kelajakdagi navbatdagi Harri Keyn boʻlishi mumkinligini aytish kerak edi. Buning imkoni yoʻq, deyishga hech qanday asos yoʻq. Agar jamoangizda birorta ham gol ura olmayotgan hujumchilar boʻlsa, Uill Lenkshirni nima uchun sotasiz?
Troy Perrottni ham jamoadan ketkazishlariga yoʻl qoʻymagan boʻlardim”.
(Perrott “Tottenhem” safida Premer-ligada atigi ikkita qisqa uchrashuv oʻtkazganidan keyin, 22 yoshida Niderlandiyaning AZ klubiga sotiladi. Ushbu klub safida 97 uchrashuvda 51 ta gol urgach, joriy yilda 17 million funt evaziga “Real Betis”ga oʻtadi)
“Agar Harri Keyn Chempionlar ligasida gʻolib chiqsa yoki “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritsa, u nima deyishini bilaman. Bu oldindan tayyorlangan javob emas, balki uning qalbidan chiqqan samimiy soʻzlar boʻladi. Aslida, u shaxsiy mukofot sifatida “Oltin toʻp”ni olishdan koʻra, “Bavariya” bilan Chempionlar ligasida gʻolib chiqishni chin dildan afzal koʻradi. Biz aynan qanday tafakkur tarzi haqida gapirayotganimizni tushunyapsizmi? Uni buyuk qilayotgan narsa ham shu. Agar Keyn “Oltin toʻp”ni qoʻlga kiritsa, bu mukofotga nisbatan hurmatim beqiyos darajada oshadi. Agar olmasa, yoʻq.
Keyn jamoasiga butun vujudi bilan sadoqatli. Shuning uchun u har qanday yosh futbolchi uchun ajoyib namuna boʻla oladi. Ammo akademiyalarda ular uchun kurashishga tayyor insonlar topilmasa, bu yigitlarda ham xuddi shunday imkoniyatlar paydo boʻlmaydi”.

