Lindsi Klensi ishi boʻyicha oʻz fikrida qatʼiy turgan hakamlar hayʼati aʼzosi uning oʻz farzandlarini qasddan oʻldirganiga shubha qilmagan
Boshqalar tarafiga oʻtishdan va Klensini oqlashdan bosh tortgan hakam oʻz qarori haqida ilk bor ommaviy ravishda gapirdi.

Lindsi Klensi ishi boʻyicha oʻz fikrida qatʼiy turgan yagona hakamlar hayʼati aʼzosi uning bolalarini qasddan oʻldirganiga shubhasi boʻlmaganini aytdi
Lindsi Klensi sudida oʻz fikrida qatʼiy turgan yagona hakamlar hayʼati aʼzosi uning uch farzandi oʻlimi uchun jinoiy javobgar ekanligiga «hech qanday shubhasi boʻlmaganini» aytdi.
«Barcha ashyoviy dalillar, asosiy guvohlar va ayblov tomoni taqdim etgan maʼlumotlarga asoslanib, men uning nima qilayotganini aniq bilgani va buni rejalashtirgani haqida yetarli isbotlar bor deb hisobladim», dedi Maykl Desronvil BBC’ning AQShdagi hamkori boʻlgan CBS News telekanaliga bergan bayonotida.
Sudya 4 sentyabr kuni hakamlar hayʼati qariyb 40 soatlik muhokamadan keyin bir toʻxtamga kela olmaganidan soʻng sud jarayonini muvaffaqiyatsiz deb eʼlon qildi.
Klensi qotilliklarni sodir etganini tan oldi, biroq uning advokatlari u tugʻruqdan keyingi psixozdan aziyat chekkanini daʼvo qilishdi. Prokurorlar esa qotilliklar oldindan rejalashtirilganini aytishdi.
36 yoshli ayol Massachusets shtatidagi oilaviy uyida besh yoshli Kora, uch yoshli Douson va sakkiz oylik Kallanni boʻgʻib oʻldirib, ikkinchi qavat derazasidan oʻzini tashlaganidan keyin birinchi darajali qotillikning uchta bandi boʻyicha ayblangan edi.
Klensini aybdor deb topish uchun hakamlar hayʼati aʼzolari uning bolalarini qasddan oʻldirgani va buni kam uchraydigan va jiddiy kasallik boʻlgan tugʻruqdan keyingi psixoz taʼsirida qilmaganiga hech qanday asosli shubhasiz, bir ovozdan rozi boʻlishlari kerak edi.
Toʻqqiz ayol va uch erkakdan iborat hakamlar hayʼati bir nechta ehtimollarni, jumladan, ruhiy kasallik tufayli aybdor emaslik, ehtiyotsizlikdan odam oʻldirish va birinchi darajali qotillikni koʻrib chiqdi.
Sud jarayoni muvaffaqiyatsiz deb eʼlon qilinganidan soʻng, bir nechta hakamlar hayʼati aʼzolari yakunda ovozlar 11 ga 1 koʻrinishida Klensini jinoiy javobgarlikka tortib boʻlmasligi foydasiga boʻlinganini aytishdi.
Desronvil sudda koʻrsatilgan dalillar uning qotilliklarni rejalashtirganini isbotlaganiga ishonishini aytdi.
«Menda hech qanday shubha yoʻq edi», dedi u payshanba kuni CBS telekanaliga bergan bayonotida.
«Muhokama paytida men turli ehtimoliy nazariyalarni tushuntirishga harakat qilganimda, xuddi taqdim etilgan dalillar asosida shubhalanayotgandek, gapimni boʻlib qoʻyaverishdi».
Yana bir hakam Paula Devlin CBS Mornings koʻrsatuviga bergan intervyusida, hayʼat aʼzolari bir necha kun davomida Desronvilni oʻz fikrini oʻzgartirishga koʻndirishga harakat qilishganini aytdi.
«Ovozlar 10 ga 2 koʻrinishiga kelganda, biz bir-birimizni ishontirish uchun birgalikda harakat qildik», dedi u.
Hakamlar hayʼati raisi, nafaqadagi beshinchi sinf oʻqituvchisi, qaror qabul qila olmaganini «dahshatli» va «hissiyotlar toʻlqini» deb taʼrifladi.
