Mahalliy

Ob’yektlarni qo‘riqlash uchun yangi yo‘riqnoma tasdiqlandi

O‘zbekistonda IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga qo‘riqlash uchun topshirilgan ob’yektlarni muhandislik va texnik vositalar bilan jihozlash bo‘yicha yangi talablar belgilandi. Xususan, ob’yektlarning to‘siqlari, darvoza va eshiklari, nazorat-o‘tkazish joylari hamda signalizatsiya tizimlariga qo‘yiladigan talablar tasdiqlandi.

**Ob’yektlarni qo‘riqlash bo‘yicha yangi yo‘riqnoma tasdiqlandi**

Ichki ishlar vazirining 2026-yil 25-iyuldagi 363-sonli buyrug‘i bilan IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga qo‘riqlash uchun topshirilgan ob’yektlarni muhandislik va texnik vositalar bilan jihozlash talablari, tartibi hamda shartlari to‘g‘risidagi yo‘riqnoma qabul qilindi. Ushbu hujjat 7-avgust kuni Adliya vazirligida 3920-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, ob’yektlarni muhandislik vositalari bilan jihozlashda quyidagilar nazarda tutiladi: to‘siqlar, darvozalar, nazorat-o‘tkazish joylari, suv va havo quvurlari, yer osti kollektorlari, eshik va derazalar, ventilyatsiya shaxtalari, mo‘rilar, boshqa texnologik kanallar hamda qulflash moslamalari.

Xususan, ob’yekt to‘siqlari shaxslar va transport vositalarining hududga ruxsatsiz kirishiga to‘sqinlik qilishi, shikastlanmagan va qulflanadigan bo‘lishi shart. To‘siqning balandligi kamida 2 metr bo‘lishi belgilangan.

Ob’yektning asosiy kirish eshigi domofon bilan, zaxira kirish eshigi esa ko‘rish tuynugi bilan jihozlanishi lozim. Maxsus qism, server, arxiv va kassa xonalari, shuningdek, yerto‘la va chordoq eshiklari qalinligi kamida 2 millimetr bo‘lgan metall qoplama bilan qoplanishi belgilangan.

Texnik qo‘riqlash vositalari tarkibiga qo‘riqlash signalizatsiyasi va tashvish signalizatsiyasi tizimlari kiradi. Ruxsatsiz kirish ehtimoli mavjud bo‘lgan darvoza, eshik, deraza, yo‘lak va xonalar signalizatsiya bilan jihozlanishi kerak. Har bir xonaga harakatni aniqlovchi hamda boshqa tegishli xabargohlar o‘rnatilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, tashvish signalizatsiyasi tugmalari yoki pedallari begona shaxslar ko‘rmaydigan joylarga, jumladan, ob’yekt rahbari va buxgalter xonalari, tovar-moddiy boyliklar saqlanadigan, tashiladigan va ortib-tushiriladigan joylar hamda qo‘riqlash postlariga o‘rnatilishi kerak.

Ob’yektni qo‘riqlashga olish uchun jismoniy yoki yuridik shaxs hududiy qo‘riqlash xizmatiga yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi. Ariza kelib tushganidan keyin 15 kun ichida ob’yektning o‘ziga xos xususiyatlari va uning belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganiladi.

Ob’yekt zarur vositalar bilan jihozlanib bo‘lgach, hududiy qo‘riqlash xizmati besh kun ichida uning talablarga muvofiqligini tekshiradi. Natijaga qarab ob’yektni qo‘riqlashga olish yoki bunga rad javobi berish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etib, qayta murojaat qilish mumkin.

Mazkur yo‘riqnoma o‘ta muhim, toifalangan va davlat ahamiyatiga molik ayrim ob’yektlar, banklar va ularning filiallari, ta’lim tashkilotlari hamda Milliy gvardiya tomonidan qo‘riqlanadigan ob’yektlarga tatbiq etilmaydi.