Malayziyalik bola maktab oʻquvchisining qotilligida ruhiy nosogʻlomlik asosida oqlandi
Deyarli bir yil avval 16 yoshli oʻsmirning oʻldirilishi Malayziyani larzaga solgan va ijtimoiy tarmoqlar haqida bahs-munozaralarga sabab boʻlgan edi.

Malayziyalik oʻsmir maktab oʻquvchisi qizni oʻldirganlikda ayblanayotgan shov-shuvli ish boʻyicha ruhiy nosogʻlom deb topilib, oqlandi. Sudya voqea sodir boʻlgan vaqtda u ruhiy jihatdan nosogʻlom boʻlgan degan xulosaga keldi.
U poytaxt Kuala-Lumpur chekkasidagi oʻrta maktab hojatxonasida Yap Shing Syuenni pichoqlab oʻldirgan edi.
16 yoshli qizning oʻldirilishi Malayziyani larzaga keltirdi va ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga taʼsiri haqidagi munozaralarga sabab boʻldi.
Politsiya avvalroq ijtimoiy tarmoqlar oʻsha paytda 14 yoshda boʻlgan bolaga taʼsir koʻrsatishda rol oʻynagan boʻlishi mumkinligini aytgan edi.
Bu ish rasmiylarni bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga undagan omil sifatida keng koʻrildi, bu chora joriy yilning boshida amalga oshirila boshlandi.
Malayziya qonunchiligiga koʻra, hali voyaga yetmagani sababli ismi oshkor etilmaydigan bola qotillik ayblovi boʻyicha oʻzini aybdor deb tan olmagan edi.
Sud jarayonida himoyachilar bola qizni oʻldirganini inkor etishmadi, biroq u yillar davomida ruhiy kasallikdan aziyat chekkanini aytib, uni ruhiy nosogʻlomlik asosida oqlashni soʻrashdi.
Ekspert sifatida chaqirilgan psixiatrning aytishicha, bolada shizofreniya boʻlgan va u toʻqqiz yoshidan beri ruhiy kasallik va allasirashlarni boshdan kechirgan.
Uning ahvoli pandemiya davrida va maktabga qaytganidan keyin yomonlashgani aytildi. Advokatlarining soʻzlariga koʻra, u simptomlarini nazorat qilish uchun umrining oxirigacha dori-darmonlar qabul qilishi kerak boʻladi.
Dushanba kuni sudya bolani oqlash haqida qaror chiqardi, ammo shu bilan birga uni ruhiy kasalliklar shifoxonasida saqlash va davolash haqida koʻrsatma berdi.
U jamiyatga qaytishga loyiq deb topilgunga qadar u yerda qoladi va katta ehtimol bilan har yili tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Dushanba kuni himoyachi jurnalistlarga hukmni eshitgandan soʻng, bola "hissiz koʻringani, lekin nima boʻlayotganini, bu juda jiddiy masala ekanligini tushunganini" aytdi.
Sud va hukm eshitish majlislari yopiq eshiklar ortida oʻtkazildi, yaʼni jamoatchilik va OAV vakillarining ishtirok etishi taqiqlandi.
Bu voqea Malayziyani qattiq larzaga keltirdi va ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga zararli taʼsiri boʻyicha umummilliy bahs-munozaralarni kuchaytirdi.
Ushbu munozaralarning katta qismiga bola hibsga olinganda politsiya tomonidan topilgan, internetga sizib ketgan va keng tarqalgan xat sabab boʻldi.
Baʼzilar bu voqeani Netflix platformasidagi "Adolescence" (Oʻsmirlik) seriali bilan solishtirishdi, unda yosh bolaning maktabdosh qizni oʻldirishi va internetdagi radikallashuv muammosi tasvirlangan edi.
Oʻtgan yili Bosh vazir Anvar Ibrohimdan ushbu voqea va maktablardagi boshqa soʻnggi zoʻravonlik holatlari haqida soʻralgan edi.
Mahalliy OAV uning "bu muammolarning deyarli barchasi mobil telefonlar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan kelib chiqadi" degan soʻzlarini keltirdi va u qattiqroq choralar koʻrishni vaʼda qildi.
Shundan soʻng rasmiylar bolalarni himoya qilish va ularning internetdagi zararli kontentga duch kelishini kamaytirishga qaratilgan yangi qoidalarni joriy etishdi.
Iyun oyidan boshlab Malayziyada 16 yoshga toʻlmagan barcha bolalarning yirik ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishi taqiqlandi.

