Boshqa

“Lektorium”: Qarindoshlarimiz kim? Til orqali javob izlaymiz

Gazeta va 'Yangi O‘zbekiston' universiteti hamkorlikda boshlagan 'Lektorium' loyihasining ilk ma’ruzasida tilshunos Eldor Asanov turkiy tillarning kelib chiqishiga oid eng qiziqarli ilmiy va g‘ayriilmiy farazlarni tahlil qildi. Shuningdek, olim qiyosiy-tarixiy tilshunoslik sohasi qanday ishlashini tushuntirdi.

Gazeta va “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘zaro hamkorlikda boshlagan “Lektorium” loyihasining ilk ochiq ma’ruzasida tilshunos va antropolog olim, Fanlar akademiyasining Antropologiya instituti bo‘lim boshlig‘i Eldor Asanov ishtirok etdi. Olim turkiy tillar tarixi va ularning kelib chiqishiga oid eng qiziqarli ilmiy va g‘ayriilmiy farazlarni tahlil qildi. Shuningdek, u o‘zining tor mutaxassisligiga oid qiyosiy-tarixiy tilshunoslik — komparativistika sohasi qanday ishlashini batafsil tushuntirdi.

Gazeta va “Yangi O‘zbekiston” universitetining o‘zaro hamkorlikdagi loyihasi bo‘lib, barcha uchun bepul onlayn va oflayn ma’ruzalar seriyasini tashkil etishni nazarda tutadi.

Assalomu alaykum, hurmatli do‘stlar. Ma’ruzani boshlaymiz. Gazeta.uz boshlagan loyihada mendan o‘zimning torroq mutaxassisligimga oid ma’ruza o‘tib berishni so‘rashdi. Bizga ajratilgan vaqt bir soatni tashkil etadi.

Ma’ruzada yoritish uchun men qiyosiy-tarixiy tilshunoslik — komparativistika sohasini tanladim. Shuningdek, unga yondosh bo‘lgan boshqa ba’zi sohalar haqida ham gaplashamiz, masalan, glottoxronologiya haqida. Glottoxronologiya tilning yashash davrini anglatadi. Bu genetikaga o‘xshagan fan bo‘lib, hatto gumanitar fan emas, aniq fan hisoblanadi. U haqida ham hozir gaplashamiz.

O‘zi e’tibor bersangiz, tillarda o‘xshashlik ko‘p. Masalan, o‘zbek tili bilan rus tilida o‘xshash so‘zlar uchrab qoladi, ingliz tili bilan o‘zbek tilida ham o‘xshash so‘zlarni uchratib qolasiz. Ana shunday vaziyatlarda odamda qarindoshlik haqidagi fikrlar tug‘iladi.

O‘zimdan misol keltiraman: qishlog‘imda bir qo‘shnim “men ming degan urug‘danman, Xitoyda esa ming degan sulola hukm surgan ekan. Demak, o‘sha sulola bizlardanmi”, deb savol bergandi. So‘zning o‘xshashligi qo‘shnimda bir parallelni keltirib chiqargandi. U tilshunoslikdan juda uzoq bo‘lgan odam, bitta o‘xshash so‘zni deb shunaqa xulosa qilyapti.

Oramizda tilshunoslikka juda qiziqib ketadigan odamlar ham bor, ular millionta parallel topib, turli xulosalar chiqaradi. Masalan, mana bunday xulosani eshitgan bo‘lsanglar kerak: dunyodagi eng qadimgi yozma til, 6000-yillik tarixga ega shumer tili hisoblanadi. Shumer tilini turkiy tillar bilan qarindosh deb hisoblovchilar ko‘p. Buning sababi mazkur tillarda o‘xshash so‘zlar ko‘pligida.

Masalan, odamlar shumer va turkiy tillar orasida ota, ona, tangri kabi yuzlab parallellar topishgan.

Lekin 5 ta yoki 100 ta yoki 300 ta so‘z qarindoshlikni ko‘rsatadimi yo‘qmi? Nima deb o‘ylaysiz? Agar titkilab ko‘rsangiz, faqatgina shumer tilidan emas, boshqa tillardan ham o‘xshashlik topishingiz mumkin. Masalan, men yaqinda o‘ylab qoldim, avval hech e’tibor bermagan ekanman. Ingliz tilida ham bizning tilimizdagiga juda bir o‘xshash so‘z bor ekan: Ho‘kiz degan so‘z, ingliz tilida “ox”.

Agar ho‘kiz so‘zining qadimgiroq shaklini ko‘rsangiz, u öküz bo‘ladi, boshidagi “h” tushib qolganidan keyin “ox”ga yana ham yaqinlashadi. Bundan qanday xulosa qilish mumkin? O‘zbek tili va ingliz tili qarindosh degan xulosa qilish mumkinmi? Ba’zilar mana shunaqa xulosalar qiladi. Bunga ilm-fan nima deydi? Shu savolga komparativistika javob beradi, ya’ni qiyosiy-tarixiy tilshunoslik.

Qadimdan odamlar orasida tillarni bir-biriga qiyoslash mavjud bo‘lgan. Masalan, yunon, xitoy manbalarida falonchi xalqning tili bu xalqning tiliga o‘xshaydi, lekin biroz farq qiladi, bir-birini tushunadi yoki tushunmaydi degan ma’lumotlar bor. Tillarni tizimli qiyoslab o‘rganish esa XIX asrda boshlandi.

XIX asrda nima bo‘ldi? Yevropa imperiyalari butun dunyoni egalladi, mustamlaka qildi, parallel ravishda esa dunyoni o‘rganish boshlandi. Antropologlar, sharqshunoslar Afrika, Amerika, Osiyo xalqlarini, ularning tillarini o‘rgana boshladi. O‘shanda yevropalik tilshunoslar bir narsaga e’tibor beradi: Hindistonning qadimgi tili — sanskrit yunon tiliga juda ham o‘xshash ekan yoki lotin tiliga juda ham o‘xshash ekan. Bu ularni hayron qoldiradi.

Men soddaroq tushuntiryapman, lekin o‘xshashlik yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yerda bir qancha so‘zlar misol keltirilgan.

Demak, sanskritni o‘rganish jarayonida uni yunon, lotin tillariga qiyoslab, o‘xshashligini kashf qilishadi. Undan keyin bir-biridan shu darajada uzoq tillar ham bir-biriga qarindosh bo‘lishi mumkin, qarindoshlik ming yillar davomida saqlanishi mumkin degan xulosaga kelishadi va hind-yevropa tillari oilasi haqida tushuncha paydo bo‘ladi. Ungacha Yevropa tillari deyilar edi. Sanskritdan boshlangani uchun yoniga hind so‘zi ham qo‘shiladi.

Undan keyin boshqa til guruhlarini o‘rganishadi, eroniy tillar bor, keyin Anatoliya tillari bor, xett tili, luviya tili va hokazo. Markaziy Osiyodan, Xitoydan, Toxar tilining yozma manbalari topiladi, u ham hind-yevropa tili bo‘lib chiqadi. Xullas, konkret o‘xshashliklar topiladi, shu asosda hind-yevropa tillari oilasi ajratiladi va qiyosiy-tarixiy tilshunoslik paydo bo‘ladi.

Tillarni bir-biriga qiyoslab, o‘xshashlik topish modaga aylanadi. Lekin men boya aytganimdek, ming degan so‘zni Min sulolasi nomiga o‘xshashligi kabi emas, tizimli, ilmiy qiyoslash boshlanadi. Tizimli, ilmiy qiyoslash qanaqa bo‘ladi? Men misol keltirgan akaning muammosi nima? Gap shundaki, u hozirgi o‘zbek tili bilan ming yil oldingi, deylik, xitoy tilidagi bir so‘zni olyapti.

Qiyosiy tilshunoslikning asosiy prinsipi shundan iboratki, unda har bir tilning eng qadimgi varianti olinishi kerak. Eng qadimgi bizga ma’lum bo‘lgan varianti qiyoslanishi kerak, chunki har avlodda til almashib, o‘zgarib boradi. Shuning uchun bugungi hind tili bilan bugungi yunon tili qiyoslanmaydi, sanskrit bilan qadimgi yunon tili qiyoslanadi, chunki ular bir-biriga yaqin.

Agar Veda sanskritini (3500-yil) va qadimgi yunonni (3000-yil) oladigan bo‘lsak, ularning orasida 500 yil farq bor. Nisbatan bir-biriga yaqin. Agar yunon va bugungi hind tilini olsak, ularning orasida qancha farq bo‘lyapti? 3500−4000-yil farq bor. Ular mutlaqo bir-biridan uzoqlashib ketgan bo‘lishi mumkin. Mana shunday prinsip asosida o‘rganish natijasida haqiqatdan qarindosh tillar aniqlandi va tilshunoslikda til oilalari degan moda paydo bo‘ldi. Tillarni guruhlarga, guruhlarni oilalarga birlashtirish o‘ziga xos urfga kirdi.

Til oilalari maktabda ham o‘tilgan, to‘g‘rimi? Eng kamida ona tili darsida o‘zbek tili turkiy tillar guruhiga kiradi va bu guruh Oltoy tillari oilasiga kiradi deb o‘rgatilgan. Hatto mana shunda ham muammo bor aslida, unga keyinroq to‘xtalamiz. Hind-yevropadan boshladik, ular eng yaxshi o‘rganilgan tillar. Eng yaxshi o‘rganilganiga sabab esa tushunarli: tilshunoslik fan sifatida Yevropadan boshlanyapti, yevropaliklar birinchi o‘rinda o‘ziga qiziq bo‘lgan tillarni o‘rganadi.

