Mahalliy

Fanlar akademiyasi Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining ko‘chirilishiga izoh berdi

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish, muzey faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi hamda

**Fanlar akademiyasi Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining ko‘chirilishi yuzasidan izoh berdi**

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi fondlarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish, muzey faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi hamda mavjud binodan kelgusida foydalanish masalalari bo‘yicha turli fikr va mulohazalar tarqalmoqda.

Fanlar akademiyasi mazkur xabarlarga izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, muzey fondlarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish ishlari milliy adabiy merosni asrab-avaylash, nodir manbalarning butligi va xavfsizligini ta’minlash hamda ularni xatlovdan o‘tkazish maqsadida amalga oshirilmoqda. Muzeyning qo‘lyozma va toshbosma manbalari, shuningdek, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallarni ko‘chirish belgilangan tartibda yo‘lga qo‘yilgan.

Birlamchi xatlov jarayonida dastlabki hisob ma’lumotlari bilan muzey ashyolarining aniqlangan miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘rtasida ayrim tafovutlar qayd etilgan. Xususan, nodir qo‘lyozmalar, toshbosma nashrlar hamda O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari arxiviga oid materiallar sonida farqlar aniqlangan.

Ma’lumot uchun: 2026 yil 9 iyun kuni muzeyning «Nodir qo‘lyozmalar va toshbosmalar» fondida doimiy saqlovda bo‘lgan ro‘yxat asosidagi 847 nomdagi nodir qo‘lyozma manbalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining maxsus saqlash xonasiga joylashtirilgan. Topshirish-qabul qilish ishlari mas’ul komissiya ishtirokida amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, fondlarni birlamchi xatlovdan o‘tkazish jarayonida dastlabki hisob ma’lumotlari bilan mavjud ashyolarning miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘rtasida ham ayrim tafovutlar aniqlangan. Jumladan, nodir qo‘lyozmalar soni 831 ta o‘rniga 847 ta, toshbosma nashrlar 1 334 ta o‘rniga 1 491 ta, yozuvchi va shoirlar arxiviga oid materiallar esa 173 ta o‘rniga 189 ta ekani qayd etilgan. Shuningdek, shaxsiy fond bo‘yicha 1 450 188 ta hujjat hisobga olingan.

Hozirda ushbu tafovutlar sababini aniqlash uchun mavjud hisob hujjatlari, inventar kitoblari va fond ro‘yxatlari o‘zaro solishtirilmoqda. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, ma’lumotlar belgilangan tartibda aniqlashtiriladi va rasmiylashtiriladi.

Aytilishicha, muzey tashrif buyuruvchilar va tadqiqotchilar uchun vaqtincha yopilgan bo‘lsa-da, muassasa xodimlari faoliyatini davom ettirmoqda. Fondlarni xatlovdan o‘tkazish, hujjatlarni aniqlashtirish va muzey ashyolarini muhofaza qilish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Muassasaning Yangi Toshkent hududida barpo etilishi rejalashtirilgan yangi binosi foydalanishga topshirilgach, fondlarni u yerga ko‘chirish va muzey faoliyatini davom ettirish ko‘zda tutilgan. Muzeyning mavjud binosidan kelgusida foydalanish masalasi tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartib va qabul qilingan qarorlar asosida hal etiladi.

Fanlar akademiyasi muzey fondlarining saqlanishi, ularning hisobini yuritishda aniqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, muzeyning kelgusi faoliyatini samarali tashkil etish zarurligini ta’kidlaydi.

«Madaniy merosni asrab-avaylash nafaqat tegishli muassasalarning, balki butun jamiyatning muhim vazifasidir. Shu bois muzey fondlarining holati, xatlov natijalari, ashyolarning saqlanish sharoitlari va muzeyning kelgusi faoliyatiga oid masalalarda aniq va to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish muhim hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.