Ma’lumotlar markazlari poygasi: O‘zbekiston uchun imkoniyat
SI uchun hisoblash quvvatlariga talab ortmoqda, ammo investorlarni jalb qilishda imtiyozlarning o‘zi yetarli emas. Tayyor maydonlar, ishonchli elektr ta’minoti, tushunarli qoidalar kerak. Garvard tadqiqotchisi Behzodxon Alixonov Gazeta uchun yozgan maqolasida O‘zbekistonning sohadagi imkoniyatlarini tahlil qiladi.

**Ma’lumotlar markazlari poygasi: O‘zbekiston uchun imkoniyat**
Sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga talab dunyo bo‘ylab tobora oshib bormoqda. O‘zbekiston yirik ma’lumotlar markazlarini (data markazlar) jalb qila oladimi va buning uchun nimalar zarur?
AQSh sun’iy intellektga mo‘ljallangan hisoblash quvvatlari bo‘yicha tarixdagi eng yirik infratuzilma poygasini olib bormoqda. Amazon, Microsoft, Alphabet va Meta kompaniyalarining har biri 2026-yilga borib 130 milliarddan 220 milliard dollargacha kapital xarajatlarni rejalashtirgan.
Elektr energiyasi bozorning asosiy cheklovlaridan biriga aylandi. Tarmoqqa ulanish bir necha yilga cho‘ziladi, qurilishga oid moratoriylar va cheklovlar AQShning 46 ta shtatiga ta’sir ko‘rsatdi, sanoat iste’molchilari uchun elektr energiyasining o‘rtacha narxi esa besh yil ichida 35 foizga oshdi. Bu kompaniyalarni quvvatlarni joylashtirish uchun yangi mintaqa va mamlakatlarni ko‘rib chiqishga undamoqda.
O‘zbekiston mintaqa uchun noyob bo‘lgan afzalliklar uyg‘unligiga ega: SI loyihalari uchun maxsus rejim (PF-189), ingliz huquqi elementlarini o‘z ichiga olgan ikkita maxsus huquqiy rejim (Enterprise Uzbekistan va TXMM), elektr energiyasi uchun nisbatan raqobatbardosh tarif hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (QTEM) ulkan salohiyati.
Biroq bu afzalliklarni real investitsiya loyihalariga aylantirish uchun mamlakatga investorlar uchun elektr energiyasi ta’minotiga ega tayyor maydonlar kerak.
AQSh data markazlari bozori dunyodagi eng yirik bozor bo‘lib, rekord sur’atlarda o‘smoqda. JLL ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib Shimoliy Amerikada 39 GVt quvvatga ega ma’lumotlar markazlari faoliyat yuritgan, 2026-yil o‘rtalariga kelib esa yana 66 GVt dan ortiq quvvat qurilish bosqichida bo‘lgan. Taqqoslash uchun: qurilayotgan quvvatlar to‘liq yuklamada ishlaganda butun Germaniyadan ko‘ra ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qiladi. Bo‘sh quvvatlar deyarli yo‘q — band bo‘lmagan ulush atigi 1,4 foiz atrofida.
Megaloyihalar toifasi shakllandi. Masalan, rejalashtirilgan investitsiyalari 500 mlrd dollarni tashkil etuvchi Stargate dasturi 10 GVt dan ortiq bo‘lajak quvvatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minladi. OpenAI va Anthropic o‘nlab gigavatt quvvatlar bo‘yicha kelishuvlar olib bormoqda. Miqyosni tasavvur qilish uchun: 1 GVt 90 foiz yuklama bilan ishlaganda bir yilda iste’mol qiladigan energiya sarfi taxminan 750 ming Amerika xonadoni sarflaydigan elektr energiyasi hajmiga teng. Ilg‘or NVIDIA chiplari va server uskunalariga ega SI-kampusini qurish har bir gigavatt uchun 40−60 mlrd dollarga tushadi.
2027-yilda, JLL prognoziga ko‘ra, SI vazifalari orasida asosiy yuklama turi modellarni o‘qitish emas, balki inferens — allaqachon o‘qitilgan modellardan foydalanish bo‘lishi mumkin. O‘qitish uchun olisdagi yirik kampuslar mos keladi, inferens uchun esa yakuniy foydalanuvchiga yaqin bo‘lish muhim. Shu bois mintaqaviy markazlarning o‘rni ortib bormoqda. O‘zbekiston uchun foydalanuvchilardan uzoqlik xalaqit bermaydigan modellarni o‘qitishga hamda o‘z mintaqasida inferensni amalga oshirishga mo‘ljallangan data markazlar real yo‘nalishga aylanishi mumkin.
