Dunyo

Livan Isroilni o‘rmon va ekin maydonlarini qasddan yoqishda aybladi

Livan Isroilni o‘rmon va ekin maydonlarini ataylab yoqishda ayblamoqda. Bu ayblovlar 2026-yil yozida butun dunyoda kuchli issiq tufayli o‘rmon yong‘inlari ko‘paygan bir paytda yangramoqda. Arab News xabariga ko‘ra, Livan rasmiylari va aholisi Isroil harbiylarini mamlakat janubidagi o‘rmonlar va ekin maydonlarini muntazam ravishda yoqib yuborishda ayblamoqda.

Shaqra qishlog‘ida yashovchi 36 yoshli Haydar Qoteyshning so‘zlariga ko‘ra, atigi 5 kilometr uzoqlikda joylashgan, ammo Isroil harbiylari nazoratidagi Hula qishlog‘idagi maydonlar va bog‘lar yonib ketgan. To‘rt farzandning otasi AFP agentligiga telefonda shunday dedi: “Ular hammasini yoqib yubordi. Maydonlar butunlay qorayib yotibdi”. U qo‘shimcha qildi: “Yoqilmagan yerlarni esa buldozer bilan surib tashlashdi. Bu juda katta yo‘qotish, biz hech narsa qila olmaymiz”.

Livanning Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha milliy kengashi (CNRS) maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yil oktyabr oyida Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanganidan beri Isroil harbiylari harakatlari natijasida 160 kvadrat kilometr yer yonib ketgan. Buning yarmi qishloq xo‘jaligi yerlaridir. To‘qnashuvlarning so‘nggi bosqichi mart oyida avj oldi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” Isroilga hujum qilib, Livanni Yaqin Sharqdagi nizoga tortdi. Bu esa Isroilning ommaviy aviazarbalari va quruqlikdagi operatsiyasiga sabab bo‘ldi.

AFP fotografi avgust oyida Livan janubida ko‘plab yong‘inlarni kuzatganini ma’lum qildi. Bu yong‘inlar asosan Isroil Livan hududi ichkarisida chegara bo‘ylab o‘rnatgan 10 kilometrlik “xavfsizlik zonasi”da sodir bo‘lgan.

**“Kuydirilgan yer” siyosati**

Iyun oyidan beri to‘qnashuvlar biroz tinchiganiga va Isroil—Livan kelishuviga qaramay, Isroil haligacha janubni bombardimon qilmoqda va chegaradagi qishloqlarni vayron qilmoqda. Livan bosh vaziri Navof Salom Isroilni janubda “kuydirilgan yer siyosati”ni olib borishda aybladi.

Isroil armiyasi AFPʼning Quddusdagi byurosiga o‘z pozitsiyasini bildirdi. Armiya o‘z operatsiyalarining atrof-muhitga ehtimoliy taʼsiridan xabardorligini va tinch aholiga hamda tabiatga zararni kamaytirish uchun ehtiyot choralarini ko‘rayotganini maʼlum qildi.

Nabatiya viloyati fuqaro muhofazasi agentligi rahbari Husayn Faqihning aytishicha, iyul oyidan beri uning jamoalari Isroil qo‘shinlari joylashgan hududlar ichida va unga tutash joylarda yong‘inlarni kuzatgan. U AFPʼga yong‘inlar Isroilning bomba va dronlari, baʼzan esa fosforli hamda kassetali o‘q-dorilari sabab kelib chiqqanini aytdi.

Isroilning “xavfsizlik zonasi”ga tutash Kfarshuba qishlog‘i meri Qosim al-Qadriyning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyida Isroil hujumi sabab yong‘in chiqib, asosan o‘rmonli katta hududga tarqalgan. Fuqaro muhofazasi vakili Faqihning aytishicha, “Aholi o‘t o‘chiruvchilarga Isroil armiyasidan hududga kirishga ruxsat berilishini kutishayotganda, yong‘inni o‘zlari o‘chirishga harakat qilgan. Ular faqat ertasi kuni, yong‘in hamma narsani yoqib bo‘lgach, ruxsat olgan”.

Isroil harbiylari joylashgan hududga yaqin yerlari bor Kfarshuba aholisi yong‘in oldini olish choralarini ko‘rishdan, masalan, o‘rmonlarni tozalashdan qo‘rqadi, deydi mer. “Ular ‘xavfsizlik zonasi’ haqida gapiradi, lekin biz uning aniq chegaralarini bilmaymiz. Biz butun hudud Isroil nazorati ostida deb hisoblaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Qadriy.

**“Ekotsid” (Atrof-muhit genotsidi)**

Aholini muhofaza qilish va atrof-muhit vaziri Tamara Elzein janubdagi holatni “ekotsid” deb qoraladi. U Isroil armiyasini Livan yerlarini “qasddan” yoqib yuborishda aybladi.

Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha milliy kengash direktori Shadi Abdulla AFPʼga bergan intervyusida 2023—2024-yillardagi harakatlar paytida “yong‘inlar faqat chegara chizig‘i bilan cheklanganini”, ammo bu yil mojaro qayta avj olgach, ko‘lami kengayganini aytdi. U Isroil armiyasini yerlarni tizimli ravishda yoqishda hamda uylar, odamlar va tabiatdan xoli bufer zona yaratishga urinishda aybladi. “O‘tgan urush paytida 8,5 ming gektar (85 kvadrat kilometr) yer yongan edi. Bu yil esa isroilliklar 7,5 ming gektardan ortiq yerni yoqib yubordi”, dedi Abdulla.

Shuningdek, iyun oyidagi kelishuvdan keyin ham 350 gektar yer yongan. Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha milliy kengash tomonidan olingan sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari ilgari yashil bo‘lgan, ammo yong‘inlar hamda Isroilning buldozerlar bilan o‘simliklarni yulib tashlashi sababli yo‘qolgan hududlarni ko‘rsatgan.

Livanning National News Agency davlat agentligi avgust oyida Isroil kuchlari janubiy qishloqning o‘zida 600 tub zaytun daraxtini yulib tashlaganini maʼlum qildi. Livanning Green Southerners ekologik guruhi 2023-yildan beri o‘rmonlar, daraxtzorlar va ekin maydonlariga yetkazilgan keng ko‘lamli zararlarni qayd etganini bildirdi. Avvalroq Livan Isroil bosqinidan ozod etilgan hududlarida o‘z armiyasini joylashtira boshlagani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.