Li 9 va BYD toʻqnashuvi: YTHdan koʻra sudi koʻproq shov-shuv boʻlgan ishda sud qarori eʼlon qilindi
Mirzo Ulugʻbek tumanida toʻqnashgan BYD va Lixiang L9 ishi boʻyicha sud qarori eʼlon qilindi. Mazkur ish boʻyicha dastlabki sud BYD mashinasi haydovchisi zimmasiga 798 mln soʻm moddiy zararni yuklab qoʻydi, apellyatsiya sudi ushbu qarorni bekor qilib, ishni surishtiruvga qaytarib yuborgandi.

Li 9 va BYD toʻqnashuvi: YTHdan ham ko‘proq shov-shuvga sabab bo‘lgan ish bo‘yicha sud qarori chiqdi
JIB Mirzo Ulugʻbek tuman sudida 2025-yil sentabr oyida yuz bergan Li 9 va BYD toʻqnashuvi yuzasidan sud qarori eʼlon qilindi.
Sud qaroriga ko‘ra, Li 9 haydovchisi 26 yoshli F.J. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan:
128-3-moddasi 4-qismi
– transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi;
133-moddasi
– transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
135-1-moddasi 1-qismi
– transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikning talablarini buzish.
Unga uzil-kesil 6 mln 180 ming soʻm jarima jazosi tayinlangan. Huquqbuzar tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi qayd etilgan.
Shuningdek, manfaatdor tomonga mazkur YTH oqibatida yetkazilgan boshqa moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi hamda taraflarga sud qaroriga nisbatan shikoyat berish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.
2025-yil 30-sentabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumanida BYD va Lixiang L9 avtomobillari bir-biriga toʻqnashib, YTH yuz bergandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda YTH oqibatida Li 9 avtomobili parchalanib ketgani aks etgan.
Mazkur YTH bilan bogʻliq maʼmuriy ish JIB Mirzo Ulugʻbek tuman sudida koʻrib chiqilgan. Sudning 2025-yil 23-dekabrdagi qarorida aytilishicha, BYD boshqaruvidagi D.R. oʻz harakat yoʻnalishini oʻngdan chapga oʻzgartirayotgan paytda F.J. boshqaruvidagi Li 9 avtomobili bilan toʻqnashuv sodir etgan.

