Dunyo

«Londondagi uy-joy inqirozini yengish uchun oʻz uyimni oʻzim qurdim»

Londondagi odamlar yangi koʻnikmalarni oʻrganib va barqarorlikka erishib, qanday qilib oʻz uylarini qurishga qaror qilishgani haqida.

«Londondagi uy-joy inqirozini yengish uchun oʻz uyimni oʻzim qurdim»

Tim Oshodi 1990-yillarda qora tanlilar boshchiligidagi uy-joy kooperativi tarkibida Lyuishemda qurilgan 13 ta uydan birini barpo etgan

Poytaxtda hamyonbop uy topish juda qiyin, shu bois uy-joy sotib olishga qurbi yetmayotgan yoki ijara haqini toʻlashga qiynalayotgan har bir kishi uchun oʻz uyini oʻzi qurish jozibador variant boʻlib tuyulishi mumkin.

1990-yillarda Londonda ayrim uy-joy kooperativlari ijtimoiy uylardan iborat butun boshli koʻchalarni barpo etishdi va bu jarayonda bir-birlariga bilim va qurilish koʻnikmalarini ulashishdi.

Ammo 30 yil oʻtib, bugungi kunning yanada qatʼiy qurilish qoidalariga rioya qilgan holda, ushbu model hali ham samarali ishlay oladimi?

Tim Oshodi Lyuishemda oʻzi qurgan, katta bogʻli ikki xonali uyda yashaydi.

Bu radikal arxitektor Valter Segal uslubidagi yogʻoch karkasli uy boʻlib, mahalliy kengash tomonidan tarixan oddiy uy-joy qurilishi uchun yaroqsiz deb belgilangan yerda joylashgan.

Oshodi Londondagi qora tanlilar boshchiligidagi birinchi uy-joy kooperativi — «Fusions Jameen»ning aʼzosi boʻlgan. Ushbu kooperativ bundan qariyb 30 yil avval Nubia Ueyda (Nubia Way) 13 ta ijtimoiy uyni oʻz kuchi bilan qurgan boʻlib, ularning har biri kafolatlangan ijara muddati va ijara haqidan 30 foizlik chegirmaga ega edi.

«Uy-joyga ega boʻlish uchun biz qora tanlilar boshchiligidagi oʻz kooperativimizni tashkil qilishimiz kerak edi», deb tushuntirdi Tim.

Nubia Ueydagi oʻz kuchi bilan qurilgan, har biri oʻt bilan qoplangan tomga ega 13 ta yogʻoch uy atrofdagi tabiiy muhit bilan uygʻunlashib ketish uchun loyihalashtirilgan edi

Uylar 1994 va 1997 yillar oraligʻida, kooperativ rivojlanishi uchun «Chisel Housing Association» tomonidan sotib olingan foydalanilmaydigan garaj maydonida qurilgan.

Shundan soʻng, uy-joy kooperativi afrikalik/karib havzasidan boʻlganlarga, Lyuishem aholisiga va uy-joyga muhtoj boʻlgan har bir kishiga ustuvorlik bergan holda, odamlarni hamkorlikka chaqirdi.

Ular u yerda oʻzlarining ijtimoiy uylarini qurishga taklif qilindi: munosib yashash joyi evaziga bepul mehnat.

Dastlab yuzlab odamlar oʻz uylarini qurish uchun roʻyxatdan oʻtishdi, biroq loyihani uch yil davomida yakunlash uchun haftasiga 24 soat vaqt ajratish talabi koʻpchilikning ketib qolishiga sabab boʻldi. Natijada ishni davom ettirish uchun tajribasiz, lekin fidoyi odamlardan iborat ancha kichik guruh qoldi.

«Hozir bundan foydalanilmaydi, lekin biz ustun va toʻsinli usuldan foydalanganmiz. Karkaslarni yerda yasab, keyin ularni yuqoriga koʻtararding. Bu birinchi marta qurilish qilayotganlar uchun osonroq edi», dedi Tim.