Undan keyingi o‘rinda qaysi tillar deb o‘ylaysiz? Undan keyingi o‘rinda semit tillari keladi. Ular som, somiy tillari deb ham aytiladi. Semit tillari tarkibiga biz bilgan bir qancha mashhur tillar kiradi, masalan, arab, ivrit, yahudiy tili deymizmi, ibroniy tili deymizmi, har xil nomlar bilan ataladi. Shuningdek, akkad tili bor, suryoniy tili bor va boshqa ko‘plab tillar bor. Ular ikkinchi o‘rinda o‘rganildi.

Ikkinchi o‘rinda deganim keyinroq o‘rganildi emas, ularga ikkinchi navbatda e’tibor qaratildi. Asosiy e’tibor hind-yevropa tillariga, undan keyin esa semit tillariga berildi. Sababi, birinchidan, muqaddas kitoblar semit tilida. Qur’on arab tilida, Bibliyani oladigan bo‘lsak, Qadimgi Ahd qismi ibroniy tilida. Bundan tashqari, suryoniy, oromiy tillarida ko‘plab diniy kitoblar mavjud.

Shuning uchun, tabiiyki, musulmonlarga, xristianlarga, yahudiylarga semit tillari qiziq edi. Bundan tashqari, yana bir muhim jihati — dunyodagi eng qadimgi yozma tillar ham semit tillari. Eng qadimgisi shumer dedik. Shumer taxminan 6000-yillik tarixga ega bo‘lsa, taxminan miloddan avvalgi uchinchi ming yillikdan boshlab akkad, semit tilida gapiruvchi akkad xalqi Mesopotamiyada joylashadi, shumer mixxatini o‘zlashtiradi va akkad tilida yoza boshlaydi.

Akkad tili ham semit tili, lekin boshqa tillardan biroz farq qiladi, chunki juda qadimiy til. Demak, semit tillari o‘rganildi va ular guruhlashtirildi. Undan keyin semit tillarining ham qarindoshlari topildi. Semit tillarining eng yaqin qarindoshi qadimgi Misrdagi til. O‘sha Misr iyerogliflari bilan yozilgan Misr tili semit tillarining yaqin qarindoshi.

Bundan tashqari, berber tillari yana boshqa tillar bor. Ular afroosiyo tillari deb bitta oilaga birlashtirildi. Shunday qilib ikkita oila paydo bo‘lyapti. Undan keyin boshqa tillarni o‘rganishni boshlashdi va yana bir qancha til oilalari ajratildi, lekin ular hali kam o‘rganilgandi, o‘ziga xos xususiyatlari yaxshi ma’lum emasdi, lug‘ati, etimologiyasi ishlab chiqilmagandi.

Ana o‘sha vaqtda nemis tilshunosi Maks Myuller bitta tasnifni taklif qiladi va bu tasnif sizga tanish — Turon tillari. Turon tillari degan kattakon til oilasi ajratiladi. Bu tushuncha XIX asrda paydo bo‘ladi. Nom o‘z-o‘zidan tushunarli: Markaziy Osiyo, Eron, turk mifologiyasidan, Shohnomadan olinyapti. Chunki Eron deganda ular ko‘proq hind-yevropani tushunib, Eronning dushmanlarini Turon, hind-yevropa tillari bo‘lmagan boshqa tillar deb ajratib qo‘yyapti.

Qarang — Ural-Oltoy, Oltoy ichida turkiy tillar ham bor va unga qarindosh qilib qo‘yilgan tillarni qarang: Dravid, Tibet-Birma, Tay-Kaday (Tailanddagi tillar), Malay (Malayziya, Indoneziyadagi tillar). Shu darajada katta oila ajratilgan. Bu oilaning ajratilishining sababi nima?

Boya aytganimdek, ular yaxshi o‘rganilmagan, lekin bu tillarga xos bo‘lgan bitta xususiyat bo‘lgan — agglyutinatsiya. Agglyutinatsiya degani grammatik ma’noni qo‘shimcha yordamida ifodalash. Masalan, rus tilida yoki ingliz tilida grammatik ma’noni ko‘pincha predloglar bilan berishadi, to‘g‘rimi? “V”, “na”, “pod” kabi. Ingliz tilida ham shunga o‘xshash.

O‘zbek tilida predloglar kategoriya sifatida mavjud emas. Biz ko‘pincha zamonni ham, shaxsni ham, joylashuvni ham qo‘shimchalar bilan ifodalab ketamiz. “Maktabimiz” — bitta so‘zda qo‘shimcha yordamida maktab bizga tegishliligini ifodalaymiz. Lekin rus tilida shunaqa deya olmaymiz. “Nasha shkola” deyishimiz kerak. Ikkita so‘z bo‘lyapti. Mana shu agglyutinatsiya bo‘ladi va Ural-Oltoy, dravid va boshqa tillarni kuzatgandan keyin bular hammasi bitta umumiy oila bo‘lsa kerak, kelib chiqishi umumiy bo‘lsa kerak deb, ular turon tillari deb ajratishgan.

Bu bizga nima uchun qiziq? Mana shu turon degan nom keyinchalik bizning ziyolilarimizga boshqacha ta’sir ko‘rsatadi va ular o‘zlarini turli nazariyalariga shu nomdan ilhom topadi. Vaholanki, Yevropada turon deganda sal boshqacharoq narsani tushunishgan, hozir u narsaga ham yetib boramiz.

Yana bir narsa: Ural-Oltoy tillari turon tillarining shimoliy tarmog‘i deyiladi, qolganlari janubiy tarmog‘i deyiladi. Chunki ular janubroqda tarqalgan. Dravid tili hind-yevropa tillari borguncha Hindistonning asosiy tili bo‘lgan. U hind sivilizatsiyasining tilidir. Hozir ham Hindiston janubida saqlanib qolgan. Dravid tilida olinadigan hind filmlari Bollivud deyilmaydi. Kollivud va Tollivud deyiladi. Mamlakatda tamil, telugu degan tillarda olinadigan juda katta alohida kinematograf bor.

Demak, u tillar ham Hindistonda bugungi kungacha juda keng tarqalgan. Qolgani Hind-Xitoyda tarqalgan, Okeaniyada tarqalgan, shuning uchun janub deyiladi. Ularning o‘ziga xosligi agglyutinatsiya dedim.

Qo‘shimcha yordamida grammatik ma’no anglatish agglyutinatsiya deyiladi va bu boshida turon tillariga xos xususiyat deb hisoblangan. Buning natijasida XIX asr tilshunosligida yana bitta til turon tillaridan biri deb hisoblangan. Bu til ham sizga tanish — shumer tili.

O‘zimizning ziyolilar shumer tili bilan o‘zbek tili yoki turkiy tillardagi o‘xshashliklarni keltirib, bu bizga qarindosh deb kitoblar yozib tashlashgan va ular bu nazariyani osmondan olmagan. XIX asrda bunaqa nazariya ilm-fanda mavjud bo‘lgan va shumer-akkad mixxatlarini o‘qigan birinchi olim Roulinsonning o‘zi shu narsani aytgan.

U shumer mixxatlarini deshifrovka qilib, o‘qib, tanishgandan keyin shumer tili tuzilishiga ko‘ra mo‘g‘ul-manjur tillariga o‘xshab ketadi degan. Keyinchalik Turkiya, Usmonli tili bilan tanishganda, turk tiliga ham o‘xshash ekan degan. Ya’ni, bu nazariya XIX asrda keng tarqalgan. Hatto XX asr o‘rtalarida bu nazariyani jiddiy qabul qilishgan.

Shunday qilib, XIX asrni qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning yovvoyi davri desa ham bo‘ladi. Odamlar, olimlar turli tillarni o‘rganib, material to‘plab, o‘zi topgan qonuniyatlardan ilhomlanib, juda ko‘p til oilalari, makrooilalar haqida nazariyalarni ilgari surgan va buning natijasida yaqin-yaqingacha tilshunoslikda shunaqa bir qarash bor edi: tillar oilalardan iborat.

Asosan 30 tacha oilani ajratib ko‘rsatishadi, Amerikadan tashqari. Amerikadagi hindu tillarini o‘zi yana 30 tacha oilaga bo‘linadi. Yevroosiyo, Afrika va boshqa yondosh hududlardagi tillar 30 tacha oilaga ajratilardi. Bu o‘ziga xos urf edi. Bugun bu oilalarga munosabat qanday?

Davom etamiz. Keyingi bosqich. Bu bosqichga o‘tishdan oldin tilshunoslikdagi yana bitta bahsni aytib o‘tishim kerak. Tilshunoslikda ikkita qarash bor: monogenez va poligenez. Buning ma’nosi shundan iborat: monogenez — dunyodagi barcha tillar bitta tildan kelib chiqqan deydi. Poligenez — tillar hech qachon bitta umumiy ajdodga ega bo‘lmagan deydi. Mening kuzatishim bo‘yicha, XIX asrda monogenez mashhurroq bo‘lgan. Buning bir qancha sabablari bor.

Birinchisi, komparativistikaning yutuqlari. Ya’ni, hind-yevropa oilasi qarindoshligini kashf qildikmi, semitlarning qarindoshligini aniqladikmi, afrosiyo tillarining qarindoshligini bildikmi, demak, yana ham chuqurroq kavlasak hammasi bir ildizga borib taqaladi degan qarash hukm surgan va bu qarash evolyutsionizm deyiladi. Uning eng mashhur vakili Charlz Darvindir.