U NBC telekanaliga Desronvil «asosli shubhasi borligini tan olganini», ammo u hukm varaqlarini toʻldirishni boshlaganida, u: «Baribir men uni ruhiy kasallik tufayli aybdor emas deb aytmayman», deganini maʼlum qildi.
Yana bir hakam mahalliy CBS WBZ-TV telekanaliga aksariyat hakamlar boshidanoq «oʻz pozitsiyalarida juda qatʼiy» boʻlishganini va «alohida fikrda qolgan hakam vaziyatni boshqa tomondan koʻrishni istamagan yagona odam emasligini» aytdi.
Biroq ular qoʻshimcha qilishicha, Desronvil oʻzining asosli shubhasiga «ergashmagani» yoki oʻz pozitsiyasi uchun mantiqiy asos keltirmagani sababli, ular Klensi adolatli sudlanmagan deb hisoblashadi.
Barcha 11 hakamning shaxsi rasman oshkor etilmagan, ammo AQShda ish yakunlanganidan keyin har qanday hakam ish va oʻz muhokamalari haqida ommaviy ravishda gapirishni tanlashi mumkin.
Bolalarning otasi va Lindsi Klensining sobiq turmush oʻrtogʻi Patrik Klensi yakshanba kuni CBS telekanalining «60 Minutes» dasturiga bergan intervyusida ushbu ish haqida ommaviy ravishda gapirishi kutilmoqda.
U oʻz qaygʻusi, farzandlari haqidagi xotiralari va sud boshlanganidan beri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fitna nazariyalari haqida gapirishi kutilmoqda.
U hali ham farzandlari bilan «har doim» gaplashishini aytib, buni «ular bilan aloqada boʻlish usuli» deb taʼrifladi.
Sud jarayonida Klensining himoya guruhi qotilliklar sodir etilishi arafasida unga oʻndan ortiq dori-darmonlar tayinlangani, shuningdek, uning oʻz joniga qasd qilish ishonch telefoni va tez yordam boʻlimiga yordam soʻrab murojaat qilganini psixozning dalili sifatida koʻrsatishga harakat qildi.
Tugʻruqdan keyingi psixoz gallyutsinatsiyalar va allasirashlarni oʻz ichiga olishi mumkin va uning advokatlari u oʻz harakatlarining mohiyatini tushuna olmagan yoki yaxshini yomondan ajrata olmagan deb daʼvo qilishdi.
Himoya tomonidan guvohlik bergan sud-psixiatri Klensi bolalarini oʻldirgan paytda «buyruq beruvchi gallyutsinatsiya» va «taʼsir allasirashi»ni boshdan kechirganini aytdi.
Biroq, ayblov tomonidan guvohlik bergan uning psixiatri Klensi seanslar davomida psixoz belgilarini koʻrsatmaganini aytdi, boshqa bir psixiatr esa bu holat hozirda Amerika Psixiatriya Assotsiatsiyasi tomonidan tan olinmaganini taʼkidladi.
Massachusets qonunchiligiga koʻra, hakamlar hayʼati Klensini aybdor deb topishi uchun prokurorlar uning jinoiy javobgar ekanligini hech qanday asosli shubhasiz isbotlashlari kerak edi. Himoya tomoni uning ruhiy kasalligini yoki jinoiy javobgarlikka tortilmasligini isbotlashi shart emas edi.
Sudning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi ishni hal qilinmay qoldirdi. Prokurorlar qayta sudlashni talab qilish-qilmasliklarini aytmadilar.
Klensining advokati Kevin Reddington ikkinchi sud jarayonidan qochish uchun prokurorlar bilan kelishuvga erishishga umid qilayotganini aytdi.
U ABC telekanalining «Good Morning America» koʻrsatuviga bergan intervyusida yagona hakam Klensini oqlamaganidan xafa boʻlganini aytdi.
U oʻz fikrida qolgan hakam sudya koʻrsatma berganidek «asosli shubha qonunini qoʻllamaganini» aytib, qoʻshimcha qildi: «Bu toʻgʻri emas. Va shuning uchun men xafa boʻldim».
Navbatdagi sud majlisi 29 sentyabrga Massachusets shtatidagi Plimut Oliy sudida belgilangan.

