Dunyo

Litvaga Polsha tomondan portlovchi moddali Ukraina droni kirib kelgan

18-oktabr kuni Litvada qulagan uchuvchisiz uchish apparati Ukrainaga tegishli boʻlib, mamlakatga Polsha tomondan kirib kelgan va portlovchi modda olib yurgan. Bu haqda Litva bosh vaziri Mindaugas Sinkyavichyus maʼlum qildi. Kiyev dron Rossiyaning radioelektron kurash vositalari taʼsirida yoʻnalishdan adashgan boʻlishi mumkinligini bildirgan.

Litvaga Polsha tomondan portlovchi moddali Ukraina droni kirib kelgan

Litvaning LRT teleradiokompaniyasi xabar berishicha, Sinkyavichyus bu haqda 19-oktabr kuni Vilnyusda Milliy xavfsizlik komissiyasi yigʻilishidan keyin maʼlum qilgan.

Bosh vazirning aytishicha, topilgan parchalar apparatning Ukrainaga tegishli ekanini, Ukraina tomonining murojaati hamda hujum vaqtida dronlardan biri bilan aloqa uzilgani haqidagi maʼlumotlar tasdiqlamoqda.

«Ehtimol, aynan shu dron Litva Respublikasi hududida portlagan. U portlovchi modda olib yurganiga shubha yoʻq», - degan Sinkyavichyus.

U avval mamlakatga dronlar Belarus tomondan kirib kelganini, bu safar esa apparat Polsha yoʻnalishidan uchib kelganini taʼkidlagan.

Havoga koʻtarilgan qiruvchilar harakatlanayotgan obyektni radarlarida qayd etgan. Biroq noqulay ob-havo sabab uchuvchilar uni bevosita koʻrib, aniqlay olmagan.

Sinkyavichyusning soʻzlariga koʻra, dron qulashining aniq sababi hali nomaʼlum. Ehtimollar orasida texnik nosozlik, yonilgʻi tugashi, yer yoki daraxtlarga urilish bor.

18-oktabr tongida nomaʼlum obyekt bilan bogʻliq holat sabab Litva va Latviyada havo hujumi xavfi haqida ogohlantirish berilgan. NATO boʻyicha ittifoqchilarning harbiy aviatsiyasi ham jalb qilingan. Dron parchalari Litvaning Pasvalis tumanidagi Yuodjonis qishlogʻidan topilgan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi oʻsha kuni hodisa yuzasidan afsus bildirgan. Vazirlik izohiga koʻra, Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga qarshi operatsiya vaqtida dron Rossiyaning radioelektron kurash vositalari taʼsirida yoʻnalishini oʻzgartirgan boʻlishi mumkin. Bu ehtimol hozircha hodisaning tasdiqlangan sababi sifatida eʼlon qilinmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.