Nubia Ueydagi quruvchilar radikal arxitektor Valter Segal uslubidagi ustun va toʻsinli usuldan foydalanishgan

Qurilish davomida ular mahalliy aholi tomonidan adovat va irqchilikka duch kelishdi.

1993 yilda qora tanli oʻsmir Stiven Lourens yaqin atrofdagi Eltemda irqchilik hujumi oqibatida oʻldirildi.

Uylarga oʻt qoʻyib yuborilishining oldini olish uchun quruvchilar tunda hududni qoʻriqlashlariga toʻgʻri keldi.

1990-yillarda Londondagi irqchilikka qarshi namoyishchilar

«Bizni oq tanli ishchilar sinfining uylarini tortib olayotgan afrikalik qochqinlar degan mish-mishlar yurardi», dedi Oshodi.

«Ammo biz Battersidan, Pekxemdan kelgan qochqinlar edik», deb tushuntirdi u.

Qiyinchiliklarga qaramay, uylar nihoyat muvaffaqiyatli qurib bitkazildi va 30 yil oʻtib, bugungi kunda Nubia Ueyda turli millat va elatlarga mansub ahil jamoa yashamoqda.

Nubia Uey loyihasining muvaffaqiyati boshqalarni ham shunga oʻxshash oʻz uylarini qurishga ilhomlantirdi.

1990-yillarning oxirida yolgʻiz ona Sharmeyn MakNelli ikki oʻgʻli va bir qizi bilan Lyuishemdagi koʻp qavatli uyning ikki xonali kvartirasida yashardi, ularning barchasi bir xonani baham koʻrishardi.

Sharmeyn besh xonali yogʻoch karkasli uy qurdi

Kunlardan bir kun uy-joy idorasida boʻlganida, u «South London Family Housing Association» (SLFHA) tomonidan chiqarilgan oʻz uyingni oʻzing qurish haqidagi varaqani koʻrib qoldi.

«Menga boshqa blokdan kvartira taklif qilishgandi, lekin u hozirgi uyimdan katta boʻlmagani uchun rad etgandim va shu sababli roʻyxatdan chiqarilgandim», deydi u.

«Yigʻilishlardan birida Tim (Oshodi)ning oʻz kuchi bilan qurilish qilish haqida gapirayotganini koʻrdim».

U qoʻshilishga qaror qildi.

«Chorasiz edim. Boshqa ilojim yoʻq edi. Ilojing boʻlmaganda esa, buni uddalashing kerak».

Uch yil davomida u Chinbruk parki yaqinida, ayollar boshchiligidagi qurilish loyihasida hozirgi besh xonali uyini qurib bitkazdi.

Midou Leyndagi (Meadow Lane) 14 ta uy ijara haqini 10 foizga kamaytirish va kafolatlangan ijara muddati evaziga qurilgan.

Bu tajribadan kuch olgan va koʻproq ish qilishga intilgan MakNelli faqat ayollardan iborat muvaffaqiyatli qurilish va taʼmirlash kompaniyasiga asos soldi. U yerda asosan Midou Leyndagi qurilish maydonchasida ishlagan ayollarni ish bilan taʼminladi.

Onasining yutuqlaridan ilhomlangan oʻgʻli ham keyinchalik oʻz uyini qurdi va shaxsiy qurilish firmasini tashkil etdi.

Sharmeyn qurilishda boshidan oxirigacha qatnashdi va hatto tajriba orttirish uchun boshqa maydonchalarda ham yordam berdi

Yillar oʻtib, MakNelli nihoyat oʻzi qurgan uyni sotib olishga muvaffaq boʻldi.

Loyiha haqida qanday fikrda ekani soʻralganda, u shunday dedi: «Oʻzim bilan faxrlanaman, chunki menga bu shunchaki berilmadi. Men bunga mehnatim bilan erishdim va bunga loyiqman».

