Layfstayl

Masha aslida o‘lganmi? “Qizaloq va Maymoq” haqidagi eng qo‘rqinchli nazariyalar

Masha aslida o‘lganmi? “Masha va Ayiq” haqidagi eng dahshatli nazariyalar

“Masha va Ayiq” multseriali bolalar orasida juda mashhur bo‘lib, ko‘plab mamlakatlarda sevib tomosha qilinadi. Ba’zi tomoshabinlar sho‘x qizaloq va g‘amxo‘r ayiqning sarguzashtlarini shunchaki kuzatib borishsa, boshqalar ekranda sodir bo‘layotgan voqealarni izohlashga urinishadi. Ko‘pincha bu urinishlar dahshatli tus oladi.

**Masha — o‘lgan qizaloqning arvohi**

Eng mashhur muxlislar nazariyasiga ko‘ra, Masha o‘ldirilgan qizchaning arvohi. U aynan Ayiqning qo‘lida halok bo‘lgan. Shuning uchun ham u o‘smaydi va shafqatsizligi uchun jazo sifatida ayiqni tinimsiz bezovta qiladi. Qizchaning ota-onasi bu judolikka chiday olmay, bosh qahramon yashaydigan bo‘sh uyni tashlab ketishgan.

**Ayiq qizchani yetim qoldirgan**

Boshqa bir talqinga ko‘ra, Masha emas, uning ota-onasi halok bo‘lgan. Bunga yana o‘sha Ayiq sababchi. Ehtimol, yirtqich ularni yeb qo‘ygandir yoki shunchaki hujum qilgandir, balki sirk fokusini ko‘rsatib, yurak xurujiga olib kelgandir.

Shundan so‘ng Ayiq halok bo‘lganlarning bir qizchasi qolganini ko‘rib qoladi. Aybdorlik hissidan kelib chiqib, u Mashaga g‘amxo‘rlik qilishga qaror qiladi. Qizaloq esa juda yoshligi tufayli nima sodir bo‘lganini anglab yetmaydi va ayiqni o‘zining yangi otasi deb qabul qiladi.

**Syujet asosida g‘amgin afsona yotadi**

Yana bir nazariya qadimiy marosim bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, slavyan va fin-ugor xalqlarida turmushga chiqishga ulgurmay vafot etgan qizni ayiqqa ramziy turmushga berishgan — uning tobutiga yirtqichning tishlarini yoki hatto panjasini solib qo‘yishgan. Bu marhuma yovuz ruhga aylanib qolmasligi uchun qilingan.

Balki, Masha va Ayiq aynan shunday juftlikdir. Demak, ularning ikkisi ham qandaydir narigi dunyoda yashaydi. To‘g‘ri, yoshdagi farq tufayli ularning munosabatlari ko‘proq ota va qiz munosabatlariga o‘xshaydi. Lekin narigi dunyoning mantig‘ini kim ham tushunardi.

**Ayiq arosatga tushib qolgan**

Avvalgi talqinlarda Masha yoki uning ota-onasi halok bo‘lgan ekan, demak, yirtqichning o‘zi ham tirik emasligi haqidagi nazariya paydo bo‘lishi tabiiy edi. Ayiq “Birinchi uchrashuv” qismida baliq oviga chiqqanida yoki multfilm voqealari boshlanishidan avval, sirkda ishlagan paytlarida o‘lgan. Lekin tirikligida u, aftidan, qandaydir yomon ish qilgan va shu sababli narigi dunyoda tinib-tinchimas qizaloq ko‘rinishidagi jazo olgan.

Syujetning davriyligi va voqealar rivojidagi ko‘plab mantiqsizliklar ushbu nazariyani quvvatlaydi. Qahramon go‘yoki qandaydir arosatda qolgan va u yerda qayta-qayta sabr-toqat sinovlaridan o‘tishga majbur. Yoki Masha — uning real dunyo bilan bog‘lovchisi. Ayiq hayot haqidagi xotiralaridan voz kecha olmaydi, shuning uchun ham azob cheksa-da, qizaloqqa shunday g‘amxo‘rlik qiladi.

**Asl yovuzlar — qishloq aholisi**

Eng g‘amgin nazariyalardan biri Ayiqni yovuz qahramon sifatida emas, balki qurbon sifatida ko‘rsatadi. Ayni paytda bu nazariya nafaqat Mashaning ota-onasi, balki yirtqichning onasi ham qayerga yo‘qolib qolganini izohlab beradi. “Oromgohda” deb nomlangan qismda xaritani ko‘rish mumkin. Qahramonlar qishloq yaqinida turibdi, biroq qizcha u yerga borishni sira istamaydi. “Kvartet plyus” qismida esa Ayiqning otasi paydo bo‘ladi-yu, ammo uning onasi hech qayerda tilga olinmaydi.

