Lokomotivlarni yangilashdan tortib minerallarni qayta ishlashgacha. Mirziyoyev Wabtec va Traxys bilan nimalarni muhokama qildi

Lokomotivlarni modernizatsiya qilishdan tortib minerallarni qayta ishlashgacha. Mirziyoyev Wabtec va Traxys bilan nimalar haqida gaplashdi
Oʻzbekiston Amerikaning Wabtec va Traxys kompaniyalari bilan uzoq muddatli xizmat koʻrsatish sharti bilan lokomotivlar yetkazib berish, kon-shaxta texnikalari uchun servis markazini tashkil etish, shuningdek, muhim minerallarni chuqur qayta ishlash va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini muhokama qildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 oktyabr kuni ushbu kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Wabtec direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santana bilan uchrashuvda mamlakatning temir yoʻl infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanishini hisobga olgan holda lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish haqida soʻz bordi.
Tomonlar AQSh moliya institutlari ishtirokida uzoq muddatli servis xizmati koʻrsatish sharti bilan lokomotivlar yetkazib berish variantini koʻrib chiqdilar. shuningdek, Oʻzbekistonda temir yoʻl texnikasiga texnik xizmat koʻrsatishni tashkil etish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning yana bir yoʻnalishi togʻ-kon korxonalarining karyer texnikalari uchun servis markazini tashkil etish boʻlishi mumkin. Uchrashuv ishtirokchilari dizel-generator qurilmalari sohasidagi hamkorlikka ham toʻxtalib oʻtdilar.
Traxys bosh ijrochi direktori Mark Kristoff bilan oʻtkazilgan muzokaralarda asosiy eʼtibor muhim minerallar va xomashyoni chuqur qayta ishlashga qaratildi. Tomonlar Amerika texnologiyalaridan foydalangan holda yuqori qoʻshilgan qiymatli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni muhokama qildilar.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, oʻtgan bir yil ichida Traxys bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi: shartnomaviy bitimlar tuzildi, Toshkentda esa kompaniyaning Markaziy Osiyodagi birinchi mintaqaviy ofisi ochildi.
Traxys muhim xomashyo va minerallarni yetkazib berishga ixtisoslashgan, shuningdek, ularni xarid qilish, logistika, moliyalashtirish va sotish bilan shugʻullanadi. Kompaniya 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi.