Charlz Darvinning evolyutsion ta’limoti faqat biologiyada emas, hamma sohada hukmron mavqega ega bo‘lgan. Shu jumladan, tilshunoslikda ham. Tilshunoslar ham taxminan biologiyadaqa fikrlagan. Ya’ni, butun tirik jonzotlar, hamma tiriklik bitta ildizdan kelib chiqyaptimi, demak, tillar ham shunaqa bitta yagona ildizga borishi kerak degan xulosaga kelishgan.

Hozirgi fanda bu 100 foiz tan olinmaydi. Masalan, to‘g‘ri, tirik mavjudotlar hammasi umumiy hujayraga ega deylik, hujayra umumiy, demak, bitta ajdodga ega. Lekin ungacha, tiriklikning minglab shakllari bo‘lgan va ularning bittasi g‘alaba qozongan. Yoki iqtisodiy, madaniy tarixni oladigan bo‘lsak, unda ham hozir aytishyaptiki, insonlar ibtidoiy jamoa tuzumidan quldorlikka, quldorlikdan feodalga, feodaldan kapitalizmga o‘tmagan. Insonlar bundan 300 ming yil oldin ham siyosiy eksperimentlar qilgan, qayerdadir demokratiya tug‘ilgan, qayerdadir kapitalizm tug‘ilgan degan ancha erkin qarashlar aytiladi.

Tilshunoslikda ham shunga yaqin vaziyat, bu haqda ham to‘xtalamiz. Hozircha esa XIX asr oxiridagi va XX asr o‘rtalari va undan keyingi davr tilshunosligi haqida gaplashamiz. Demak, monogenez modaga kiryapti va boya aytgan nazariyam ilgari surilyapti: dunyo tillarining deyarli hammasi bitta ildizga borib taqaladi. O‘sha ildiz esa — borey tili.

Borey degani yunon tilida shimoliy degani. Shimoldagi qanaqadir bir til butun dunyoga tarqab ketgan va har xil shakllar bergan deyiladi. Bu nazariyaning ikki nafar ideologi bor: Moskva maktabi vakili Starostin va angliyalik olim Garold Fleming. Ikkovi mana shu nazariyaning ikki variantini ishlab chiqqan va o‘zining tasnifi bor.

Ular qaysi til qanday shaklda borey tillari makrooilasi, makro ham emas, giperoilasiga kiradi degan savolga javob berishga harakat qilishgan. Hozir har bir farazga to‘liq to‘xtalib o‘ta olmaymiz. Men qisqacha tanishtirib o‘tishga harakat qilaman. Borey tili degan variant bor, nazariya bor. Undan keyingisi esa turit.

Turit tillari undan ham kengroq miqyosni qamrab oladi, butun sayyoradagi eng mayda tillarni ham o‘z ichiga kiritadi. Turit so‘zining kelib chiqishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u lotincha turris so‘zidan olingan. Bu minora degani. Qaysi minora? Albatta, Bobil minorasi. Boya Darvin ta’limotining ta’siri haqida gapirdim. Ikkinchi ta’sir qiluvchi omil — xristian dini.

Fanda o‘rganishlarni asosan yevropalik olimlar qilyapti va ularning dini asosan xristian dini. Ayniqsa XIX asrda ular diniy qarashlarini ba’zan to‘liq tekshirmay fanga joriy qilgan. Shuning uchun Bobil minorasi haqidagi asotir tilshunoslikda juda mashhur bo‘lgan.

Bobil minorasi asotiri bilan tanish bo‘lmaganlar uchun men uning qisqacha mazmunini aytib beraman. Juda qadimda butun insoniyat bir tilda gapirgan va insonlar rivojlanib, to‘kin-sochinchilikda yashab kelgan. Ma’lum muddatda insoniyat shunchalik g‘ururga berilganki, biz Xudoni ko‘ramiz, Xudoga yetishamiz deb osmonga yetadigan minora qurishni boshlagan. Bu minora Bobilda qurilgan.

Bobilda qurilishiga sabab, Bibliya, Qadimgi Ahdda Bobil ko‘p ishlatiladigan obraz. U mag‘rurlik, axloqsizlik va hokazolar qiyofasi sifatida ishlatilgan, juda boyib ketgan va juda aynib ketgan bir shahar obrazi. Keyingi davrda Bobilning o‘rniga Rim obrazi ishlatiladi.

Demak, Bobilda minora qurilyapti, maqsad esa — osmonga yetish. Bundan Xudo g‘azablanadi va odamlarning tilini aralashtirib yuboradi, oqibatda odamlar bir-birini tushunmay qoladi. Bir-biriga g‘isht uzatish kerak bo‘lsa, shuni ayta olmaydi, boshqa narsa bo‘lsa, muloqot qilolmaydi, bir-biridan hech narsa so‘rolmaydi-da, qurilish to‘xtab qoladi. Keyinchalik insoniyat butun dunyoga tarqalib ketadi. Shunday qilib bugungi tillar paydo bo‘ldi, deyiladi. Shuning uchun har bir davlatning o‘ziga xos tili bor, deb aytiladi.

Ana shu asotir yevropalik, rossiyalik olimlarni juda ilhomlantirgan va ular balki bu asotirning tagida haqiqat bordir, rostdan hamma tillar bir asosga borib taqalar degan fikrda shu kabi nazariyalarni ilgari surgan: borey tili, turit tillari va hokazo.

Turit degan hatto nom ham minora so‘zidan olinyapti, lekin nomning muallifi Militarev buni hazillashib o‘ylab topganini ta’kidlagan. Qarang, Amerika, Hind-Tinch okeani, Avstraliya, Yevroafrika tillari deb to‘rtta katta guruhga bo‘linyapti. Deyarli hamma tilni qamrab olyapti. Lekin bu davrda o‘zi bunaqa qamrab olishga asos bormidi? Hali hamma til yetarli darajada o‘rganilmagan edi-ku. Shunga qaramasdan, o‘sha davrda shunaqa nazariyalar ilgari surilgan.

Borey bilan turit juda isbotlash qiyin bo‘lgan farazlar edi, lekin nostratik nazariya ham borki, u salkam isbotlangan nazariya edi. Bu atamani fanga daniyalik olim Xolger Pedersen kiritgan. Uni davom ettirgan Moskva tilshunoslik maktabi vakillari Vladislav Illich-Svitich, Aron Dolgopolskiy Starostin bilan bir qatorda nostratik nazariyani rivojlantirgan.

Bu nazariyaning mohiyati nimadan iborat? Ular hind-yevropa, afroosiyo, semit-hamit tillari, ural-oltoy tillari va kartvel tillari o‘zaro qarindosh degan xulosaga kelishadi va yuqoridagi nazariyalardan farqli ravishda juda katta tadqiqot o‘tkazadi. Ular haqiqatan yuzlab tillar o‘rtasidagi minglab parallellarni ko‘rsatib beradi.

Illich-Svitich bergan tasnifda birinchi variantda quyidagi oilalar qatnashadi: hind-yevropa, afroosiyo, ural, oltoy, kartvel, dravid. Keyinchalik ba’zi bir tilshunoslar bunga eskimos-aleut, chukcha-kamchatka tillarini ham qo‘shadi. Bu to‘liq isbotlanmagan. Nostratik nazariyaning o‘zi ham to‘liq isbotlanmagan.

Xullas, ular mana shunday katta makrooilani yaratishadi, ishlab chiqishadi. Haqiqatan olib qarasangiz, ular orasida parallellar tiqilib yotibdi. Boya misol keltirganimdek, shumer tili bilan turkiy tillarda ota bilan ona bir xil aytilyati. Agar turli tillarni o‘rgansangiz, deyarli hamma tilda ota bilan ona bir xil aytiladi.

Men shumer tilidan misol keltirdim, lekin hatto got tilini oling, german tillaridan biri, yoki xett tilini oling, yoki elam tilini oling, dravid, qaysi tilni olsangiz ham taxminan bir xil. Ata, ama, mana shunaqa shakl. Yapon tilida ham shunaqa. Onani ama deyishadi. Amaterasu degan ma’budasi ham bor. Starostin yapon tilini shuning uchun oltoy oilasiga kiritadi. Shu masalaga bag‘ishlangan mashhur kitobi bor. Haqiqatan mana shu so‘zlar deyarli hamma tillarda o‘xshaydi. Buning sababi nima? Rostdan qarindoshmizmi?

Shu savolga javobni qidirish natijasida, demak, birinchi bosqichda qarindoshmiz degan javob berilgan. Hozir sal boshqacharoq javoblar ham bor. Nostratistlar shu darajaga yetganki, mana shu oilalarga kiruvchi tillarning materialini to‘liq o‘rganib, har bir so‘zni qiyoslab chiqib, ularni qiyoslaganda eng qadimgi shakli qanaqa bo‘lishini tiklashgan va pronostratik tilni ishlab chiqishgan.

Va pronostratik tilda she’r yozishgan. Pronostratik til nima degani? Masalan, shartli 10 ta til oilasi bo‘lsa, har birida 10 tadan til bo‘lsa, har birining materialini qiyoslab, har bir so‘z 7000, 8000, 10000-yil oldin qanaqa aytilganini shaklini tiklab chiqishgan. Va mana shunaqa rekonstruksiya berishgan. Eng qizig‘i, bu rekonstruksiyani o‘qish juda ham qiyin.