**Investitsiyalar dinamikasi.**
DellʼOro Group ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda data markazlar uchun global kapital xarajatlar 57 foizga oshgan. Kompaniya 2030-yilga borib ularning hajmi 3 trln dollardan oshishini kutmoqda. Bu xarajatlarning qariyb yarmi Amazon, Google, Meta va Microsoft hissasiga to‘g‘ri keladi, xarajatlarning asosiy qismini esa SI-tezlatkichlar tashkil etadi.
**Energetika.**
Hisoblash quvvatlarining o‘sishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabning keskin oshishi bilan birga kechmoqda. Xalqaro energetika agentligi prognoziga ko‘ra, 2030-yilga borib data markazlarning global elektr energiyasi iste’moli deyarli ikki baravarga oshadi. AQShda ma’lumotlarni qayta ishlashga alyuminiy, po‘lat, sement va kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishga sarflangan jami hajmga qaraganda ko‘proq elektr energiyasi sarflanadi. Amerika data markazlarining iste’moli 2030-yilga borib 2−3,5 barobarga oshadi.
Bozorning asosiy muammosi — elektr quvvatining surunkali yetishmovchiligi. Bunday sharoitda kompaniyalarda uchta yo‘l bor: to‘rt yildan ortiq vaqt olishi mumkin bo‘lgan tarmoqqa ulanishni kutish, shaxsiy generatsiya quvvatlarini qurish yoki quvvatlarni boshqa mamlakatlarga joylashtirish. Tobora ko‘proq developerlar bevosita obyektning o‘zida shaxsiy generatsiyani yo‘lga qo‘yishni tanlamoqda, biroq yirik gaz turbinalarini yetkazib berish muddati besh yil va undan ortiq vaqtga cho‘zilmoqda.
Bundan tashqari, AQSh bozori aholi va mahalliy hokimiyatlarning qarshiligiga duch keldi. 2026-yilning birinchi yarmida mahalliy darajadagi noroziliklar e’lon qilingan umumiy qiymati qariyb 200 mlrd dollarlik kamida 120 ta loyihaning to‘xtatilishiga yoki kechikishiga olib keldi. Asosiy sabablar — aholi uchun elektr energiyasi narxlarining oshishi, suv sarfi, zararli tashlamalar va mahalliy hamjamiyatlar uchun iqtisodiy nafning kamligi bilan bog‘liq xavotirlardir.
Cheklovlar ko‘lami kengayishda davom etmoqda. Mahalliy hokimiyatlar data markazlar qurilishiga tobora ko‘proq moratoriy joriy etmoqda yoki yangi loyihalarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqda.
Prezident farmoni (PF-189) bilan Qoraqalpog‘istonda SI infratuzilmasi loyihalari uchun maxsus rejim yaratildi. To‘plam quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Bundan tashqari, Enterprise Uzbekistan va Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) rejimlari Angliya va Uels umumiy huquqi elementlariga ega huquqiy bazani hamda nizolarni Toshkent xalqaro tijorat sudida ko‘rib chiqish imkoniyatini nazarda tutadi.
2026-yil oxirigacha O‘zbekistonda qariyb 6 GVt yangi generatsiya quvvatlari — asosan quyosh va issiqlik generatsiyasi, shuningdek, taxminan 0,9 GVt elektr energiyasini jamlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, data markazlarni rivojlantirishda bir nechta asosiy xatarlar saqlanib qolmoqda:
Ayrim tranzit davlatlarga qaramlikni kamaytirish uchun kamida uchta mustaqil xalqaro optik tolali aloqa yo‘nalishini ta’minlash zarur. Suv tanqisligi saqlanib qolayotgan Qoraqalpog‘istonda esa yopiq konturli va minimal suv sarflaydigan suyuqlikli sovitish tizimlarini joriy etish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Ushbu talablarni hali joy tanlash bosqichidayoq inobatga olish lozim.