Shundan so‘ng qishloqda juda yovuz va xavfli odamlar yashaydi, degan faraz paydo bo‘ldi. Ular Ayiqning butun oilasini o‘ldirmoqchi bo‘lishgan, biroq faqat onasi halok bo‘lgan — qolganlarni esa Mashaning ota-onasi qutqarib qolgan. Shu sababli ular qishloqdan haydab yuborilib, faqat qizaloq qoldirilgan. Endi esa qutqarib qolingan Ayiq unga g‘amxo‘rlik qilishga majbur.

**Hammasiga bo‘rilar aybdor**

Multserialda barcha kulfatlarni ag‘darish mumkin bo‘lgan yana bir guruh qahramonlar bor. “Masha va Ayiq”dagi bo‘rilar odatda kulgili rolni o‘ynasa-da, aslida ular xavfli yirtqichlardir.

Ehtimol, qachonlardir qizchaning ota-onasiga aynan bo‘rilar hujum qilgandir. Jon saqlashga uringan ota-ona maxsus xizmatlarni chaqirgan. Ammo yakunda yirtqichlar nafaqat Mashaning ota-onasi, balki tez yordam mashinasida kelgan shifokorlarni ham yeb qo‘ygan. O‘rmondagi eski mashina ham shundan dalolat beradi.

**Qahramonlar — “Five Nights at Freddy’s” personajlarining ajdodlari**

Ma’lumki, “Five Nights at Freddy’s: Security Breach” o‘yinidagi voqealar kelajakda sodir bo‘ladi. Bosh qahramon — giperfaol bola Gregori, unga esa robot-ayiq Freddi yordam beradi (bu g‘ayrioddiy, chunki oldingi qismlarda u yovuz qahramon bo‘lgan).

Bu qahramonlarning “Masha va Ayiq” multfilmi qahramonlariga o‘xshashligi muxlislarni Gregori qizchaning nabirasi yoki chevarasi bo‘lishi mumkin, degan taxminga kelishga undadi. Ayiq masalasi esa biroz murakkabroq. Aftidan, o‘limidan oldin yirtqichning ongi chipga ko‘chirilgan va robot tanaga joylashtirilgan.

**Voqealar postapokaliptik dunyoda sodir bo‘ladi**

Insoniyatning qirilib bitishi va mutatsiyalar haqidagi farazlarsiz muxlislar nazariyalari to‘plami to‘plam bo‘larmidi. Serialdagi atrof-muhit ajablanarli darajada huvullab qolgan. Unda kattalar deyarli uchramaydi, poyezdlar esa hamon yurib turibdi – hatto o‘rmonning qoq o‘rtasidan ham. Shuningdek, sivilizatsiya qoldiqlarini ham ko‘p ko‘rish mumkin.

Ehtimol, qahramonlar yashaydigan hudud kimyoviy hujumga uchragandir. U aksariyat kattalarni yo‘q qilib, hayvonlarga esa aql-idrok ato etgan. Shu bois hayvonlar asta-sekin insoniyat o‘rnini egallamoqda.

**Mashaning g‘ayritabiiy qobiliyatlari bor**

Nihoyat, hech kim o‘lmaydigan talqin ham bor. Ajablanarlisi, Masha nafaqat hayvonlar bilan ko‘p vaqt o‘tkazadi, balki ularni tushunadi ham. Ehtimol, qizaloqda g‘ayritabiiy qobiliyatlar uyg‘ongandir (uning mutlaqo jarohatlanmasligini ham shu hisobga qo‘shish mumkin). Farzandining kuchiga bas kela olmagan ota-onasi uni tarbiyalash uchun o‘zlaridan ko‘ra munosibroq va kuchliroq vasiyga topshirishgan.

**Masha shunchaki uydan qochib ketgan**

Va nihoyat, eng oddiy taxmin. Hamma tirik va sog‘-salomat, ammo Mashada o‘smirlik isyoni uyg‘onib, u shunchaki uydan qochib keta boshlagan. Yoki ota-onasi uning xatti-harakatlaridan charchab, jazo sifatida o‘rmonda qoldirib ketishgan. Qishloq yaqin bo‘lgani uchun ular Masha uyga o‘zi qaytib keladi, deb o‘ylashgan. Biroq qizcha bundan-da qiziqroq mashg‘ulot topib olgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.