«Markaziy Osiyoni transport va logistika tarmogʻi bilan bogʻlash zarur» — Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo mamlakatlarini yagona transport va logistika tarmogʻi bilan bogʻlashni hamda yangi yoʻnalishlar boʻylab ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obʼyektlarini rivojlantirishni taklif qildi. «Biz global savdoning asosiy quruqlikdagi yoʻnalishlaridan biriga va yirik iqtisodiy faollik markaziga aylanishimiz mumkin».

«Markaziy Osiyoni transport va logistika tarmogʻi bilan bogʻlash zarur» — Shavkat Mirziyoyev
Markaziy Osiyo mamlakatlarini zamonaviy transport va logistika tarmogʻi birlashtirishi zarur. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktyabr kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy sayyohlik zonasida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida maʼlum qildi.
«Biz global savdoning asosiy quruqlikdagi yoʻnalishlaridan biriga va shu bilan birga yirik iqtisodiy faollik markaziga aylanishimiz mumkin. Ammo buning uchun faqat avtomobil va temir yoʻllar qurishning oʻzi kifoya qilmaydi. Transport infratuzilmasini rivojlantirishning umumiy mantigʻi kerak», — dedi davlat rahbari.
U yoʻnalishlar bir-birini davom ettirishi va «yagona tizim sifatida ishlashi» uchun yirik loyihalarni oʻzaro muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidladi.
Prezidentning fikricha, yangi transport yoʻlaklari boʻylab ishlab chiqarish, logistika va servis obʼyektlarini, industrial zonalarni tashkil etish lozim.
«Shunda transport yoʻnalishi oʻz atrofida iqtisodiyotni yaratadi va u oʻtadigan har bir davlatga juda katta samara keltiradi», — deya qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.
U Infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha kengash tuzishni tezlashtirishni va uning ilk yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif qildi.

