Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktiriladi
Mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish taklifi ham muhokama qilindi. Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga

Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktiriladi
Mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtzor va bog‘lar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, ekilgan ko‘chatlarni asrab qolish, ularni sug‘orish va parvarishlashni tizimli yo‘lga qo‘yishda ayrim kamchiliklar mavjud.
O‘tgan yil bahorda ekilgan ko‘chatlarning bir qismi qurib qolgan. Bunga hudud iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv ta’minoti yo‘q joylarga ko‘chat ekish, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralar yetarli emasligi sabab bo‘layotgani qayd etildi. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan o‘rmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ishlar samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini alohida qayd etdi.
Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joyi va sug‘orish tizimi aks etgan “yashil xarita”larni ishlab chiqib, aholiga e’lon qilish topshirildi. Mahalla raislari bilan birga har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi yuklatildi.
Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yo‘laklari va tunu kun ishlaydigan ko‘chalarda tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Taqdimotda “Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish, uylar, maktab va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘larini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat ko‘ngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilandi.
Mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish taklifi ham muhokama qilindi. Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketishi va aholining ishtiroki asosiy mezon bo‘ladi.
Hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda “3-30-300” tamoyiliga asoslangan dasturlarni amalga oshirish taklif etildi.
Yangihayotda mahalla va jamoat bog‘lari, soya-salqin sayr ko‘chalari hamda sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish rejalashtirilgan. Sizot suvlarini to‘plab, sug‘orishda qayta ishlatish, suv o‘tkazuvchan qoplamalardan foydalanish, organik qoldiqlardan kompost tayyorlash kabi yechimlar nazarda tutilmoqda. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari sanoat tashlanmalarini kamaytirish, havo sifatini avtomatik nazorat qilish va chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish bilan birga olib boriladi.
Olot tumanida cho‘l sharoitiga mos, suvni kam talab qiladigan o‘simliklar hisobiga yashil qoplamani kengaytirishga e’tibor qaratiladi. Mahalliy ko‘chatchilikni rivojlantirish, dendrologiya bog‘i va sho‘rga chidamli o‘simliklar bog‘ini tashkil etish, yo‘l va kanallar bo‘yida himoya daraxtzorlarini barpo qilish taklif etilgan.
Urgutda tog‘ va tog‘oldi hududlariga mos ko‘kalamzorlashtirish, dendrologiya bog‘i va jamoat parklarini yaratish, sanoat zonasi hamda temir yo‘l atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida mahalliy daraxt va buta urug‘lari asosida tabiiy o‘simlik qoplamini tiklash choralari ham ko‘riladi.
Loyihaning ilmiy ta’minotini kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Yashil AI” modulini tajriba tariqasida ishga tushirish rejalashtirilgan. Sun’iy intellekt yordamida tuproq, iqlim va suv ta’minoti tahlil qilinib, ko‘chat ekish uchun maqbul maydonlar va daraxt turlari bo‘yicha tavsiyalar shakllantiriladi. Ko‘chatlarning qurishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlash, mas’ullarni ogohlantirish hamda natijalarni yagona xaritada ochiq kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Cho‘llanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va bu yo‘nalishda xalqaro grantlarni jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi. 2027 yil 1 iyulga qadar har bir hududda shunday namunaviy loyihani yo‘lga qo‘yish topshirildi.

