Loyiha-qidiruv ishlarining qiymati yagona mezonlar boʻyicha hisoblanadi
Byudjet obʼyektlari uchun loyiha-qidiruv ishlarining qiymati va muddatlarini hisoblashning yagona tartibi joriy etilmoqda, loyiha tashkilotlari esa 30 % miqdorida avans oladi.

Loyiha-qidiruv ishlarining qiymati yagona mezonlar boʻyicha belgilanadi
Vazirlar Mahkamasining 21.10.2026 yildagi 584-son qarori bilan Loyiha-qidiruv ishlari qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom loyiha-qidiruv ishlarining manzilli roʻyxatiga kiritilgan va byudjet tizimi byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan obʼyektlarga tatbiq etiladi. Ishchi loyiha qiymati buyurtmachi tomonidan obʼyekt qurilishining qiymati va uning murakkablik toifasidan kelib chiqib aniqlanadi.
Loyihalashning murakkab sharoitlarida oshiruvchi koeffitsiyentlar, tayyor namunaviy loyihalardan foydalanilganda esa kamaytiruvchi koeffitsiyentlar (0,4 dan 0,7 gacha) qoʻllaniladi. Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari (LSH) boʻyicha obʼyekt qiymati boshlangʻich qiymatdan 1,5 baravar va undan ortiq oshgan taqdirda, ishlar qiymati qayta hisoblab chiqilishi kerak.
Ekspertizadan oʻtgan LSHga kiritilgan oʻzgartirishlar uchun taraflarning kelishuviga koʻra alohida haq toʻlanadi. Loyiha tashkilotlari chegirmalar taqdim etishi mumkin.
Loyihalash muddati shartnoma boʻyicha boʻnak (avans) toʻlangandan keyin hisoblanadi. Ishlarning davomiyligi Nizomda koʻrsatilgan meʼyorlar boʻyicha aniqlanadi.
Maqsadli dasturlar obʼyektlari boʻyicha loyiha tashkilotlariga bir yoʻla 30 foiz miqdorida boʻnak toʻlanadi. Mualliflik nazorati xarajatlari shartnomada alohida koʻrsatiladi va LSHni ishlab chiqish qiymatining 10 foizini tashkil etadi.
Loyihalash topshiriqlari elektron tender savdolari platformasida raqamli formatda joylashtiriladi va ERI bilan imzolanadi. LSH buyurtmachi tomonidan «Shaffof qurilish» MIZ orqali qabul qilinadi va bir ish kuni ichida avtomatik ravishda ekspertizaga yuboriladi.
2027 yil 1 martdan boshlab namunaviy loyihalar «Shaffof qurilish» MIZga joylashtiriladi. Ekspertizaning ijobiy xulosasi olingandan soʻng loyihaga asossiz oʻzgartirishlar kiritish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 20.08.2020 yildagi 496-son qarori bilan tasdiqlangan Maʼmuriy reglamentga qurilish obʼyektlarining toʻrtta murakkablik toifasi boʻyicha tasnifi yangi tahrirda bayon etildi.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 24.01.2027 yildan kuchga kiradi.

