Malayziyalik xonanda Oʻzbekistonda suratga olingan albomini taqdim etdi
Malayziyalik xonanda Hafiz Hamidun Toshkent, Samarqand va Buxoroda suratga olingan videokliplardan iborat albomini taqdim etdi.

Malayziyalik xonanda Oʻzbekistonda suratga olingan albomini taqdim etdi
Mashhur malayziyalik xonanda, bastakor va prodyuser Hafiz Hamidun videomateriallari Oʻzbekistonda suratga olingan «Salawat. The Beloved» nomli yangi musiqiy albomini taqdim etdi. Loyiha allaqachon 1,4 milliondan ortiq tomoshabin auditoriyasini jalb qildi va Janubi-Sharqiy Osiyo aholisini mamlakatning tarixiy-madaniy va turistik salohiyati bilan tanishtirdi.
Suratga olish ishlari avgust oyida Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtdi.
Hafiz Hamidun Malayziya va mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi musulmon auditoriyasi orasida keng tanilgan ijrochi hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda malayziyalik va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa sanʼat arboblarining Oʻzbekistonda ijodiy loyihalarni amalga oshirish va uning tarixiy-madaniy merosini xalqaro auditoriya oʻrtasida targʻib qilishga boʻlgan qiziqishi ortib bormoqda.
Albomning Malayziyadagi taqdimoti OAVda keng yoritildi. Tadbirda 40 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi, 24 ta elektron va bosma nashrlar esa taqdimot haqida materiallar chop etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda 100 ga yaqin publikatsiya va materiallar joylashtirildi.
Taqdimot doirasida Oʻzbekistonning islomiy, tarixiy va madaniy merosiga bagʻishlangan fotokoʻrgazma ham boʻlib oʻtdi.
Hafiz Hamidunning soʻzlariga koʻra, yangi albom qisqa vaqt ichida 1,4 milliondan ortiq tomoshabinni qamrab oldi. Loyiha Oʻzbekistonning madaniy va turistik salohiyatini Janubi-Sharqiy Osiyo auditoriyasi oʻrtasida targʻib qilish uchun zamonaviy media va ijodiy formatlardan foydalanishning namunasi sifatida koʻrilmoqda.
Medialoyiha Oʻzbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi va Turizm qoʻmitasi hamkorligida amalga oshirildi. Uning maqsadlaridan biri mintaqa jamoatchiligini diniy maʼrifat sohasidagi islohotlar va ziyorat turizmini rivojlantirishning zamonaviy imkoniyatlari bilan tanishtirishdan iborat boʻldi.
Tashabbus, shuningdek, Oʻzbekistonning Malayziya va ASEAN mamlakatlari bilan madaniy va turistik diplomatiya sohasidagi hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan.