Umuman til rekonstruksiyalarining asosiy muammosi shundaki, aniq qonuniyatlar bo‘yicha fonetik o‘zgarishlarni fiksatsiya qilib, oxiriga olib borsangiz, shunaqa murakkab shakllar chiqadiki, bir oddiy inson bu so‘zlarni talaffuz qilishiga ishonish qiyin.

Masalan, birinchi so‘zni qanaqa talaffuz qilasiz? K ning tagida nuqta turibdi, demak oddiy k emas. L ning yonida katta h turibdi, demak bu oddiy h tovushi emas, bu aspiratsiya, ya’ni l ni siz ozgina nafas qo‘shib tilga olishingiz kerak. L emas, lh bo‘lishi kerak bu. A ning ustida ikkita nuqta turibdi, demak bu yumshoq o‘qilishi kerak. Bir o‘qib ko‘ring-chi. Keyin teskari so‘roq turibdi, u nima?

Teskari so‘roq ingliz tilida glottal stop deyiladi, bizda tutuq yoki bo‘g‘iz tutug‘i desa bo‘ladi. Semit tillarida juda keng tarqalgan ʼa degan tovush. O‘shandan so‘z boshlanyapti. Uni qanday o‘qiysiz? Keyin pastda qarang, ikkinchi qatorning birinchi so‘zi. Oddiy l emas, grekcha lyambda harfini beryapti. Bu degani, buni oddiy l sifatida emas, boshqacharoq o‘qish kerak. Xullas transkripsiya juda ham qiyin. O‘zlari ham aniq o‘qiy olmasa kerak, lekin nima uchundir rekonstruksiya faqat shunaqa natija beradi. Men odamlar o‘zini bu darajada qiynamagan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman.

Lekin bu rekonstruksiyalar 100 foiz haqiqatni aks ettirmagan taqdirda ham tilshunoslikning rivojlanishi uchun ahamiyatli. Shu paytgacha biz qiyosiy-tarixiy tilshunoslik, komparativistika haqida — tillarni bir-biriga qiyoslab o‘rganish haqida gaplashdik.

Keyinroq yana bir soha rivojlanadi — glottoxronologiya. Glottoxronologiyaning mohiyati nima? Bu ko‘proq genetikaga o‘xshagan bir fan. Unda tilda o‘zgarish necha avlodda bo‘lishiga qarab, tilning qadimiyligi hisoblanadi. Bu qanday ishlaydi?

Tilda ikki xil segment ajratiladi. Birinchisi aktiv lug‘at, ikkinchisi passiv lug‘at. Ikkisi ikki xil tezlik bilan o‘zgaradi. Chunqi ko‘p ishlatiladigan so‘zlar sekinroq o‘zgaradi. Passiv lug‘at tezroq o‘zgaradi, chunki kamroq ishlatiladi. Mana shu o‘zgarishlarning tezligiga qarab, tillarning qachon kelib chiqqanini bashorat qilishadi.

Ana shu bashoratga ko‘ra, masalan, turkiy tillar qachon kelib chiqqan? Starostinning bashorati bor. U turkiy tillarning bir-biridan ajralish nuqtasi 2300-yil oldin, deydi. Ya’ni, 2300-yil oldin turkiy tillarda gapiruvchi bir xalq bir nuqtada yashagan, keyin o‘sha nuqtadan tarqalib ketgan va tillari o‘zgarishni boshlagan. Bu hisob-kitob aniqmi?

Aynan turkiy tillar misolida ancha aniq, chunki taxminan miloddan avvalgi to‘rtinchi-uchinchi asrda Xitoy manbalarida Xun davlati haqida ma’lumot bor. Ular davlat quryapti va Xitoy bilan urush qilib, migratsiya qilib Yevropagacha tarqalib ketyapti. Glottoxronologiya ma’lumotlari ham o‘sha davrga to‘g‘ri kelyapti. Demak, tarixdagi ma’lumotlar bilan qiyoslab taxminan hisoblasa bo‘ladi.

Boshqa tillar haqida ham turli fikrlar bildirilgan. Faqat oltoy oilasida juda katta muammolar kelib chiqqan. Turkiy tillarning o‘zi bor-yo‘g‘i 2300-yil oldin tarqalgan, lekin mo‘g‘ul tillari bilan qarindoshligi 6000-yil oldin deb belgilanyapti. Ya’ni turkiy xalqlar mo‘g‘ullardan 6000-yil oldin ajralib, yana 3500-yil alohida bo‘linmasdan bir joyda yashagan. Keyin tarqalib ketgan. Mana shunaqa g‘alati jihatlari bor.

Komparativistikada nostratikadan tashqari, unga o‘xshash boshqa ko‘plab nazariyalar bor. Chunki hali yaxshi o‘rganilmagan, qarindoshligi aniqlanmagan tillar bor. Olimlar o‘rganib, ularning bir-biriga qarindoshligini chiqarishga harakat qilishadi. Masalan, shunaqa zo‘r model bor, chin-kavkaz, ya’ni xitoy-kavkaz tillari. Hech kutilmagan joyda xitoy bilan kavkaz tillari o‘rtasida o‘xshashliklar bor. Ularning hatto sonlari ham o‘xshab ketadi. Shundan kelib chiqib, xitoy va kavkaz tillari bir-biriga qarindosh degan fikr ilgari suriladi.

Mana shunaqa model bor, unga kiradigan tillar: Shimoliy Kavkaz tillari, bask tili (Ispaniyada tarqalgan va qarindoshi bo‘lmagan til), burushaski (Pokistondagi Kvetta vodiysida, tog‘u toshlarda tarqalgan til), xurrit-urart tillari (Yaqin Sharqda tarqalgan til), yenisey tillari, chin-tibet tillari, na-dene tillari, amerikadagi tillar, hindu tillari. Navaxo degan qabilani eshitgan bo‘lsangiz kerak. Navaxolar na-dene tillarida gapiradi. Ular o‘ziga xos, bunga hali yana to‘xtalamiz.

Ba’zida odamlar hindu tillaridan ham o‘xshashlik topib olishadi, aslini olganda hindu tillari ham bir-biriga qarindosh emas. Faqatgina na-dene tillar oilasi rostdan yevroosiyo tillari bilan qarindoshligi haqida ishonchli ma’lumotlar bor. Sababi, na-dene tillari vakillari amerikaga eng oxirgi ko‘chgan oqim hisoblanadi. Boshqa hindu tillarini Yevrosiyo tillari bilan bog‘laydigan aniq parallellar yo‘q.

Mana shunaqa olimlar tillarning bir-biriga qarindoshligini qidirib, ilhomlanib, bir loyiha yaratishgan. Buni internetdan topishingiz mumkin. Men havolasini qoldirmadim, chunki havolasi o‘zgarib turadi. Loyiha Bobil minorasi deb ataladi. Bu o‘sha Moskva maktabining yaratig‘i. O‘sha nostratik nazariyadan, til oilalarining bir-biriga qarindoshligidan ilhomlanib yaratilgan loyiha. Bu loyiha ichida uzoq-uzoq tillarni bir-biriga qiyoslaydigan tadqiqotlar nashr qilinadi, lekin eng qadrli qismi mana bu.

Saytiga kirsangiz, deyarli hamma til oilalarining bazalari joylashgan. Keyin buning ichiga kirasiz, har birining etimologik lug‘ati bor. Men misol qilib, turkiy tillar va Oltoy tillarining etimologik lug‘atidan skrinshotlar keltirdim. Bu haqiqatdan xazina. Mana shuncha til oilalaridagi hamma tilni o‘rganib, yuz minglab so‘zlardan iborat mana shunaqa etimologik lug‘atlar yaratishgan.

Tillarning arindoshligini isbotlamagan taqdirda ham bu — xazina. Bundan dunyodagi istalgan tilingiz lug‘atini o‘rganishingiz mumkin. Kirasiz, falonchi so‘zning kelib chiqishiga qiziqasiz, lug‘atdan topasiz va boshqa tillardan parallellar, etimologiyasi bo‘yicha ma’lumotlarni topasiz. To‘g‘ri, nostratik nazariya 100 foiz isbotlanmagan, boshqa ma’lumotlar asosida tekshirish kerak, lekin bazaning o‘zini yaratishga qancha mehnat ketgan, buni tasavvur qilish qiyin. Mana shu loyihani hammaga tavsiya qilaman.

Komparativistika qanday rivojlangani haqida gaplashdik. Endi uning bizning tilshunosligimizga ta’siri haqida gaplashsak, men shaxsan o‘zim mana bunaqa nazariyalarni eshitganman. Bu nazariyalarga ba’zilar chippa-chin ishonadi, ba’zilar keskin rad qiladi, lekin komparativistika tarixini qaraydigan bo‘lsangiz, buni o‘zbek yoki qozoq olimlari o‘ylab topgan emas.

Bunga yaqin fikrlarni Roulinson aytgan, Maks Myuller aytgan, Gommel aytgan. Bular bundan 150 yil oldin aytilgan fikr. U vaqtda fan hozirgidek rivojlanmagan va hozirgi nazariyalar, materiallar bo‘lmagan. O‘zimizning ziyolilar u paytda hali bu masalaga yetib kelmagandi, chunki boshqa muammolari bo‘lgan. 1960-yillarda Sovet davlatida mustamlaka respublikalar nazorati biroz bo‘shashadi va buning natijasida respublikalarda, shu jumladan O‘zbekistonda millatchilik harakatlari paydo bo‘ladi.

