Livan Gretsiyadan Isroil bilan kelishuvni amalga oshirishda yordam so‘radi

Livan prezidenti Jozef Aun 31-avgust kuni Gretsiyadan Isroil bilan AQSH vositachiligida tuzilgan kelishuvni amalga oshirishda yordam so‘radi. Bu murojaat Afina va Tel-Aviv 3,5 milliard dollarlik qurol-yarog‘ bitimini e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib yangradi, deb xabar berdi Al Arabiya.
Mart oyida Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” Isroilga hujum qilib, Livanni Yaqin Sharqdagi urushga tortgan edi. Bunga javoban Isroil keng ko‘lamli zarbalar berdi va Livan janubiga quruqlikdan bostirib kirdi. Shundan so‘ng Isroil va Livan harbiy harakatlarni tugatishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshladi.
Iyun oyi oxirida ikki mamlakat hadli kelishuvini imzoladi. Hujjat “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish, Isroil kuchlarini Livan janubidan bosqichma-bosqich olib chiqib ketish va Livan armiyasini pilot hududlaridan boshlab ushbu hududga joylashtirishni nazarda tutadi.
“Livan va Livan xalqi urushlardan charchadi. Isroil bilan muzokaralar boshlanishidanoq dushmanlik holatiga chek qo‘yish maqsad qilingan edi”, dedi Aun Afinada Gretsiya prezidenti Konstantinos Tassulas bilan uchrashuvda.
“Bu kelishuv bir tomonlama amalga oshirilishi mumkin emas. U ikki tarafda ham ijro etilishi kerak. Biz Livanga yordam berish uchun Gretsiyadan imkon qadar ko‘mak so‘raymiz”, deb qo‘shimcha qildi u.
Aun so‘nggi urush boshlanganidan beri Isroil hujumlari oqibatida Livanda 4300 dan ortiq odam halok bo‘lganini aytdi. Yana 12 mingdan ortiq kishi yaralangan. Shuningdek, 60 tadan 70 tagacha qishloq vayron bo‘lgan.
“Muammoni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi”, deb ogohlantirdi Livan prezidenti.
Aun bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis o‘z mamlakati Livanning suvereniteti, mustaqilligi va birligini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. U vaziyatni yumshatish hamda o‘zaro tushunishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlarga ko‘maklashishini bildirdi.
Aun Gretsiya Livan armiyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga umid bildirdi. U Isroil kuchlarini to‘liq olib chiqib ketishni va mamlakat bo‘ylab Livan davlat nazorati o‘rnatilishini talab qildi. Bu orqali u hukumatning “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish haqidagi va’dasini nazarda tutdi.
Shuningdek, u xalqaro maydonda, jumladan, BMTda Gretsiya yordam berishidan umidvorligini aytdi.
“Livan janubida BMT rolini davom ettirishni muhokama qilmoqdamiz”, dedi u.
Livan mamlakatda joylashgan UNIFIL tinchlikparvar kuchlari mandatini uzaytirishga intilmoqda. Bu kuchlar o‘n yillar davomida Livan va Isroil o‘rtasida bufer vazifasini o‘tab kelgan. Biroq ularning mandati 2026-yilning oxirida tugaydi. AQSH va Isroil bu mandatning uzaytirilishiga qarshi chiqmoqda.

