Liftlar har oy texnik xizmatdan o‘tkaziladi
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylardagi liftlardan foydalanish bo‘yicha yangi talablar belgilandi. Endilikda liftlarga har oy texnik xizmat ko‘rsatilishi, har yili davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi va ularning ishlashi ustidan dispetcherlik nazorati o‘rnatilishi lozim.

**Liftlarga har oy texnik xizmat ko‘rsatiladi: Yangi qoidalar tasdiqlandi**
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu hujjat Adliya vazirligida 2026-yil 14-avgustda 3824-1-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Kiritilgan yangi talablarga ko‘ra, ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi organ liftlarning butun foydalanish muddati davomida avariyasiz va xavfsiz ishlashini ta’minlashi shart. Bu qoida faqat texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun lift to‘xtatilgan vaqtlarga taalluqli emas.
Shuningdek, boshqaruv organi liftlar faoliyati ustidan dispetcherlik nazoratini yo‘lga qo‘yishi lozim. Liftlardagi avariya-qutqaruv qurilmasi, kuzatuv kamerasi, aloqani kuchaytirish moslamasi va avariya holatlari haqida xabar berish vositalari doimiy ravishda soz holatda saqlanishi kerak.
Lift kabinasi va mashina xonasidan operator bilan ikki tomonlama aloqa qilish imkonini beruvchi chiroqli va tovushli signalizatsiya hamda aloqa vositalari ham ishchi holatda bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, liftlarga har oy texnik xizmat ko‘rsatilishi va yiliga bir marta davriy texnik ko‘rik o‘tkazilishi majburiy etib belgilandi. Avariya, nosozlik yoki boshqa xavfli holatlar aniqlanganda, liftga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga zudlik bilan xabar berilishi shart.
Lift kabinasida undan foydalanish qoidalari, liftning nomi va yuk ko‘tarish qobiliyati, ruxsat etilgan yo‘lovchilar soni ko‘rsatilgan lavha bo‘lishi majburiy. Shuningdek, unda "Xavfsiz lift" elektron platformasidagi qayd raqami, davriy texnik ko‘rikdan o‘tgani haqida ma’lumot hamda texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki avariya xizmati bilan bog‘lanish uchun telefon raqami joylashtiriladi.
Ushbu yangi qoidalarni nazarda tutuvchi buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