O‘zbeklikni, o‘zining kelib chiqishini tushunish, ildizlarini izlash boshlanadi. O‘zining ildizlarini izlayotgan ziyolilar turli manbalarga murojaat qiladi, o‘zining yozma manbalarini ham o‘rganadi, yevropalik olimlarni ham o‘rganadi va 1970−80-yillarda 150 yil oldin yozilgan yevropalik tilshunoslarning kitoblariga duch keladi. U kitoblarda nima deb yozilgan? Shumer tili mo‘g‘ul tiliga qarindosh ekan, turk tiliga qarindosh ekan, sak, skif tillari turkiy til ekan degan turli-tuman qarashlar aks etgan.

Ular tabiiyki, o‘zining nomini ko‘rgandan keyin bu qarashlarga qiziqadi, ularni o‘rganadi, va haqiqatan, boya men keltirgan ba’zi parallellarni topishadi va bitta kitob vujudga keladi: qozoq ziyolisi O‘ljas Sulaymonovning “Az i ya”. Bu ikki qismdan iborat kitob. Birinchi qismi “Slovo o polku Igoreve” degan rus adabiyoti namunasi tahliliga bag‘ishlangan.

Ikkinchi qismi, ikkinchi qismi “Shumernoma” deb ataladi. Muallif shumer tilidagi ba’zi so‘zlarni olib, qozoq tiliga qiyoslaydi. Quyosh “utu” deyilar ekan, qozoq tilida olov “o‘t” deyiladi. Shumer tilida nevara “nimara” deyilar ekan, bizda “nevara” deyiladi va hokazo.

O‘ljas Sulaymonovning kitobi O‘zbekistonda ham, Ozarbayjonda ham, Tataristonda ham mashhur bo‘ladi. Turkiyada unga parallel ravishda Osman Nedim Tuna shu yo‘nalishda ish olib boradi. U ham tilshunos sifatida shumer tilini turkiy tillarga qiyoslab, parallellar topadi. Shunaqa qilib, shumer-turk nazariyasi paydo bo‘ladi va u hozirgacha mashhur. Undan tashqari, bugungi Eronning janubida Elam degan davlat bo‘lgan va Elam davlatida mixxatda o‘ziga xos tilda yozishgan.

Elam tili ham agglyutinativ til va unda ham turkiy tillarga o‘xshash so‘zlar bor. Unda ham otani “atta” deyishadi. Uni ham turkiy tillarga o‘xshatishadi. Keyin yana qanaqa egasiz tillar bor? Italiyada Rimga qadar etrusklar hukmron bo‘lgan, to‘g‘rimi? Etrusk tili ham hech qanday qarindoshi yo‘q, shu paytgacha borligi isbotlanmagan. Bizda uni ham qiyoslab parallellar topishgan.

Ta’kidlab o‘tishim kerakki, bu tillar faqat turkiy tillar bilan qiyoslanmagan. Masalan, men o‘zim etrusk tili alban tili bilan qiyoslanganini ko‘rganman. Etrusk tilini venger tili bilan ham qiyoslashgan, parallellar topishgan. Shumer tilini gruzin tili bilan qiyoslab, rosa ko‘p parallellar topishgan. Hind-yevropa tillari bilan ham qiyoslashgan.

Shuning uchun bu faqatgina bizga xos bo‘lgan qarashlar emas. Butun dunyoda ziyolilar shunaqa ildizini qidirib, qayerlardandir o‘xshash so‘zlar topib oladi. O‘xshash so‘z esa qidirsangiz hamma joydan chiqadi. Bundan tashqari, elam tilini shunchaki ziyolilar emas, boya tilga olingan Starostin ham o‘rganib, dravid tillariga bog‘lagan.

Shuningdek, hindu tillarida ham parallellar topishadi. U parallellarning muammosi nimada? Hindu tillarining o‘zi 30 ta oilaga bo‘linadi va hindu tillarining o‘zini ham hali qarindoshligi 100 foiz isbotlab qo‘yilmagan. Turkiy xalqlar ziyolilari istalgan hindu tilidan o‘xshash so‘zni oladi. Masalan, bitta so‘z mayya tilidan, bitta so‘z navaxo tilidan olib, mana qarindosh ekan deydi va vaholanki, navaxo bilan mayyaning o‘rtasida 5000-yil farq bo‘lishi mumkin, 8000-yil farq bo‘lishi mumkin. Bular o‘ta ishonarsiz narsalar. Yuqoridagilar ziyolilar orasida tarqalgan romantik nazariyalar edi.

Mana bular ilmiy nazariyalar. Birinchisi, XIX asrdayoq ilgari surilgan, ural-oltoy degan bitta katta oila taxmin qilinadi. Oltoy tillari tarkibiga qaysilar kiradi? Turk, mo‘g‘ul, tungus-manjur tillari kiradi. Ural tillariga fin-ugor tillari, venger, boshqa tillar kiradi.

Keyinchalik ural va oltoy bir-biriga qarindosh emas, lekin o‘xshash ekan, deb ajratishadi va oltoy tillarining o‘zi qoladi. Dastlabki bosqichda oltoy tillari tarkibiga turkiy tillar, mo‘g‘ul tillari, tungus-manjur tillari kiritiladi. Keyinchalik koreys va yapon tillari ham kiritiladi. Demak, beshta tarmoqdan iborat. Bu oltoy nazariyasi vaqtida juda ommalashadi, keng tarqaladi.

Keyinchalik oltoy tillarining qarindoshligiga bo‘lgan shubha-gumon ortib ketadi va hozir juda ko‘p olimlar bu fikrga qo‘shilmaydi. Oxirgi yillarda Germaniyada bir guruh olimlar Martine Robits boshchiligida shu masalada tadqiqotlar o‘tkazdi va oltoy tillari nazariyasini sal yangilab, transevroosiyo tillari nazariyasini ilgari surdi.

Transevroosiyo tillari yana o‘sha tillardan iborat: turk, mo‘g‘ul, tungus-manjur, koreys, yapon tillaridan, nomi o‘zgargan. Mana shu tillar yo bir-biriga qarindosh bo‘lishi mumkin, yo bir hududda birga yashagan degan nazariyalar ilgari surildi. O‘zbek tilining kelib chiqishi, qarindoshlari haqida ilmiy nazariyalar desa, mana shu uchovini aytishimiz mumkin.

Nima uchun bular to‘liq tan olinmayapti? Muammo nimada? Bitta misol keltiraman: sonlar. Sonlar tillarda eng qadimda paydo bo‘ladigan so‘z turkumlaridan biri hisoblanadi. Buning sababi, eng qadimgi ovchi-termachilarda ham sanashga ehtiyoji bo‘lgan. Shuning uchun odatda bir guruhga yoki bir oilaga kiradigan tillarda sonlar bir xil bo‘ladi.

Hind-yevropa tillarida o‘xshash sonlar rostdan ko‘p. Bu yerda birdan o‘ngacha keltirilgan. Sanskrit, qadimgi grek tili, lotin, got tili, qadimgi slavyan tilida. Shu jihatdan ham hind-yevropa tillarining o‘zaro bog‘liqligi zo‘r isbotlangan.

Endi, oltoy tillaridagi sonlarni ko‘rib chiqsak, ular tamomila bir-biriga o‘xshamaydi. Qadimgi turk tili, mumtoz mo‘g‘ul, manjur tili, koreys tili, yapon tilida ko‘rib chiqaylik. Tub so‘zlar deyilganining sababi, koreys-yapon tilida ikki turdagi sonlar bor. Biri tub, ikkinchisi xitoy tilidan olingan. Ularni ham birdan o‘ngacha keltirdim.

Oltoy tillarida sonlar mutlaqo bir-biriga o‘xshamaydi. Bundan ikki xil xulosa qilish mumkin. Birinchi xulosa: oltoy tillari sanashni o‘rganishidan oldin tarqab ketgan. Qachon tarqalib ketgan? Insoniyat qachon sanashni o‘rgangan? Necha o‘n ming yil oldin tarqab ketgan bo‘lishi kerak.

Ikkinchi xulosa: ular qarindosh emas. Unda nima uchun baribir o‘xshashlik topamiz? Hozir bunga batafsilroq to‘xtamiz. Qarindoshlikni ko‘rsatib beradigan ikkinchi metod bor. Bu odatda qarindoshlikni isbotlamaydi, qarindoshlikning yaqinlik darajasini ko‘rsatadi. Svodesh degan olimning ro‘yxati bor. Birinchi ro‘yxat 100 ta so‘zdan iborat. Kengaytirilgan ro‘yxat 200 ta so‘zdan iborat. Bu qanday ro‘yxat? U 100 ta bazaviy so‘zdan iborat lug‘at. Svodeshga ko‘ra, mana shu so‘zlar tilda eng sekin o‘zgaradi.

Shu so‘zlar tillarda qay darajada ko‘proq bir-biriga mos kelsa, ular shu darajada bir-biriga yaqin hisoblanadi. Shuning uchun tilshunoslikda tilshunoslikda yaqin-yaqingacha qarindoshlikni o‘lchaganda istalgan o‘xshash so‘z olinmagan. Bazaviy mana shu 100 ta so‘zdan iborat ro‘yxat olingan. Mana shular o‘xshasa, demak, qarindoshlik haqida gapirsa bo‘ladi. Tasodifan o‘xshab qolgan bir so‘z o‘zlashma bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi? Mana shunaqa qarash hukm surgan. Hozir hatto bu metod ham eskirgan.

