Mahallalar hududlarni koʻkalamzorlashtirishda faolroq ishtirok etadi
1 oktyabrdan Oʻzbekistonda ikki oylik obodonlashtirish kampaniyasi boshlanadi, 2027 yildan esa mahallalarda koʻkalamzorlashtirish boʻyicha yangi chora-tadbirlar paketi joriy etiladi. Mikrooʻrmonlar va mini-bogʻlar tashkil etish, mahallalarga mutaxassislarni biriktirish hamda yashil maydonlar uchun yerlardan foydalanishning yangi qoidalari nazarda tutilgan.

Mahallalar hududlarni koʻkalamzorlashtirishda faolroq ishtirok etadi
PF–206-sonli Farmonda «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalarning rolini kuchaytirish va hududlarni koʻkalamzorlashtirish darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
1 oktyabrdan respublikada ikki oylik obodonlashtirish kampaniyasi boshlanadi. Ushbu davrda yashil maydonlarni joylashtirish uchun uchastkalar belgilanadi, yer maydonlari tayyorlanadi, shuningdek, koʻchatlar va butalar zaxirasi shakllantiriladi.
2026 yilda ekish mavsumi quyidagi muddatlarda boshlanadi:
Har bir mahallaga oʻrmon tarbiyachisi biriktiriladi
2027 yil 1 yanvardan boshlab «Yashil mahalla» loyihasi doirasida «Mahallani koʻkalamzorlashtirish» chora-tadbirlar paketi joriy etiladi. Har bir mahallaga Oʻrmon barpo qilish va yashil hududlarni kengaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligining mutaxassisi – oʻrmon tarbiyachisi biriktiriladi.
U mahalla kengashi aʼzolari uchun har bir ekish mavsumi boshlanishidan oldin kamida bir marta qisqa muddatli oʻquv kurslarini oʻtkazadi.
Bundan tashqari, 2026 yil kuz mavsumidan boshlab «Yashil uchastka» tizimi joriy etiladi.
Mahallalarda mikrooʻrmonlar va mini-bogʻlar tashkil etiladi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy hokimliklar Mahallalar uyushmasi, Oʻrmon barpo qilish agentligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda yerdan foydalanish imkoniyatlari cheklangan hududlarda mikrooʻrmonlar tashkil etadi.
Gap, xususan, koʻp kvartirali uylar orasidagi yer uchastkalari, shuningdek, maktab va bolalar bogʻchalari hududlari haqida bormoqda. Maydoni 200 dan 1 000 kv. metrgacha boʻlgan uchastkalarning har bir kvadrat metriga kamida ikkita daraxt va buta ekilishi kerak.
Yer uchastkalarini ajratish imkoni boʻlmagan yoki hududlari beton va asfalt bilan qoplangan tumanlarda jamoatchilik mini-bogʻlari tashkil etiladi. Buning uchun mahalliy hokimiyat organlari va homiylar koʻchatlar uchun yirik konteynerlar oʻrnatadi, Oʻrmon barpo qilish agentligi ularni yetkazib berishni taʼminlaydi, mahallalar esa xohlovchi fuqarolar ishtirokida ekish va keyingi parvarishni tashkil qiladi.
Koʻkalamzorlashtirish uchun moʻljallangan yerlarda qurilish qilish taqiqlanadi
Ekologiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, shuningdek, viloyatlar va shahar hokimliklariga jismoniy va yuridik shaxslarga shartnoma asosida yashil maydonlar barpo etish uchun yer uchastkalari ajratish huquqi beriladi.
Bunday uchastkalardan faqat belgilangan maqsadda foydalanilishi mumkin. Ular jismoniy yoki yuridik shaxslarga mulk qilib berilmaydi. Ularda qurilish qilish, konstruktsiyalar oʻrnatish va yashil maydonlarni barpo etish hamda saqlash bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi. Bunda aholining bunday hududlarga kirishi cheklanmaydi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 25.09.2026 yildan kuchga kirdi.

