Mahalliy

Madaniy meros agentligi Bobur koʻchasidagi 7-uyning buzilish xavfi tufayli Bosh prokuraturaga murojaat qildi

Madaniy meros agentligi Bobur koʻchasidagi 7-uyning buzilish xavfi tufayli Bosh prokuraturaga murojaat qildi

Madaniy meros agentligi Toshkent shahri Yakkasaroy tumani, Bobur koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan moddiy madaniy meros obʼyektining saqlanishini taʼminlash yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat yoʻlladi. Idora poytaxt hokimining 2018 yil 30 oktyabrdagi ushbu manzildagi binolarni buzish toʻgʻrisidagi qaroriga huquqiy baho berishni soʻramoqda.

Bino davlat muhofazasida hisoblanadi. 2020 yilda Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi uni Moddiy madaniy meros obʼyektlari milliy roʻyxatiga kiritishni maʼqullagan, 2021 yilda esa obʼyektni roʻyxatdan chiqarish toʻgʻrisidagi taklif rad etilgan. Shu bilan birga, holatni oʻrganish davomida binoning huquqiy maqomi belgilanishidan oldin Toshkent shahar hokimligi ushbu yer uchastkasini mavjud binolarni buzish va koʻp qavatli turar joy binosi qurish uchun "UNIVERSAL PACKING MASTERS" kompaniyasiga ajratib bergani aniqlandi.

Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Elmurod Najimov idora barcha holatlarga xolis huquqiy baho berishni va oʻtmishda qabul qilingan maʼmuriy qarorlar madaniy meros obʼyektining yoʻqotilishiga asos boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikni printsipial jihatdan muhim deb hisoblashini taʼkidladi.

Qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, Agentlik hokim qarorini bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrishni, shuningdek, binoning buzilishi, shikastlanishi yoki unga boshqacha tarzda zarar yetkazilishining oldini olishni soʻraydi. Barcha huquqiy masalalar hal etilgunga qadar obʼyekt davlat muhofazasida va doimiy monitoringda boʻladi.

Toshkentda Yakkasaroy tumani, Bobur koʻchasidagi tarixiy 7-uyning taqdiri yana muhokama qilinmoqda. Bunga Jemchug House kompaniyasining binoda yashovchilardan birini majburiy koʻchirish boʻyicha daʼvosi yuzasidan 4 sentyabrga belgilangan sud majlisi sabab boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar fonida Oʻzbekiston Madaniy meros agentligi uy madaniy meros obʼyekti maqomini saqlab qolganini va davlat muhofazasida ekanini maʼlum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.