Klosson degan britaniyalik tilshunos olimning oltoy tillari qay darajada bir-biriga qarindosh degan maqolasi bor. U Turk, mo‘g‘ul, tungus-manjur tillarining Svodesh ro‘yxati bo‘yicha parallellarini o‘rganib chiqib, oltoy tillari bir-biriga qarindosh emas, deydi. Bu xulosa emas, qadimgi olimning o‘sha davrda aytilgan fikri.

Ya’ni, shuncha parallel bor, o‘xshashlik bor, qarindoshmiz deganimiz bilan sonlarimiz o‘xshamaydi. Bazaviy lug‘atimiz ham o‘xshamaydi. Unda buni nima bilan tushuntiramiz? Mana endi, komparativistikaning yangi bosqichi, bugungi qarashlarga to‘xtalamiz. Ilgari qarindoshlik qanaqa o‘rganilgan? Birinchi navbatda lug‘at qiyoslangan. Lug‘at qiyoslanganda eng qadimgi shakllar, rekonstruksiya qilinadigan eng qadimgi shakllar olinib, bazaviy lug‘at, sonlar va boshqa narsalar qiyoslangan. Shu asosida qarindoshlik isbotlangan yoki isbotlanmagan.

Undan tashqari, so‘zlardagi qo‘shimcha morfemalar qiyoslangan. Qo‘shimcha morfemalarda ham o‘xshashlik ko‘p bo‘ladi. Masalan, hind-yevropa tillarida yoki semit tillarida morfemalar ham o‘xshash. Undan keyingi bosqichda grammatikani qiyoslashgan. Grammatika tez o‘zgarib ketadi, deyishgan. Chunki ba’zi bir hind-yevropa tillari flektiv til, ba’zilari analitik til bo‘lib ketgan, ba’zi tillarda qo‘shimchalar radikal qisqarib ketgan.

Buni hatto yaqqol qarindosh tillar o‘rtasida ham kuzatish mumkin. Rus tilini oling, qancha qo‘shimchasi bor. Bolgar tili analitik til bo‘lib qolgan, ya’ni qo‘shimchalar ancha qisqarib ketgan. Shuning uchun grammatika ishonchsizroq deb hisoblangan. Hozir tilshunoslikda hatto Svodesh ro‘yxatiga ham ishonib bo‘lmaydi, deyilyapti. Chunki hech qanaqa bazaviy lug‘at yo‘q. Istalgan so‘z o‘zgarishi mumkin, deyiladi, hatto sonlar ham.

Masalan, yetti raqamning o‘zi hind-yevropa tillarida o‘zlashma hisoblanadi. U semit tillaridan olingan. Semit tillarida sab' degani yetti degani va hind-yevropa tillarida o‘shandan olingan shakllar ketyapti: septem, sapta, hapta. Tojik tilida haft. To‘g‘rimi? O‘zimizdagi turkiy tillardagi besh raqami ham hind-yevropa tillaridan olingan bo‘lishi mumkin, deyishadi. Bizdagi yetti ham hatto shunga borib taqalishi mumkin, deyishadi. Xullas, sonlar ham hatto o‘zgarib ketishi mumkin ekan. Bazaviy lug‘at ham o‘zgarib ketishi mumkin ekan. Hatto yurak degan, barcha hind-yevropa tillarida bir xil bo‘lgan so‘z, hozir prokartvel tilidan, ya’ni gruzin tilining ota-bobosidan olingan degan fikr bor. Card. Tanish so‘z-a? Rus tilidagi “serdse” ham o‘sha bilan bitta o‘zakka borib taqaladi. Heart, card, serdse — hammasi bitta o‘zakka borib taqaladi.

Yulduz degan so‘zni ham semit tiliga bog‘lashadi. Star so‘zi va Bobildagi Ishtar ma’budasi, Venera yulduzining nomi, shunga qiyoslashadi. Bu 100 foiz isbotlanmagan. Hatto bazaviy lug‘at ham o‘zgarib ketishi mumkin ekan. Unda qarindoshlikni nima isbotlaydi?

Grammatika o‘zgaruvchan, lug‘at ham o‘zgaruvchan. Lekin til o‘zining xususiyatlarini saqlab qoladi, deyishadi. Tilda o‘zgarmaydigan nima bor? Tilda o‘zgarmaydigan so‘zning yasalish modellari bor ekan, bu ham mavjud farazlardan biri.

Yasalish modellari ikki xil bo‘ladi: Oltoy va Amerika modeli bor. Amerika modelining o‘zining variantlari bor, Oltoy modelining o‘zining variantlari bor. Demak, o‘sha bo‘yicha qiyoslab, qarindoshlikni aniqlashga harakatlar bor va bu qiyos natijasida, bilasizmi, nima aniqlandi? Deyarli hech qaysi til bir-biriga qarindosh bo‘lib chiqmayapti.

Qiziq, 150 yil oldin tilshunoslik fan darajasida tizimlashib, rivojlanib boshlaganda, shu darajada odamlar bundan ilhom topganki, hamma joyda qarindoshlik ko‘rgan. Tilshunoslik bugungi darajaga kelib, endi odamlar, tilshunos mutaxassislar orasida “qarindoshlik isbotlanmaydi. Tillar juda xilma-xil. Hamma til har xil ildizlardan kelib chiqqan. Bitta bobo til yo‘q”, degan fikr ustunroq bo‘lib qoldi.

To‘g‘ri, hozir men hamma olim bir xil fikrda, deya olmayman. Lekin ustunroq bo‘lgan fikr mana shunaqa. 150 yil oldin bo‘lgan fikrlar bilan bugunni qiyoslasak, shu darajada farq bor. Bugun nisbatan murakkab, lekin ishonarli variantlar ilgari surilyapti. Birinchi navbatda aytilyaptiki, til o‘zi bir ildizga borib taqalishi shart emas. U hujayra emas. Ya’ni, hujayra o‘xshashmi, demak, aniq ildizi bitta. O‘tmishda biologiyaga ortiqcha qiziqib ketganmiz, evolyutsionizmga ortiqcha qiziqib ketganmiz. Buning natijasida o‘sha biologiyani, evolyutsiya prinsiplarini tilga ham olib o‘tganmiz.

Til unaqa rivojlanishi shart emas. Tillar har bir qabilada alohida paydo bo‘lishi mumkin, deyishadi. Tasavvur qilaylik, Avstraliyada va Afrikada 30 ming yil oldin ikkita qabila yashayapti. Ikkisi ham sanashi kerak. Demak, bir-biridan mustaqil sonlar paydo bo‘ladi. Ikki qabilada ham odamlar bir-birini xavf-xatardan ogohlantirishi kerak. Qanaqadir undov so‘zlar paydo bo‘ladi. Ota-ona, qarindoshlik munosabatlari bor. Qarindoshlik terminologiyasi paydo bo‘ladi. Bir-biridan juda uzoq bo‘lgan insonlar baribir bitta turga kiradi. Hamma Homo sapiens, organizm bir xil, miya bir xil, ehtiyojlar bir xil. O‘sha bitta pattern takrorlanadi. Kim qayerda yashasa ham, til o‘ylab topadi o‘ziga.

Boya ota-ona so‘zi haqida gaplashdik. Nima uchun hamma tillarda ota va ona so‘zlari o‘xshash? Buni shunaqa tushuntirishadi: ota-ona so‘zlari birinchi paydo bo‘ladi. Chaqaloq tug‘ilganda birinchi aytadigan so‘zlari shu. Biz o‘zimiz ham chaqaloqlarga “dada de”, “aya de” deb o‘rgatamiz va bu so‘zlar hamisha o‘sha chaqaloq tilga ola oladigan tovushlardan iborat va bu tovushlarning takroridan iborat. Dada, mama kabi. Bitta eng oson bo‘g‘inni ikki marta takrorlab, bitta so‘z yasayapti.

Hatto shunaqa nazariya ham bo‘lganki, eng qadimgi tillar bo‘g‘inlarning takroridan iborat bo‘lgan deyishgan va bu tillarni “banan tillari” deb atashadi. Yana bir qarash bor, u undov va taqlid so‘zlar haqida. Masalan, “qarg‘a” so‘zi ham hamma tilda bir xil. Shumer tilida ham, yapon tilida ham, hind-yevropa tillarida ham. Nimaga? Chunki “qarr” deb eshitiladi. Mana shunaqa patternlar bilan o‘xshashlikni tushuntirishadi. Mayli, ota-ona, qanaqadir taqlid so‘zlar o‘xshashligini tushuntirdik.

Murakkab so‘zlar nimaga o‘xshab qoladi? Masalan, yulduz degan so‘z. Yoki yurak degan so‘z, yoki raqamlar, sonlar nimaga bir-biriga o‘xshab qoladi? Mana shu savolga bugungi tilshunoslar zo‘r javob beradi. Demak, biz tillar tarixini ilk oilalar paydo bo‘lishi — 10, 12, 14 ming yil oldindan boshlab biz xato qilganmiz, deyishadi. Ya’ni, 14 ming yil oldin bu tillar izolyatsiyada yashamagan. Demak tillar 10 ming yillar davomida kontaktda va bir-biriga 300 ming yildan beri so‘z o‘tkazadi, degan xulosaga kelishadi.

Lekin biz til arxeologiyasini 300 ming yil oldinga olib bora olmaymiz. Unaqa rekonstruksiya qurollari yo‘q. Hozir til oilalari boshida bir toza tildan iborat bo‘lmagan, aralashib ketgan bitta til oila yaratgan, deyishmoqda. Demak, o‘sha bobo til deganimizning o‘zida o‘zlashmalar tiqilib ketgan. 2300-yil oldin turkiy tillar ajraldi deganimiz 2300-yil oldin turkiy til sof holatda turgan degani emas. 2300 emas, 3000-yil oldin ham o‘sha prototurk tili xitoy tili bilan, toxar tili bilan, eroniy tillar bilan balki aloqa qilgan.

