Masʼuliyatlimi yoki vahimaga tushganmi? Dunyo boʻylab inqirozga allaqachon tayyorgarlik koʻrayotgan odamlar bilan tanishing
Filtrga ega somichalardan tortib bir martalik hojatxonagacha — AQSh, Yaponiya, Shvetsiya va Niderlandiya aholisi favqulodda vaziyatlar uchun toʻplagan zaxiralarida nimalar borligi haqida soʻzlab berishdi.

Masʼuliyatlimi yoki vahimaga tushganmi? Dunyo boʻylab inqirozga hozirdanoq tayyorgarlik koʻrayotgan odamlar bilan tanishing
Shvetsiyalik Andreas hukumatning tavsiyanomasi eshigi tagiga tashlab ketilganidan keyin harakatga tushdi.
Buyuk Britaniya hukumati xonadonlarga milliy favqulodda vaziyat yuz bergan taqdirda nimalarni gʻamlab qoʻyish kerakligini aytganidan soʻng, ayrim doʻkonlarda konservalangan oziq-ovqatlar, radiopriyomniklar va chiroqlar sotuvi keskin oshdi.
Garchi bunday zahiraga yoki shaxsiy inqiroz toʻplamiga ega boʻlish Buyuk Britaniya uchun yangilik boʻlsa-da, dunyoning koʻplab joylarida bu allaqachon odatdagi holga aylangan.
Ekstremal ob-havo, tabiiy ofatlar va shiddatli geosiyosiy vaziyatlarga duch kelayotgan mamlakatlar muntazam ravishda tayyorgarlik boʻyicha tavsiyalar eʼlon qiladi, baʼzilari esa hatto kitobchalarni toʻgʻridan-toʻgʻri xonadonlarga yetkazib beradi.
Xoʻsh, bunday favqulodda zahiralar turli odamlar uchun qanday koʻrinishga ega va ular buni qanday boshqaradi?
Oʻttiz yoshli Andreas Vennerberg ikki yil oldin eshigi tagida hukumat kitobchasi paydo boʻlgunicha favqulodda vaziyatlarga tayyorlanish haqida hech qachon oʻylab koʻrmagan edi.
Shvetsiyadagi har bir xonadonga yuborilgan bu risolada "inqiroz yoki urush holatida" nimalarni gʻamlab qoʻyish va oʻzini qanday tutish kerakligi tushuntirilgan edi.
Stokgolmda yashovchi Andreas oʻzining yordamchi xonasida kamtarona zahira yigʻdi, jumladan dinamo-mashinasi bor radio, 10 litr suv solingan bak va 200 yevro atrofida (£170) naqd pul. Uning aytishicha, baʼzi buyumlar unda avvaldan bor edi.
U buni "ogahlikka daʼvat" deb taʼriflaydi, ammo tavsiyalarga toʻliq amal qilmaganini tan oladi.
"Oʻzimni xavfsiz his qilyapman… Unchalik xavotirda emasman."
Merilendlik fizioterapevt Den K. ota boʻlganidan keyin favqulodda zahiralarini yigʻishni boshladi. Hozirgacha u 6 000 dollarga yaqin (£4 470) mablagʻ sarflab, hamma narsani yordamchi xonasidagi tokchalarda saqlamoqda.
"Bu ota-onalik masʼuliyatimning bir qismidir", deydi 10 yoshdan kichik ikki farzandning otasi, 38 yoshli Den.
Bir necha yil oldin, "joʻda sovuq" fevral oyida uning uyi tashqi dunyodan uzilib qolgan va oila ikki kun davomida elektr energiyasiz qolgan edi. Garchi u zahira yigʻishni boshlagan boʻlsa-da, "tayyorgarligimda koʻplab kamchiliklar bor edi", deydi u.
Denning zahirasiga endilikda 150 gallon suv va vannaga toʻldirib qoʻyish mumkin boʻlgan bir nechta katta yumshoq plastik suv idishlari kiradi. U shuningdek, irmoq yoki daryo suvini ichish uchun xavfsiz qilishda tez-tez ishlatiladigan xlor dioksidi tabletkalari kabi buyumlarni ham saqlaydi.
Uning soʻlish, kinoa va yongʻoq pastasi kabi uzoq saqlanadigan oziq-ovqatlardan iborat "yangilanib turadigan oziq-ovqat ombori"dan muntazam ravishda ovqat tayyorlash uchun foydalaniladi va keyin oʻrni toʻldiriladi, toki "u shunchaki muddati oʻtib yotmasin". Toʻrt kishilik oilasi uchun unda taxminan uch oylik oziq-ovqat zahirasi bor.
Denda shuningdek quyosh panellari, kemping plitasi, chadir, oʻtin zahirasi va tarmoqdan tashqari — elektr yoki oʻtinsiz ishlay oladigan propan kamini bor. U shuningdek, qon ketishini toʻxtatuvchi toʻplamlarni oʻz ichiga olgan keng qamrovli tibbiy buyumlarni ham saqlaydi.
AQShda Favqulodda vaziyatlarni boshqarish federal agentligi (FEMA) odamlarga favqulodda toʻplam tuzish, oilaviy favqulodda harakatlar rejasini ishlab chiqish va turli hodisalarga qanday munosabat bildirishni oʻrganishni tavsiya qiladi.