SI infratuzilmasiga investitsiya jalb etish bo‘yicha raqobatlashayotgan boshqa davlatlar turli yondashuvlarni qo‘llamoqda. Ularning tajribasi O‘zbekiston uchun ham foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator yechimlarni ajratib ko‘rsatish imkonini beradi.
**Mamlakat — Asosiy rag‘batlar — O‘zbekiston uchun xulosa**
**Saudiya Arabistoni**
Bulutli kompaniyalar uchun maxsus zona, 100 foizlik xorijiy egalik va foydani erkin olib chiqish imkoniyati
Investitsiya imtiyozlarini Toshkent xalqaro moliya markazining (TXMM) huquqiy rejimi bilan bog‘lash
**BAA**
Loyihalarni davlat ishtirokida birgalikda moliyalashtirish, ilg‘or chiplarni yetkazib berishni AQSh bilan kelishish
Amerika regulyatorlari bilan oldindan muzokaralar olib borish va yirik loyihalarni davlat ishtirokida birgalikda moliyalashtirish masalasini ko‘rib chiqish
**Qozog‘iston**
Maxsus iqtisodiy zonalar imtiyozlari, “Ostona” xalqaro moliya markazida (OXMM) ingliz huquqini qo‘llash
Loyihalarni amalga oshirish tezligi va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish imkoniyati hisobiga investorlarni jalb qilish borasida raqobatlashish
**Irlandiya (salbiy tajriba)**
Ma’lumotlar markazlari mamlakat elektr energiyasining deyarli to‘rtdan bir qismini iste’mol qiladi. Dublin hududida yangi obyektlarni tarmoqlarga ulash amalda to‘xtatilgan
Energiya tizimi imkoniyatlarini hisobga olish va investorlarga elektr tarmoqlariga cheklovlarsiz ulanishni kafolatlamaslik
O‘zbekistonda ma’lumotlar markazlari uchun amaldagi elektr energiyasi tarifi Saudiya Arabistoniga qaraganda pastroq, lekin Turkmaniston, Qatar, Qirg‘iziston va Xitoyning Shinjon hududidagiga qaraganda yuqoriroq. Shu bilan birga, Qozog‘iston “Ma’lumotlar markazlari vodiysi” uchun taxminan 0,025 dollar/kVt·soat tarifni ishlab chiqmoqda.
Amerika texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha qo‘shni davlatlarning tajribasi ham e’tiborga molik.
Armanistonda Amerikaning Firebird kompaniyasi 500 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi bo‘lgan 15 MVt quvvatga ega sun’iy intellekt fabrikasini ochdi. 41 mingta NVIDIA GB300 GPU’larini yetkazib berish uchun AQSh eksport litsenziyasi olingandan so‘ng keyingi bosqichni rivojlantirish mumkin bo‘ldi. Ikkinchi bosqichdan keyin loyihaga kiritiladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 5 mlrd dollardan ortiq deya baholanmoqda.
Qozog‘istonda Firebird va NVIDIA bilan 10 mlrd dollarlik kelishuvlar paketi imzolandi. Kazakhtelecom davlat kompaniyasi loyihaga 1 mlrd dollar sarmoya kiritmoqda.
O‘zbekiston hozircha dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda. Raqamli texnologiyalar vazirligi NVIDIA’dan umumiy quvvati 1 MVt bo‘lgan ikkita hisoblash klasterini sotib olish niyatini ma’lum qildi va shartnomalarni tuzish muddatlarini AQShning eksport ruxsatnomalariga bog‘ladi. Qurilayotgan eng ko‘zga ko‘ringan loyiha — Toshkentdagi DataVolt ma’lumotlar markazi — 12 MVt quvvatga mo‘ljallangan. Biroq ushbu loyihalar ko‘lami jihatidan qo‘shnilarinikidan sezilarli darajada ortda qolmoqda.
Qabul qilingan qarorlar — PF-189, TXMM va Enterprise Uzbekistan rejimlari yaxshi zamin yaratmoqda. Endi ularni investor shartnoma bilan javob beradigan taklifga aylantirish muhim.
Microsoft, AWS va Google kabi kompaniyalarning maydon tanlash amaliyoti yirik investorlarning asosiy talablarini ajratib ko‘rsatish imkonini beradi.
