«Lukoyl»ning Rossiyadagi toʻrtta yirik neft zavodidan uchtasi ishini toʻxtatdi
Rossiyaning «Lukoyl» neft kompaniyasiga qarashli toʻrtta neftni qayta ishlash zavodidan uchtasi Ukraina Qurolli kuchlarining dron hujumlaridan soʻng faoliyatini toʻxtatdi. Ayni paytda kompaniyaning Rossiyadagi zavodlari orasida faqat Uxtadagi korxona ishlashda davom etmoqda.

«Lukoyl»ning Rossiyadagi toʻrtta yirik neftni qayta ishlash zavodidan uchtasi faoliyatini toʻxtatdi.
Reuters agentligining 26-avgustdagi xabariga koʻra, Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasiga tegishli toʻrtta neftni qayta ishlash zavodidan uchtasi dron hujumlari natijasida ishlamay qolgan. Bu maʼlumot uchta manbaga tayanib berilgan.
Nijniy Novgorod viloyatining Kstovo shahridagi «Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez» zavodi tungi hujumdan soʻng faoliyatini toʻxtatgan. Bu zavod Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi boʻyicha toʻrtinchi, benzin ishlab chiqarish boʻyicha esa ikkinchi yirik korxona hisoblanadi. U yiliga qariyb 15 million tonna neftni qayta ishlash va taxminan 5 million tonna benzin ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Reuters manbasining taʼkidlashicha, dron hujumi natijasida zavoddagi bir nechta texnologik qurilmalar, sexlararo kommunikatsiyalar va umumzavod obyektlari shikastlangan. Shu sababli korxona vaqtincha ishini toʻxtatgan. Zavodni taʼmirlash va ishlab chiqarishni qayta yoʻlga qoʻyish uchun qancha vaqt ketishi hozircha nomaʼlum.
Kstovodagi zavoddan tashqari, «Lukoyl»ning Volgograddagi neftni qayta ishlash korxonasi ham 31-iyulga oʻtar kechasi sodir boʻlgan hujumdan keyin ishini toʻxtatishga majbur boʻlgan edi. Kompaniyaning Permdagi NQZ esa 21-avgustga oʻtar kechasi amalga oshirilgan hujumdan soʻng faoliyatini toʻxtatgan.
Shu tariqa, hozirda «Lukoyl»ning Rossiyadagi toʻrtta neftni qayta ishlash zavodidan faqat bittasi – «Lukoyl-Uxtaneftepererabotka» ishlamoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning turli hududlaridagi neftni qayta ishlash obyektlariga muntazam ravishda dronlar bilan zarba bermoqda. Xususan, 25-avgustga oʻtar kechasi Rostov viloyatidagi obyektlarga qilingan hujumlardan soʻng, mahalliy hokimiyat Novoshaxtinsk shahridagi neftni qayta ishlash korxonasiga zarar yetganini maʼlum qildi. Natijada bu zavod ham ishini toʻxtatishga majbur boʻlgan.
Bundan tashqari, iyul oyi oxiridagi hujumdan keyin Tyumendagi neftni qayta ishlash zavodi ham vaqtincha faoliyatini toʻxtatgan edi. Reuters manbalariga koʻra, zarba natijasida korxonada dizel yonilgʻisini gidrotozalash qurilmasida yongʻin chiqqan. Shuningdek, yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishga moʻljallangan kompleks qurilma ham ishdan chiqqan boʻlishi mumkinligi xabar qilingan.