Allaqachon 700 yil davomida xitoycha, toxarcha so‘zlarni olib, keyin bo‘linib ketgandir balki. Mana shunaqa qarash ilgari surilyapti va bu juda ko‘p o‘xshashliklarni tushuntirib beradi. Kartvel tilidagi bir so‘z bask tilidagi bir so‘zga o‘xshab qolsa, ular qarindosh bo‘lishi shart emas. O‘sha biz bilmagan davrda, 70 ming yil oldin qanaqadir madaniy kontaktlar orqali bitta so‘z u yoqdan bu yoqqa ko‘chib yurgan, degan qarash bor.

Hozir men hamma nazariyalar, hamma ismlarni keltirmayman. Qisqacha tushuntiradigan bo‘lsam, kartina qanaqa? Aytishadiki, qadimda davlatlardan oldin odamlar ma’lum bir kichkina va o‘rta guruhlar shaklida yashagan. Kimdir g‘orda, kimdir kichkina qishloqlar qurishni boshlagan va ko‘pincha har bir qabilaning o‘ziga xos tili bo‘lgan. Ular aynan bir-biridan kelib chiqishi shart emas. Hamma, hatto yonma-yon yashagan qabilalar ham bir-birini tushunmaydigan darajada xilma-xil tilda gapirgan bo‘lishi mumkin.

Keyinchalik bu davr oilalargacha bo‘lgan davr, deyilyapti. Ya’ni, har bir qabilaning alohida tili bor. Bu tillar bir ildizdan kelib chiqmagan, lekin bir-biri bilan kontakti bor. Masalan, bir qabila bug‘doyni o‘ylab topsa, keyingi qabilaga bug‘doyni yetkazadi, almashadi va bug‘doy bilan birga so‘z ham ularning tiliga o‘tadi. Bug‘doy so‘zi ham mana shunaqa keng tarqalib ketgan. Semit tillari bilan hind-yevropa tillarida o‘xshaydi va hokazo.

Shuning uchun til qadimda innovatsiya tarqatish tarmog‘i bo‘lgan, deyishadi. Til orqali innovatsiyalar ham tarqalgan. Shuning uchun, masalan, bundan 15 ming yil oldin Yaqin Sharqdan Xitoyga texnologiya bilan birga so‘zlar ham kelgan bo‘lishi mumkin. Balki undan ham qadimgi davrda bu voqea yuz bergandir.

Demak, oilalargacha bo‘lgan davr shunaqa bo‘lgan, tillar xilma-xilligi va biz o‘ylagandan ko‘ra intensivroq kontaktlar, bir-biri bilan juda yaqindan madaniy, iqtisodiy aloqada bo‘lgan. Keyin nima o‘zgardi? Neolitik demografik portlash ro‘y berdi. Shunaqa qarash borki, neolit davrida dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishni boshlagan jamiyatlarda oziq-ovqat ortiqchasi bilan yig‘ilib qolgan. Buning natijasida ular keskin ko‘payishga imkoniyat topdi. Masalan, resurs cheklangan bo‘lsa, qabila farzandlarini planlashtiradi. Deylik, oilada bitta farzand bo‘lsa, boqa olamiz, u bizga yana qo‘shimcha mahsulot, ovqat ishlab chiqarishga yordam beradi. Lekin oilamizda ikkita farzand bo‘lsa, och qolamiz, resurs yetmaydi. Chorvachilik, dehqonchilik sharoitiga kelib, ortiqcha mahsulot yig‘ilyapti, odamlar bemalol ko‘paysak bo‘ladi deyapti.

Keskin ravishda dehqon, chorvador jamoalarning soni ortib ketadi va neolitik ekspansiya boshlanadi. Neolit davrida dehqonlar, chorvadorlar butun dunyoga keskin tarqalib ketadi. Chunki soni oshyapti va ularga yangi joylar kerak, mol boqish uchun, bug‘doy ekish uchun, arpa ekish.

Ular butun dunyoga tez tarqalyapti yoki o‘zining innovatsiyasini boshqa xalqlarga tarqatyapti, shu ekspansiya davomida juda ko‘p hududlarda til xilma-xilligi yo‘q bo‘lib ketgan deyishadi. Ya’ni, aslida hozir emas, neolitgacha tillar ko‘proq bo‘lgan. Hozir biz neolitdan oldingi til xilma-xilligining qoldiqlarini ko‘ryapmiz. Juda ko‘p tillar yo‘qolib ketgan. Balki 80, balki 70, balki 90 foizi yo‘qolib ketgandir. Uning faqat reliktlari qolgan.

Masalan, Yaqin Sharqda eng qadimgi yozma madaniyat bo‘lgani uchun bugungacha yetib kelgan tillarni bilamiz: semit tillari, hind-yevropa tillari. Lekin urart, xurrit, akkad, elam tillari avlod qoldirmagan. Yoki deylik, Hindistonda, Pokistonda asosan hind-yevropa tillari tarqalgan, lekin tog‘larda burushaski, vershik degan kichkina tillar qolib ketgan. Ular hech kimga qarindosh emas. Yevropada etrusklar hech kimga qarindosh emas. Ispaniyada basklar hech kimga qarindosh emas. Rossiyaning shimolida kam sonli xalqlar bor, hech kimga qarindosh emas. Ana shular til xilma-xilligi reliktlari, qoldiqlari deyishadi. Bu xilma-xillik Kavkazda nisbatan yaxshi saqlangan. Shuning uchun kichkina Kavkazda juda xilma-xil, ko‘p mayda tillar bor va ularning ham hech qaysinisi bir-biriga qarindosh emas.

Kartvel tillari Shimoliy Kavkaz tillariga qarindosh emas. Boshqa Kavkaz tillari bo‘linib yotibdi. Qolgan hamma joyga neolit davridan boshlab semitlar, hind-yevropaliklar, dravidlar, oltoy, ural xalqlari tarqab ketgan degan fikr bor. Agar bu taxmin to‘g‘ri bo‘lsa, demak, bizning tillarimiz bosqinchi tillar bo‘ladi. Ular neolit davrida ustunlikka ega bo‘lib dunyodagi xilma-xillikni yo‘q qilib yuborgan.

Xuddi bizning hujayramiz tiriklikning boshqa shakllarini yo‘q qilib, birozi qolgani kabi. Bizning tillarimiz ham ana shunaqa. To‘g‘ri, hozir son jihatdan tillar ko‘pdir, lekin kelib chiqish jihatdan ularning hammasi ma’lum bir oilalarga mansub. Xilma-xillik kam qolgan. Bu endi juda ko‘p narsani tushuntirib beradi.

Birinchidan, oilalar qanaqa kelib chiqqanini tushuntiradi. Ikkinchidan, o‘xshash so‘zlar qayerdan kelib chiqqanini tushuntiradi. Demak, gap qarindoshlikda emas, gap o‘sha qadimdan bo‘lgan kontaktlarda. Men juda sodda qilib tushuntirishga harakat qildim. Buning ichida ham turli bahslar bor. Videomizni ma’lum bir tilshunos ko‘rib, yo‘q, shu joyda xato gapirding, shu joyda umumiylashtirib ketding deyishi aniq.

Demak, bu qarashning ichida ham bir qancha maktablar bor, farazlar bor, bahslar bor. Umumiy kartina shunaqa. Endi sizga bitta zo‘r misol keltirmoqchiman. Formulaga o‘xshab yotibdi, hozir tushuntirishga harakat qilaman. Ma’ruza boshida o‘zimizdagi ho‘kiz so‘zi bilan oks so‘zining o‘xshashligini misol qilib keltirdim.

Qarang, agar men 150 yil oldin yashagan tilshunos bo‘lganimda balki hind-yevropa tillarining turkiy tillarga qarindoshligiga qiziqib qolgan bo‘lardim. U paytda moda bo‘lgan qiyoslash usullari bor edi. Bugun etimologik bazalar yaratilib, hamma so‘zlarning qadimgi shakllari rekonstruksiya qilingani uchun men nima qilaman? Boya aytganimdek, bugungi ho‘kiz so‘zi bilan bugungi “ox” so‘zini qiyoslamayman. Men eng qadimgi turkiy tildagi shaklini olaman va eng qadimgi prahind-yevropa shaklini olaman. Ana shunda hech qanday o‘xshashlik qolmaydi.

Qarang, ho‘kiz so‘zi qanday o‘zgarganiga e’tibor bering. Bu turkiy tillar qanday rivojlanganini zo‘r tushuntirib beradi. Ho‘kiz so‘zining oxirida z tovushi bor va qadimgi tilda, Starostin aytgan o‘sha 2300-yil oldingi prototurk tilida o‘sha z tovushining o‘rnida r tovushi bo‘lgan. Ya’ni, r tovushi keyinchalik z ga o‘tadi. Buni zetatsizm hodisasi deyishadi.

Bugungi o‘zbek tilida qaysi so‘zning oxirida yo o‘rtasida z tovushi turgan bo‘lsa, bemalol uni r ga o‘tkazishingiz mumkin. Buni isbotlaydigan asoslardan biri bulg‘or tillari materiallari, xususan, bugun tirik bo‘lgan chuvash tilida mana shunaqa. Ular hozirgacha z ning o‘rniga r ishlatishadi. Biz to‘qqiz desak, ular toqur deydi. Mana shu qadimgi rekonstruksiyaga asos bo‘ladi.

