Madaniy meros agentligi Adabiyot muzeyi atrofidagi vaziyatga izoh berdi
Davlat adabiyot muzeyi uchun Yangi Toshkentda yangi bino qurilmoqda, unga qadar muzeydagi madaniy boyliklar vaqtincha ikkita muassasaga koʻchirilyapti. Navoiy koʻchasidagi tarixiy bino esa uzoq yillardan beri shu binoda faoliyat yuritib kelgan Davlat yoshlar teatriga berilgan va taʼmirlashga tushgan. Obyekt egasining oʻzgarishi – uning madaniy meros sifatida muhofaza etilishiga taʼsir koʻrsatmaydi.

**Madaniy meros agentligi Adabiyot muzeyi atrofidagi vaziyatga izoh berdi**
Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosi sirli tarzda boshqa tashkilotga berib yuborilayotgani va madaniy meros obyektiga zarar yetishi xavfi borligi haqida xabarlar tarqaldi. 16-oktabr kuni Madaniy meros agentligi bu xabarlardan so‘ng o‘rganish ishlari olib borilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Shayxontohur tumani Alisher Navoiy ko‘chasi 69-uy manzilida joylashgan bino madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan.
Bino hukumat qarori bilan operativ boshqaruv huquqi asosida Davlat yoshlar teatriga tekin foydalanishga berilgan.
“Bu obyektning boshqa foydalanuvchiga o‘tkazilishi uning “madaniy meros obyekti” maqomini mutlaqo o‘zgartirmaydi.
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, moddiy madaniy meros obyektining foydalanuvchisi yoki mulkdori kim bo‘lishidan qat’i nazar, uning tashqi va ichki ko‘rinishini obyekt pasportiga kiritilgan muhofaza mazmuni ma’lumotlariga muvofiq holda saqlash majburiyati o‘z kuchida qoladi. Foydalanuvchi o‘zgarishi huquqiy majburiyatlarni bekor qilmaydi, balki yangi foydalanuvchi (teatr) zimmasiga yuklaydi.
Mazkur obyekt tarixan va arxitekturaviy jihatdan “Rus yosh tomoshabinlar teatri binosi” sifatida barpo etilgan bo‘lib, Davlat yoshlar teatri uzoq yillardan buyon ushbu majmuaning bir qismida faoliyat yuritib keladi. Bino hukumatning XDFU (Xizmat doirasida foydalanish uchun) qarori bilan teatrga berilganining sababi - mazkur majmuani yagona madaniy-teatr majmuasi sifatida saqlab qolish va teatrning kengaygan ehtiyojlari (repetitsiya zallari, grim xonalari, dekoratsiya ustaxonalari) uchun sharoit yaratishdir”, – deyiladi Madaniy meros agentligi izohida.
Ta’kidlanishicha, qonunchilikka muvofiq, davlat ko‘chmas mulki hisoblangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi. Bino madaniy meros obyektlari ro‘yxatida bo‘lgani bilan.