Levent Kerimol — «Community Led Homes» ijtimoiy korxonasi direktori.

U jamoaviy oʻz kuchi bilan quriladigan uylar koʻpayishini istaydi, biroq Buyuk Britaniyada tobora qatʼiylashib borayotgan qurilish qoidalari tufayli oʻz uyini qurish hali ham juda qiyin deb hisoblaydi.

«Hozirgi kunda qurilish qoidalari, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi, sugʻurta hamda moliyalashtiruvchilarning talablari tufayli qurilish ancha murakkablashdi. Bu esa, ayniqsa, davlat mablagʻlari hisobidan bunday mustaqil qurilishni amalga oshirishni juda qiyinlashtiradi».

Uning soʻzlariga koʻra, Londonda kooperativ va jamoaviy boshqariladigan uy-joylar yiliga uy-joy bozorining taxminan 0,1 foizini tashkil qiladi. Vaholanki, bu koʻrsatkich koʻplab Yevropa shaharlarida ancha yuqori: Berlinda taxminan 11%, Tsyurixda 20%, Venada 50% gacha boʻlib, Barselona va Amsterdamda ham bu harakat kengayib bormoqda.

«Biroq buni amalga oshirish hali ham juda qiyin va muvaffaqiyat kafolatisiz koʻp yillar talab qilishi mumkin», deya qoʻshimcha qildi Kerimol.

«Bu biz jamoaviy mulkchilik orqali hal qilmoqchi boʻlgan masaladir. Bu odamlarga oʻzlari qoʻshnilari bilan birgalikda uy egasi sifatida nazorat qiladigan barqaror, hamyonbop uylarga koʻchib oʻtishlarini osonlashtiradi».

«Naked House» (Yalangʻoch uy) loyihasi yana bir muqobil variantdir.

Bu oʻz kuchi bilan qurish emas, balki buyurtma asosida qurishdir, yaʼni uyning asosiy karkasi siz uchun tayyorlab beriladi, xaridorlar esa pol, devor va tashqi plitkalarni qoʻshish orqali uyni oʻzlariga moslashtirishlari mumkin.

Bu uylar ijtimoiy emas, balki xususiydir, lekin ular hamyonbop boʻlishi uchun loyihalashtirilgan boʻlib, mulk huquqi bozor narxidan 20 foiz past narxda sotiladi.

«Boshlangʻich narxlar 235 000 funt sterlingni tashkil etadi. Kattaroq uylar taxminan 330 000 funt sterlingga tushadi, bu koʻpdek tuyulishi mumkin, lekin ikkita daromad manbaiga ega oila uchun hamyonbopdir», dedi «Naked House» notijorat jamoat qurilish tashkiloti asoschilaridan biri Saymon Shuffo.

«Naked House» hammuassisi Saymon Shuffo oʻzi yashay oladigan uy qurmoqchi edi

«U juda oddiy koʻrinishga ega, shuning uchun odamlarda uyni oʻz didlariga koʻra bezatish uchun katta imkoniyat bor».

«Naked House» loyihasini boshlash uchun yillar kerak boʻldi. Bu shunchalik uzoq davom etdiki, Shuffo va uning doʻstlari qurilish boshlanishidan oldin London tashqarisidan uy sotib olishga majbur boʻlishdi, vaholanki dastlabki reja oʻzlari yashaydigan uylarni qurish edi.

«Naked Build» maydonchasidagi quruvchilar, xayriyatki, toʻliq kiyingan

«Biz ildiz otgan jamoalarimizdan narxlar qimmatligi sababli siqib chiqarilayotgan edik», deb tushuntirdi u.

«Jamoa va barqarorlik — odamlar uy-joydan aynan shuni xohlashadi», deb hisoblaydi Shuffo. «Baʼzida yirik uy quruvchilar buni unutib qoʻyishadi».

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.