Gretsiya Isroildan 3,5 mlrd dollarlik havo mudofaasi tizimini sotib oladi

Gretsiya Isroildan 3,5 milliard dollarlik havo mudofaasi tizimini sotib oladi
Reuters agentligining ikki xavfsizlik manbasiga tayanib xabar berishicha, Gretsiya 31-avgust kuni Isroil bilan qariyb 3 milliard yevro (3,5 milliard dollar) qiymatidagi ko‘p qatlamli havo mudofaasi tizimini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolashi kutilmoqda.
Ushbu kelishuv Gretsiyaning keng ko‘lamli harbiy modernizatsiya dasturining bir qismi bo‘lib, qisqa, o‘rta va uzoq masofali ilg‘or raketa tizimlarini o‘z ichiga oladi.
Manbalardan birining ta'kidlashicha, Gretsiya rasmiylari 31-avgust, dushanba kuni Tel-Avivda Isroil Mudofaa vazirligining SIBAT va MAFAT direksiyalari bilan umumiy qiymati qariyb 3 milliard yevro bo‘lgan to‘rtta kelishuvga imzo chekadi.
Ular uch turdagi raketa va radar tizimlarini qamrab oladi. Gretsiya 2036-yilgacha "Axill qalqoni" nomli ko‘p qatlamli ballistik raketalar, samolyotlar va dronlarga qarshi mudofaa tizimini yaratish uchun qariyb 28 milliard yevro sarflashni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Afina AQSHdan 40 tagacha F-35 qiruvchi samolyoti, Fransiya va Italiyadan esa fregatlar xarid qilishni rejalashtirgan.
Manba alohida bitim doirasida dronlarga qarshi mudofaa tizimi ham xarid qilinishini qo‘shimcha qilgan.
Hozirda Gretsiya havo hududini himoya qilish uchun AQSHda ishlab chiqarilgan Patriot tizimlari, Rossiyaning S-300 tizimlari va turli qisqa masofali havo mudofaasi vositalaridan foydalanadi.
Mamlakat mudofaa xarajatlariga yalpi ichki mahsulotining qariyb 3,5 foizini sarflaydi. Bu ko‘plab NATO davlatlariga qaraganda yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, bunga Gretsiyaning qo‘shni Turkiya bilan uzoq yillardan beri davom etayotgan nizosi ham sabab bo‘lmoqda.
Gretsiya va Isroil o‘rtasida iqtisodiy va diplomatik aloqalar mustahkam. Ikki davlat Gretsiyada havo kuchlari uchun o‘quv markazini birgalikda boshqaradi, har yili qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi, shuningdek, dronlarga qarshi tizimlar va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik qiladi.
2025-yilda Afina Isroilda ishlab chiqarilgan 36 ta raketa-artilleriya tizimini qariyb 650 million yevroga sotib olgan edi.

