Isroil “Hizbulloh”ning yuqori martabali qo‘mondoni yo‘q qilinganini e’lon qildi

Isroil "Hizbulloh"ning yuqori martabali qo‘mondoni o‘ldirilganini e'lon qildi.
Isroil mudofaa kuchlari (IDF) Livanda "Hizbulloh" harakatining "Badr" bo‘linmasi yuqori martabali qo‘mondoni Abu Hasan Aloaning yo‘q qilinganini tasdiqladi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Abu Hasan Aloa Isroil harbiylariga qarshi hujumlar uyushtirishda ishtirok etgan. Isroil armiyasi uning o‘ldirilishi "Badr" bo‘linmasining boshqaruv salohiyatiga jiddiy zarba berganini ta'kidladi.
IDF bayonotida aytilishicha, "Abu Hasan Aloa "Hizbulloh" terrorchilik tashkilotining xavfsizlik zonasida faoliyat yuritayotgan Isroil askarlariga qarshi harakatlariga javoban yo‘q qilindi".
Isroil harbiylari operatsiya Aloaning Livan hududida faoliyat yuritayotgan askarlarga qarshi hujumni tashkil etishdagi ishtiroki aniqlangach amalga oshirilganini bildirdi.
IDF ushbu operatsiya "Hizbulloh"ning "Radvon" bo‘linmasi batalyon qo‘mondoni Ali Samir al Hoja Hasanning yo‘q qilingani haqidagi avvalgi xabardan so‘ng amalga oshirilganini ta'kidladi.
12-avgust kuni Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorining shimoliy qismiga ham zarba bergan edi. IDF ma'lumotlariga ko‘ra, hujum nishoni "HAMAS" harakatining harbiy qanoti qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan.
Isroil armiyasi hujumdan avval tinch aholi orasidagi talofatlarni imkon qadar kamaytirish choralarini ko‘rganini bildirdi. Operatsiya davomida yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilardan foydalanilgan.
**Livandagi vaziyat va yo‘qotishlar**
Isroil Livan janubida bir qancha hududlarni bosib olgan. Ularning ayrimlari o‘n yillardan beri, qolganlari esa 2023—2024-yillardagi urush paytida egallangan. Hozirgi harbiy kampaniya davomida Isroil kuchlari Livan hududiga 10 kilometrdan ko‘proq ichkariga kirib bordi.
Livan rasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, 2-martdan buyon Isroilning Livandagi hujumlari oqibatida 4192 kishi halok bo‘ldi, 12 171 kishi yaralandi. Shuningdek, 1 milliondan ortiq aholi o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.
Keyinchalik AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Suriya va Livandan qo‘shinlarni olib chiqish zarurligini aytgan edi. Biroq Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats bayonot berib, AQSH hukumatidan chiqib ketish haqida talab bo‘lgan taqdirda ham, Isroil armiyasi Livan janubidagi bosib olingan hududlarni tark etmasligini aytkandi.

