Texnologiya

LG televizorlari maxfiylik janjali markazida qoldi

LG televizorlari bozordagi eng yaxshilaridan biri sanaladi va kompaniya ular uchun muntazam yangilanishlar chiqarib, yangi tasvir rejimlari hamda boshqa funksiyalarni qo‘shib boradi. Biroq endi Janubiy Koreya brendi qurilma egalarini kuzatishda ayblanib, janjal markazida qoldi.

LG televizorlari maxfiylik bilan bog‘liq janjal markazida qoldi. Foydalanuvchilar LG kompaniyasini televizorlar orqali suhbatlarni yashirincha tinglashda va sun’iy intellektni o‘qitish uchun ma’lumot to‘plashda ayblamoqda. Vaziyat Texas bosh prokurori Ken Pakstonning LG (va boshqa bir qancha kompaniyalar) ustidan da’vo arizasi kiritishi bilan yanada keskinlashdi. Pakstonning da’vosiga ko‘ra, bu televizorlar egalarining roziligisiz ekran tasvirlarini oladi.

Da’vo arizasi kiritilganidan ko‘p o‘tmay, LG foydalanuvchi kelishuvini yangiladi. Biroq, BGR nashrining yozishicha, yangi bandlar yanada ko‘proq savollar tug‘dirdi.

**LG televizori suhbatlaringizni "tinglaydimi"?**

LG kompaniyasining yangilangan shartlarida aytilishicha, ularning televizorlari qurilma yaqinidagi odamlarning nutqini yozib olishga qodir bo‘lgan sun’iy intellektga asoslangan ovozni aniqlash xizmatlaridan foydalanadi. Shu bilan birga, tinglash va maxfiylik to‘g‘risidagi qonunlarga rioya qilish mas’uliyati amalda televizor egasining zimmasiga yuklanmoqda.

Boshqacha qilib aytganda, foydalanuvchi o‘z uyidagi mehmonlar va yaqinlari ovozli ma’lumotlar qayta ishlanishi ehtimolidan xabardor ekanligiga hamda bunga roziligiga ishonch hosil qilishi kerak. Aynan shu band ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi: qurilma egalari buni LG mas’uliyatni foydalanuvchilarning o‘ziga yuklashga urinayotgani sifatida qabul qildi.

Keyinroq LG ushbu vaziyatga izoh berib, LG televizorlari xonadagi suhbatlarni to‘plamasligi, yozib olmasligi va saqlamasligini, bunday imkoniyatga ega har qanday funksiyalar ixtiyoriy ekanini ta’kidladi. Biroq bu bayonot LG kompaniyasining avvalroq e’lon qilgan hujjatiga zid keladi. Unda kompaniya televizorlari atrof-muhitdagi suhbatlarni to‘plashi, yozib olishi va saqlashi mumkinligi aytilgan.

**Bu LG bilan bog‘liq birinchi janjal emas**

LG kompaniyasida maxfiylik bilan bog‘liq muammolar avval ham yuzaga kelgan. Xususan, 2013-yilda kompaniya Smart TV egalarini kuzatishda ayblangan edi. O‘shanda televizorlar suhbatlarni yozib olmagan, biroq egalari tomosha qilgan telekanallar va dasturlar haqida doimiy ravishda ma’lumot to‘plab borgan. Jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng LG ushbu muammoni hal qiluvchi dasturiy ta’minot yangilanishini chiqargan.

Endi LG monitorlari yuzasidan ham savollar paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, ayrim modellar kompyuter har safar ishga tushirilgandan so‘ng McAfee antivirusi reklamasini ko‘rsatmoqda. Vaholanki, monitor egalari qo‘shimcha dasturiy ta’minotni yuklab olishga ruxsat bermagan. Bundan tashqari, ushbu dasturiy ta’minot kompyuterning barcha tizim resurslaridan foydalanish imkoniyatini oladi va foydalanuvchining joylashuvi, qurilma konfiguratsiyasi, tarmoq faolligi hamda hisob qaydnomalari haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi. Ushbu muammo munosabati bilan tilga olingan modellar orasida LG 34GX900A-B, 39GX950B va LG 32GS95UE-B bor.

Agar maxfiylik ovozli funksiyalardan muhimroq bo‘lsa, foydalanuvchilar mikrofon bilan bog‘liq imkoniyatlarni o‘zlari o‘chirib qo‘yishi mumkin. Buning uchun televizorning "Sozlamalar" bo‘limini ochib, mikrofon va ovozli boshqaruv funksiyalarini faolsizlantirish kerak.

Kompyuter monitorlari bilan bog‘liq vaziyat esa murakkabroq. Taxminiy reklama va josuslik dasturlarini o‘chirib qo‘yish uchun foydalanuvchilardan Windows mahalliy guruh siyosati sozlamalarini o‘zgartirish talab qilinishi mumkin.

Ushbu janjal fonida LG egalari kompaniya mahsulotlaridan voz kechishga va raqobatchilarning qurilmalarini tanlashga chaqirmoqda. Bunday yondashuv tarafdorlari ommaviy boykot ishlab chiqaruvchini maxfiylik va o‘rnatilgan dasturiy ta’minotga nisbatan siyosatini o‘zgartirishga majbur qilishi mumkin, deb hisoblaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.