Birinchi o‘rinda — quvvatlarni ishga tushirish muddati: kengaytirish imkoniyati bilan 100 MVt va undan ortiq quvvatni ulashning kafolatlangan sanasi turadi. Ahamiyatiga ko‘ra keyingi o‘rinlarni elektr energiyasi narxi va barqarorligi (uzoq muddatli shartnoma), qoidalarning bashoratliligi (arbitraj, barqarorlashtirish shartlari), uzoq muddatli ijaraga beriladigan yer maydoni, chiplar bo‘yicha AQSh talablariga rioya etilishi hamda soliq-bojxona rejimi egallaydi.
Armaniston tajribasi ilg‘or chiplarga ega bo‘lish uchun AQSh bilan kelishuv qanchalik muhimligini ko‘rsatmoqda. Armanistonning bu boradagi katta yutug‘i Vashington bilan imzolangan sun’iy intellekt va yarimo‘tkazgichlar bo‘yicha memorandumdan boshlandi, shundan so‘ng eksport litsenziyasi berildi. O‘zbekiston ham xuddi shunday kelishuvga erishishi va unga litsenziyalari oldindan kelishilgan aniq bir loyihani bog‘lashi maqsadga muvofiq. Bunda davlat hisoblash quvvatlarining birinchi buyurtmachisi bo‘lishi mumkin.
PF-189 doirasidagi imtiyozlar paketi Saudiya Arabistoni va BAA rejimlari bilan bellasha oladi, biroq investorlar uchun nafaqat soliq afzalliklari, balki shartnomalar ijrosining ta’minlanishi, qoidalar o‘zgarishidan himoyalanganlik va tushunarli arbitraj ham muhim.
Shu bois huquqiy jihatni kuchaytirish va ushbu paketni Enterprise Uzbekistan hamda TXMM rejimlari bilan bog‘lash samaraliroq bo‘lardi.
O‘zbekiston ilk yirik bitimni mamlakatimizni hozircha ustuvor bozorlar qatoriga kiritmayotgan Microsoft, Amazon yoki Google bilan emas, balki ixtisoslashgan bulutli texnologiyalar kompaniyalari yoki data markazlar developerlari bilan tuzishi ehtimoli yuqoriroq. Potensial hamkorlar qatorida Oracle, CoreWeave, Vantage Data Centers, QTS/Blackstone va Digital Realty bor. Bunday kompaniyalar muayyan buyurtmachilar uchun hisoblash quvvatlarini barpo etishi mumkin. Eng yirik texnologik korporatsiyalar bilan muzokaralarni esa parallel ravishda olib borish zarur.
Yirik loyihalarga da’vogarlik qilish uchun O‘zbekistonga investorlar uchun tushunarli takliflar to‘plami kerak. Tayyor maydonlar, ishonchli elektr ta’minoti va oldindan prognoz qilsa bo‘ladigan qoidalar uning asosi bo‘lishi lozim.
Birinchisi — ommaviy e’lonlar berilishidan avval maydonlarni tayyorlab qo‘yish.
Ularning har biri uchun batafsil texnik pasport ishlab chiqish taklif etiladi: unda yer maydoni va uning huquqiy maqomi, mavjud elektr quvvati, tarmoqqa ulanish muddatlari, maishiy iste’molga aloqador bo‘lmagan xususiy generatsiya manbalari, suv ta’minoti va sovitish imkoniyatlari, shuningdek, xalqaro aloqa kanallari ko‘rsatilishi lozim.
Podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlarini qurish xarajatlari alohida belgilab olinishi kerak. Bu potensial investorlarga loyihani baholash va bitimning aniq shartlarini muhokama qilishga o‘tish imkonini beradi.
Ikkinchisi — maxsus rejimni (PF-189) yana uchta viloyatga tatbiq etish: gaz generatsiyasini qayta tiklanadigan energetika bilan uyg‘unlashtirish mumkin bo‘lgan Navoiy; mamlakatning yirik energetika tugunlaridan biri hisoblangan Sirdaryo; hamda o‘qitilgan SI modellarining ishlashi uchun rivojlangan internet-infratuzilmaga va muhandis kadrlarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan Toshkent viloyatlari.
Uchinchisi — oshiruvchi koeffitsiyentlarsiz har bir kVt·soat uchun 0,04 dollarlik qat’iy tarifni belgilab qo‘yish.
