“Li Don Uk bilan uchrashyapman deb o‘ylagandim”: koreyalik ayol firibgarlik oqibatida 25 ming dollaridan ayrildi

“Li Don Uk bilan uchrashyapman deb o‘ylagandim”: koreyalik ayol firibgarlik sabab 25 ming dollaridan ayrildi
SBS telekanali reportajida 30 yoshli ayol bir yildan ortiq vaqt davomida Li Don Uk deb o‘ylagan shaxs bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini aytib berdi.
“U menga xuddi sevgi izhor qilgandek bo‘ldi, tushunyapsizmi. Hatto ota-onamnikiga birga borish va oilalarimizni tanishtirish haqida ham gaplashdik. Hammasi shunchalik chuqurlashib ketdi. Oqibatda oramizda ishqiy munosabatlar boshlandi. “Men seni sevaman, azizam”, derdi u. Men uni “oppa” (sevgilim) deb chaqirardim, u esa meni “chagiya” (azizam) deb atardi. Biz deyarli bir yil shu tarzda gaplashdik. Men taxminan 30–40 million von sarfladim. Hatto jamg‘arma hisobimni yopib, tirikchilik uchun mo‘ljallangan pullarni ishlatdim. Jami bo‘lib unga 35 million von berdim”, deydi jabrlanuvchi.
Ayol, shuningdek, o‘zi aktyor deb hisoblagan shaxs bilan yozishmalarining skrinshotlarini ham ko‘rsatdi. Biroq unga yuborilgan suratlar sun’iy intellekt yordamida yaratilgan edi.
Uning aytishicha, hammasi ijtimoiy tarmoqlardagi oddiy xabardan boshlangan.
“Avvaliga u menga yozdi, sahifam unga yoqqanini, yoqimtoy ekanligimni aytdi. Keyin biz har kuni gaplasha boshladik. U juda e’tiborli edi, kunim qanday o‘tganini so‘rardi, xayrli tong va xayrli tun tilardi. Bu u emasligi xayolimga ham kelmagandi...”
Bir necha oylik muloqotdan keyin “aktyor” moliyaviy qiyinchiliklardan noliy boshlagan. Avvaliga bu kichik summalar edi, keyin esa tobora oshib bordi. Sevgan insoniga yordam berayotganiga ishongan ayol unga qayta-qayta pul o‘tkazib turardi.
“U agentlik bilan muammolari borligini, zudlik bilan qayergadir ketishi kerakligini, hozir gonorarini ololmasligini aytardi. Men ishonardim. Men faqat yordam berishni xohlardim”.
16-sentyabr kuni Li Don Ukning “King Kong by Starship” agentligi rasmiy bayonot berib, o‘zini agentlik san’atkorlari qilib ko‘rsatish holatlaridan ogohlantirdi: “King Kong by Starship’dan hech kim shaxsiy messenjerlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar orqali pul, to‘lov, shaxsiy ma’lumotlar yoki boshqa qimmatbaho narsalarni so‘ramaydi”.
Bayonotda kompaniya bunday holatlarga tez-tez duch kelishi ham qayd etilgan: “Biz bir necha bor san’atkorlarimizning ismlari va fotosuratlaridan foydalanadigan soxta akkauntlar haqida xabarlar oldik. Biz muxlislardan hushyor bo‘lishni va fitnalarga uchmaslikni so‘raymiz”.
Agentlik, shuningdek, shubhali akkauntlar haqida [email protected] rasmiy elektron pochtasiga xabar berishni so‘radi.
Firibgarlar Li Don Uk ismidan birinchi marta foydalanayotgani yo‘q. Uning rasmiy veb-saytida 2020-yildayoq soxta akkauntlar haqida ogohlantirish e’lon qilingan bo‘lib, unda muxlislardan notanish kishilarga pul va shaxsiy ma’lumotlarni yubormaslik so‘ralgan, 2025-yilda esa agentlik stalkerlar va shaxsiy hayot daxlsizligi buzilishlari haqida ogohlantirgan edi. Shunday qilib, kompaniya bir necha yildan buyon bunday muammolarga qarshi kurashib kelmoqda.

