Malayziyaga safar o‘zbekistonliklar uchun yanada osonlashishi mumkin
O‘zbekiston va Malayziya tomonlari o‘zbekistonliklar uchun 30 kungacha vizasiz tartibni yanada soddalashtirish, shuningdek, uzoq muddatli viza olish jarayonlarini yengillashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston fuqarolari uchun Malayziyaga sayohat qilish jarayoni yanada qulaylashishi mumkin. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berishicha, O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari Malayziya Migratsiya departamenti bosh direktori o‘rinbosari Aminudin bin Yahaya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolari uchun Malayziyada 30 kungacha vizasiz qolish tartibini soddalashtirish hamda uzoq muddatli vizalarni olish jarayonlarini yengillashtirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni mamlakat fuqarolari vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar sonini oshirish va viza jarayonlarini liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni taqdim etdi. Shuningdek, xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish, chet elda ishlayotgan va tahsil olayotgan o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ham ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyoning 93 dan ortiq mamlakati fuqarolari uchun vizasiz tartibni joriy etgan. Bundan tashqari, 70 dan ziyod davlat fuqarolari uchun elektron viza tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Tomonlar O‘zbekiston va Malayziya rahbarlarining o‘zaro tashriflari natijasida savdo-iqtisodiy, turizm, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar faollashib borayotganini ta’kidladilar.
Aminudin bin Yahaya so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimi ortib borayotganini qayd etdi. Malayziya Migratsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda qonuniy bo‘lib turish uchun ruxsatnoma olgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham ko‘paymoqda.
O‘zbekistonliklar Malayziyaga asosan ta’lim olish va malakali mutaxassis sifatida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida borayotgani ma’lum qilindi.