Demak, *hökür deb tiklayapmiz. “ox”ga o‘xshashligi qolmadi. Lekin yana bir chuqurroq parallel bor. Turkiy tillarda so‘z boshida p tovushi kelmaydi. Bir-ikkita misol bor, masalan, pichoq. Pichoqning qadimgi shakli bičäk. B bo‘lgan. Buxoroda hali ham bichoq deyishadi. Demak, turkiy tillarda p tovushi so‘z boshida kelmaydi.

Buning sababi, bir qator turkiyalik, finlandiyalik, vengriyalik turkolog va oltoyshunoslarga ishonadigan bo‘lsak, juda qadimda, oltoy bosqichida so‘z boshidagi *p qisqarib, *h ga o‘tib ketgan. O‘zi h tovushi turkiy tillarda kam uchraydi. Lekin 20 ta, 30 ta so‘z bor, so‘z boshida h turadi, aspiratsiya. Yumshoq aytiladi, h deb. U hattoki mustaqil tovush ham emas, chunki boshqa pozitsiyalarda uchramaydi.

Taxmin qilinadiki, *p tovushi so‘z boshida yo‘qolishiga sabab, *p tushib qolib, *h ga aylangan. Bunday taxminlarning asosi shundaki, oltoy tillariga kiruvchi mo‘g‘ul tilida va boshqa tillarda so‘z boshida p bo‘lsa, o‘sha turkiy tillarda h ga to‘g‘ri keladi. Masalan, pökür yo püker degan shakllar mo‘g‘ul tillarida rostdan saqlanib qolgan, bizda *hökür yoki höküz shaklida keladi.

Demak, biz so‘zning eng qadimgi shaklini tikladik. Bu kamida 3000-yillik shakl, turkiy tillar bo‘linishidan oldingi shakl. *P bilan. *Püker bo‘lyapti. Ingliz tilidagi “ox”ni biz prahind-yevropa tillariga olib borsak, *uksen bo‘lyapti. Umuman bir-biriga o‘xshamaydi. Ya’ni, qancha qadimga olib borsangiz, shuncha bir-biriga o‘xshamay qolyapti. Demak, ular bugungi kunga kelibgina bir-biriga o‘xshab qolgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham tilshunoslar doimo so‘zning eng qadimgi shaklini qiyoslashga chaqiradi.

Lekin biz eng qadimgi prototurk shaklini tiklaganimizda kutilmaganda hind-yevropa tillaridagi boshqa bir o‘zakka o‘xshashlik chiqib qoldi. Lotin tilida pecus, sanskrit tilida pasu, prahind-yevropa tilida *peku. Bu degani mol yoki mol-davlat degani. Ikki xil ma’nosi bor. Birinchisi, o‘sha umuman chorva, ikkinchisi boylik ma’nosida. *Peku so‘zi *püker so‘ziga o‘xshatiladi. Qarang, biz shaklan o‘xshash joydan qarindoshlik topmayapmiz, lekin eng qadimgi shaklini tiklasak, qayerdanddir parallel chiqib qolyapti.

Buni qanday tushuntiramiz? Bu tilshunoslikda wanderwort deyiladi. Boya aytganimdek, tillar innovatsiya tarqatuvchi tarmoqlar bo‘lib xizmat qilgan. Bir texnologiya kashf qilindimi, o‘sha texnologiya boshqa xalqlarga yetib borgan va o‘sha yetib borgan texnologiyaning nomi ham birga kirib kelgan. Masalan, shartli ravishda chorvachilikni oltoy xalqlariga hind-yevropa xalqlari o‘rgatgan bo‘lsa, shu so‘zni ham ular birga olib kelgan bo‘ladi.

Bu qarindoshlikdan dalolat bermaydi, lekin kontaktlarimiz necha ming yil oldin bo‘lganini ko‘rsatadi. Biz o‘ylagandan ko‘ra chuqurroq davrda ham kontaktlar bo‘lgan. Xuddi shunaqa qilib, biz oltoy oilasini ham tushuntirishimiz mumkin. Boya qarindoshligi isbotlanmayapti, tasdiqlanmayapti, dedik. Lekin mana bunga o‘xshagan parallellar oltoy tillarida tiqilib yotibdi. To‘g‘ri, sonlari o‘xshamaydi, bazaviy lug‘atda muammolar bor, lekin o‘xshash so‘zlar yuzlab. Grammatika, so‘z yasalish strukturalari, singarmonizm, agglyutinatsiya to‘liq o‘xshaydi. Buni qanaqa tushuntiramiz?

Buni zo‘r tushuntirishadi. Aytishadiki, Xitoy shimolida bir qancha qadimgi kechki neolit va bronza davri madaniyatlari bor. Taxminan o‘sha neolit davri va undan sal keyingi davrga kelyapmiz, bir qancha madaniy komplekslar bor. Qadimgi Xitoy madaniyati ko‘proq janubdagi komplekslardan o‘sib chiqqan. Shimolda kim yashagan, degan savol turadi.

Ko‘p keltiriladigan misol — Sinlunva madaniyati. Ancha qadimgi tarixga ega, u 6000 yoki undan qadimgiroq davrga oid. U bugungi kunda Xitoydagi Manjuriya hududlariga to‘g‘ri keladi. Xitoy madaniyati birinchi bo‘lib ajdaho obrazi yaratilgan madaniyat hisoblanadi. Sinlunva madaniyati bilan bir-biriga qarindosh bo‘lmagan tilda gapiruvchi qabilalar to‘plangan va ular ming yillar davomida birga yashagan deb taxmin qilinadi. Keyinchalik esa ming yillar davomida tili bir-biriga o‘xshab ketgan. Bu narsa tilshunoslikda konvergent evolyutsiya deyiladi.

Masalan, o‘zbek tili bilan tojik tili qarindosh emas, lekin juda ham o‘xshaydi, to‘g‘rimi? Talaffuzi, fonetikasi o‘xshaydi, lug‘ati o‘xshaydi. Balki o‘sha yerda bir o‘nlab tillar to‘planib, lug‘ati, singarmonizmi, agglyutinatsiya, boshqa-boshqa xususiyatlari o‘xshab qolgandir, birga yashagani uchun, deyiladi. Unaqa misollar o‘zbek-tojik tilida ham, dunyoning ko‘p qismlarida ham bor.

Masalan, Bolqon ittifoqi deyiladi, siyosiy ittifoq emas. Bolqonda bir-biriga qarindosh bo‘lmagan tillar bir-biriga juda yaqinlashib ketgan. Bolgar tili, grek tili, alban tili bir-biriga juda yaqinlashib ketgan. Parallellari nihoyatda ko‘p. Ana shunaqa bo‘lib, oltoy tillari balki qarindosh emas, bitta tildan tarqalmagan, lekin konvergent evolyutsiyaga uchragan do‘stlardir.

Ya’ni, ular qarindosh emas, do‘st. Buni polifiletik oila, ya’ni umumiy ildizga ega bo‘lmagan, yaqinlashib ketgan oila deyishadi. Balki ular mana shunaqa oiladir. Avvaliga o‘nlab tillar bo‘lgan, ular o‘sha davrda birga yashab, juda yaqinlashib ketgan, ba’zi bir qabilalar ustunlikka ega bo‘lib, boshqa tillarni assimilyatsiya qilib, yo‘q qilib, keng tarqalib ketgan degan qarash bor.

Ya’ni, oltoy tillari o‘zaro qarindosh bo‘lmagan beshta til guruhidan iborat. Lekin bu beshta til guruhi boshqalarini qirib, yo‘q qilib, omon qolgan tillar. Aslida u yerda balki o‘nlab bir-biriga qarindosh bo‘lmagan tillar bo‘lishi mumkin. Ya’ni, boya aytganimdek, bizning tillarimiz bosqinchi tillar. Biz iqtisodiy ustunlikka ega bo‘lib, uni siyosiy ustunlikka konvertatsiya qilib, boshqa mayda tillarni yo‘q qilib yuborganmiz. Balki hozir oltoy oilasi 15 ta guruhdan iborat bo‘lishi mumkin edi.

Bugun beshtasining avlodlari qolgan, biz hozir o‘shalardan birida gaplashyapmiz. Chunki Xitoy manbalarida o‘nlab qabilalar tilga olinadi. Qadimgi xalqlarning tili haqida aniq materialimiz bo‘lmasa, demak, ular avlod qoldirmagan til ham bo‘lishi mumkin. Biz bugun faqat o‘zimiz bilgan variantlardan qidiramiz. “Tirik qolganlar xatoligi” deyiladi-ku. Biz tirik qolganlarmiz. Aslida, qadimda tillar nihoyatda ko‘p bo‘lgan, xilma-xil bo‘lgan.

Biz o‘zimizning tariximizni rekonstruksiya qilgan paytimiz ularni hozir inobatga olmaymiz. Aslida, hozirgi tilshunoslik to‘g‘ri nuqtaga kelyapti. Biz qarindosh emasmiz. Tub ildizimiz bitta tilga borib taqalmaydi, lekin biz 100 ming yillar davomida do‘st bo‘lib aloqa qilganmiz va ma’lum nuqtada bir-birimizni qirib yo‘q qilganmiz va tirik qolganlarmiz, xolos. 90 foiz boshqa tillarni biz yo‘q qilganmiz, deyishadi. Va o‘sha yo‘q bo‘lgan tillarni biz rekonstruksiyalarimizda hamisha inobatga olishimiz kerak, deyishadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.