Yunoniston, Kipr va Isroil: Anqarani xavotirga solayotgan hamkorlik
Turkiyaning Oʻrta Yer dengizidagi qoʻshnilari – Yunoniston, Kipr va Isroil oʻrtasidagi ittifoq Anqarani xavotirga solishi tabiiy. 2025-yil dekabrida uch davlat harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan. Gretsiya Isroilning PULS raketa tizimlarini Turkiya qirgʻoqlari yaqiniga joylashtirishi aytilyapti. Bunga javoban Turkiya Saudiya Arabistoni va Pokiston bilan mudofaa alyansini tuzdi.

Yunoniston, Kipr va Isroil oʻrtasidagi hamkorlik Anqara uchun xavotirli holatga aylangan. 2025-yil dekabrida bu uch davlat harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan. Gretsiya Isroilning PULS raketa tizimlarini Turkiya qirgʻoqlari yaqiniga joylashtirishi haqida xabarlar tarqalgan. Bunga javoban Turkiya Saudiya Arabistoni va Pokiston bilan mudofaa alyansini tuzgan.
Professor Farhod Karimov Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida ushbu mavzuni xaritalar yordamida tushuntirib berdi.
**Gretsiya–Kipr–Isroil uchligi va Kiprning strategik ahamiyati**
Professor Karimovning taʼkidlashicha, Gretsiya, Kipr va Isroil oʻrtasidagi ittifoq xaritada oʻziga xos uchburchak hosil qiladi. Bu uchburchakning markazida joylashgan Kiprning strategik ahamiyati juda katta. Isroil, Kipr va Gretsiyaning Turkiya bilan hal qilinmagan masalalari va ziddiyatlari mavjud. Bular xavfsizlik, hududiy daʼvolar va dengiz yoʻllari bilan bogʻliq. Kipr uchun esa bu, avvalo, mustaqillik va orolning yaxlitligi masalasidir.
Bu uch davlatning har biri oʻziga xos strategik ahamiyatga ega boʻlib, ularning hamkorligini kuchaytirayotgan asosiy omillardan biri Turkiya bilan tobora kuchayib borayotgan raqobatdir. Ayniqsa, Isroil va Turkiya oʻrtasidagi qarama-qarshilik soʻnggi davrda sezilarli darajada kuchaygan.
**Isroilning mintaqaviy hamkorlarga ehtiyoji**
Xaritaga eʼtibor qaratilsa, Isroilning strategik chuqurligi Turkiyaga nisbatan juda kichik. Isroil dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlsa-da, Oʻrta Yer dengizida Turkiyani mustaqil ravishda cheklash yoki unga bosim oʻtkazish imkoniyatlari cheklangan. Shu sababli Isroilga mintaqadagi hamkorlar kerak. Bu borada Turkiya bilan uzoq yillardan beri raqobat qilib kelayotgan Gretsiya va Kipr alohida ahamiyat kasb etadi.
Aynan shu uch davlatni umumiy strategik manfaatlar birlashtirmoqda. 2025-yil dekabr oyida ular Nikosiyada 2026-yil uchun harbiy hamkorlik va qoʻshma harakatlar boʻyicha bir yillik yoʻl xaritasini tasdiqlaganlar.
**Turkiyaning geografik joylashuvi va Egey dengizi muammolari**
Turkiyaning geografik jihatdan qulay joylashuvi uning strategik mavqeyini belgilaydi. Lekin Qora dengizdan Oʻrta Yer dengiziga chiqadigan asosiy dengiz yoʻli Bosfor va Dardanel boʻgʻozlari orqali oʻtib, Egey dengiziga chiqadi. Egey dengizidagi aksariyat orollar esa Yunonistonga tegishli.
Egey dengizida 2 200 dan ortiq katta-kichik orollar mavjud boʻlib, ularning 200 dan ortigʻida aholi istiqomat qiladi. Orollarning katta qismi Gretsiyaga tegishli ekani dengiz hududlari masalasini murakkablashtiradi. Bu yerda xalqaro dengiz huquqi ham muhim ahamiyatga ega. Amaldagi tartibga koʻra, qirgʻoqboʻyi davlatlarining hududiy suvlari 12 dengiz miligacha (taxminan 22 kilometr) choʻzilishi mumkin.
Gretsiyaning Egey dengizidagi koʻplab orollari bunday hududiy suvlar bilan oʻralgani sababli, dengizdagi chegaralar va navigatsiya masalasi Turkiya bilan uzoq yillik bahslarning asosiy mavzularidan biriga aylangan. Endi bu strategik raqobatga Kipr va Isroil ham faolroq qoʻshilmoqda. Ularni umumiy manfaat – Turkiyaning mintaqadagi taʼsirini jilovlash va Oʻrta Yer dengizida xavfsizlik tizimini oʻz manfaatlariga mos tarzda shakllantirish istagi birlashtirmoqda.