Hozirgi vaqtda tig‘iz soatlarda 1,5 koeffitsiyenti tarifni kVt·soat uchun 0,05 dollardan 0,075 dollargacha oshirib yuboradi. Tun-u kun ishlaydigan ma’lumotlar markazlari uchun bu elektr ta’minotining umumiy qiymatini qimmatlashtiradi.
Gap muayyan loyiha uchun qurilayotgan yangi stansiyalardan (avvalo QTEMdan) olinadigan elektr energiyasi haqida bormoqda, aholi uchun mo‘ljallangan quvvatlar haqida emas.
4 sentlik tarif yangi generatsiya tannarxini to‘liq qoplaydi, shu bois ma’lumotlar markazlari boshqa iste’molchilar hisobidan subsidiyalanmaydi. Butun dunyoda yuqori kuchlanishli tarmoqqa ulangan yirik iste’molchilar maishiy iste’molchilarga nisbatan kamroq haq to‘laydi, chunki ularga taqsimlash tarmoqlari kerak emas.
To‘rtinchisi — tig‘iz soatlarda yuklamani har kuni kamaytirish haqidagi talablarni qayta ko‘rib chiqish.
Yirik bulutli texnologiya kompaniyalariga ma’lumotlar markazlarining deyarli uzluksiz ishlashi zarur, shu sababli muntazam cheklovlar ular uchun xavotirli signal hisoblanadi. Tarmoq operatorida iste’molni faqat avariyaviy taqchillik yuzaga kelgandagina — yiliga oldindan kelishilgan soatlar miqdorida va kompensatsiya to‘lash sharti bilan cheklash huquqini saqlab qolish maqsadga muvofiq.
Beshinchisi — yerni ramziy narxda 49−99 yilga ijaraga berishni soddalashtirish va arizalarni ko‘rib chiqishning aniq muddatlari belgilangan “yagona darcha” tizimini yaratish. Loyiha kompaniyalarini Toshkent xalqaro tijorat sudi yoki xalqaro arbitrajda nizolarni hal qilish imkoniyati bilan TXMM yurisdiksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berish. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish kafolatlarini nazarda tutish va shartnomalarda investorlarni kelishilgan shartlarning o‘zgarishidan himoya qilishni mustahkamlab qo‘yish.
Hatto AQSh ham hisoblash quvvatlariga o‘sib borayotgan talabni qondirishga ulgurmayapti. Elektr energiyasi taqchilligi hamda aholi va mahalliy hokimiyatlarning data markazlar qurilishiga qarshiligi O‘zbekiston uchun yangi investorlarni jalb qilish imkoniyatini ochmoqda. Bu poygada energetika infratuzilmasi va bashoratli huquqiy rejimi avvaldan tayyor bo‘lgan tomon g‘alaba qozonadi.
Shu bilan birga, imkoniyatlar darchasi tezda yopilmoqda. Armaniston allaqachon SI-fabrikaning birinchi bosqichini ishga tushirdi va ilg‘or chiplarni yetkazib berish uchun Amerika litsenziyasini oldi, Qozog‘iston esa milliardlab dollarlik kelishuvlarni imzoladi. Agar loyihalarni tayyorlash va hamkorlar bilan muzokaralar tezlashtirilmasa, hozirda Markaziy Osiyo va Kavkazda maydon tanlayotgan investorlar bizni chetlab o‘tgan holda tanlov qilishlari mumkin.
Mamlakat uchun bu faqat investitsiya degani emas. Loyihalar doirasida energiya tizimida qoladigan yangi generatsiya quvvatlari va tarmoqlar paydo bo‘ladi. Qurilish minglab ish o‘rinlarini yaratsa, obyektlarning o‘zi muhandislar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlarini va bunday kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan talabni yuzaga keltiradi. O‘zbekiston kompaniyalari va davlat idoralari mamlakat ichidagi hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, raqamli xizmatlar eksporti esa yangi daromad manbaiga aylanadi.
O‘zbekiston hisoblash quvvatlari uchun kechayotgan jahon poygasiga qo‘shilishga qodir. Buning uchun faqat imtiyozlarning o‘zi kifoya emas. Tayyor maydonchalar, qat’iy belgilangan raqobatbardosh tarif, maxsus rejimni boshqa viloyatlarga ham tatbiq etish, ishonchli huquqiy kafolatlar va ilg‘or chiplarni yetkazib berish bo‘yicha AQSh bilan kelishuv zarur.