Denning aytishicha, favqulodda rejalashtirishga kelganda, "vaziyatni boʻrttirib yuborish mayli boʻlishi mumkin", ammo u uchun bu "masʼuliyatli uy egasi" boʻlish demakdir.
Tokioda yashovchi Ayumi T. zilzilalar, tayfunlar va anomal issiqlik kabi hodisalarga tayyorgarlik koʻrish uchun yillar davomida favqulodda yordam sumkasini saqlab keladi.
Ammo 2024 yildagi zilzila yuzlab odamlarning yostigʻini quritgani va Yaponiyaning Noto yarim oroliga katta zarar yetkazganidan soʻng, Ayumi zahiralarini yanada koʻpaytirdi.
Tokio hukumatining 68 sahifali ofatlarning oldini olish boʻyicha qoʻllanmasi mavjud boʻlib, unda favqulodda toʻplamda nimalarni saqlash va muayyan favqulodda vaziyatlarda nima qilish kerakligi tushuntirilgan.
Kiyim javonida saqlanadigan favqulodda ryukzagida Ayumi kiyim-kechak, sochiqlar, ayollar gigiyena vositalari, bir martalik choʻplar, yopishqoq qogʻozlar, bir martalik niqoblar va sayyohlar hamda kempingchilar foydalanadigan bir martalik hojatxonani saqlaydi.
"Bularning koʻpchiligi men endi foydalanmaydigan eski narsalardir", deydi universitetda ishlaydigan 27 yoshli Ayumi.
Har Yangi yilda uning oilasi oʻz toʻplamlarini tekshiradi va zarur boʻlsa yangilaydi, masalan, yaroqlilik muddati oʻtgan oziq-ovqatlarni almashtiradi.
Soʻnggi besh yil ichida "xayolimda hamisha 'favqulodda vaziyat yuz bersa nima boʻladi?' degan fikr aylanadi", deydi Nikol Bonds.
Atlantalik rahbarlik boʻyicha kouchning aytishicha, bunga sabab u dunyo boʻylab tayyorgarlikning yoʻqligi bilan bir qatorda "sezilarli darajada koʻpayib borayotgan" shiddatli ob-havo hodisalari va boʻronlarni payqaganidir.
Uning shiori — "vahimaga tushmang, tayyor boʻling", deydi u.
Tozalash va gigiyena vositalarining katta tanlovidan tashqari, 48 yoshli Nikol batareyalar, pauerbank, birinchi yordam vositalari, qayta zaryadlanadigan ventilyatorlar, koʻrpalar va uxlash qoplari sotib olgan.
Xarajatlarni kamaytirish uchun u zahirasini sekin-asta boyitib borish maqsadida "u yerdan-bu yerdan" oz-ozdan buyumlar sotib oladi. U baʼzi buyumlarni toʻshagi ostida, qadoqlash xaltalarida va oshxona javonlarida saqlaydi.
Mixael Stuut Niderlandiyaning dengiz sathidan pastda joylashgan qismida yashaydi. Uning aytishicha, u ekstremal ob-havodan, shuningdek, ehtimoliy urushdan xavotirda.
Rafiqasi va besh yoshli oʻgʻli bilan Hoornda yashovchi 39 yoshli Mixael oʻz toʻplamini bir necha yil oldin tayyorlay boshlagan.
Mixael oziq-ovqat bilan bir qatorda elektr uskunalarining mustahkam zahirasini saqlaydi, jumladan internetga kirish uchun moʻljallangan kichik va yengil sunʼiy yoʻldosh qurilmasi — Starlink Mini ham bor.
U zahiralarni chardogʻida va uy ostidagi past joyda saqlaydi — u yerda taxminan 120 litr suv, naqd pul, birinchi yordam toʻplami va generator bor.
Shu yil boshida Mixael oziq-ovqat zahiralarini va ularning yaroqlilik muddati qachon tugashini kuzatib borish uchun ilova yaratdi.
"Tayyor boʻlish vahima degani emas", deydi u. "Bu chiroqlar oʻchganda xotirjam boʻlish deganidir."
2025 yil oxirida Niderlandiya hukumati xonadonlarga Buyuk Britaniya rasmiylari yaqinda qilgani kabi 72 soatlik zahirani saqlashni uqtiruvchi kampaniyani boshladi.
Tayyorgarlik safarining boshida Mixaelning ayoli bunga ehtiyoj koʻrmagan, ammo uning aytishicha, ayoli endi buning muhimligini tushunadi. Ular besh yoshli oʻgʻliga zahiralar shunchaki doʻkonga borishni xohlamay qolgan paytlari uchun ekanini aytishgan va "unga ogʻirlik qilishni xohlashmasligini" qoʻshimcha qilishgan.
Mixael Buyuk Britaniya tomonidan ham tavsiya etilgan uch kunlik maslahatga shubha bilan qaraydi, ammo shunday deydi: "Uyida bir nechta asosiy narsalarga ega boʻlgan har bir xonadon favqulodda xizmatlarga bunga eng muhtoj boʻlgan odamlarga yordam berishni yengillashtiradi."

