Boshqa

“Mendan qarzi bor edi” – Navoiyda marhumlarning yaqinlarini aldab, pul undirgan shaxs jinoiy jazoga tortildi

24 yoshli yigit Karmana tumanida janoza xabarlari berib boriladigan Telegram guruhdan marhumlar haqida maʼlumot olib, ularning yaqinlarini izlab topgan. Soʻngra marhumlar tiriklik paytida qarzga pul olganini aytib, ushbu mablagʻni undirishga uringan. Biroq bir necha shunday holatdan soʻng uning qilmishi fosh boʻldi.

“Mendan qarzi bor edi” – Navoiyda marhumlarning yaqinlarini aldab, pul undirgan shaxs jinoiy jazoga tortildi

Karmana tumanida marhumlarning yaqinlarini aldab, ulardan pul olishga uringan shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.

Sud qaroriga ko‘ra, 24 yoshli A.S. janoza xabarlari joylanadigan Telegram guruhidan marhumlar haqidagi ma’lumotlarni olib, ularning yaqinlaridan pul undirishni rejalashtirgan. U 22-aprel kuni Karmana tumanining Kalovot mahallasida yashagan B.O. vafot etgani haqidagi janoza xabarini o‘qigan. Shundan keyin marhumning ukasi J.N.ning telefon raqamini topgan.

Keyin A.S. marhumning ukasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat davomida u marhum tirikligida qarzga 100 dollar olganini aytib, shu mablag‘ni bank kartasiga o‘tkazib berishni so‘ragan. Biroq J.N. so‘ralgan pulni o‘tkazmagan.

Shuningdek, A.S. tumanning Mir Said Bahrom mahallasida yashagan J.H. vafot etgani haqidagi janoza xabarini o‘qib, marhum tirikligida ishlatgan telefon raqamini topgan. So‘ng o‘sha raqamga qo‘ng‘iroq qilgan. Qo‘ng‘iroqqa marhumning onasi javob bergan. A.S. unga ham o‘g‘li tirikligida 100 dollar qarz olganini aytgan. Uning gapiga ishongan ona 1,2 mln so‘mni bank kartasiga o‘tkazib bergan. A.S. bu pulni o‘z shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.

A.S. sudda aybini to‘liq tan olgan va pulga ehtiyoji bo‘lgani uchun bu ishga qo‘l urganini aytgan.

“B.O.ning vafot etgani haqidagi xabarni eshitdim. Uning yaqin qarindoshlarini izlab topib, go‘yoki marhumning qarzi borligini aytgan holda ulardan pul olish fikri tug‘ildi. Marhumning ukasining telefon raqamini topdim. Unga marhumning tanishi ekanimni, savdo bilan shug‘ullanishimni, marhumning 100 dollar qarzi borligini aytdim. Ushbu mablag‘ zarur bo‘lib qolganini bildirib, berishni so‘radim.

Marhumning ukasi qaysi do‘konda savdo qilishimni so‘radi va o‘zim bilan ko‘rishib, keyin pulni berishini aytdi. Shu vaqtda uning bu savollariga nima deb javob berishni bilmasdan, telefonni o‘chirib qo‘ydim”

Shuningdek, sudlanuvchi ikkinchi holatda marhumning onasidan shu tarzda pul so‘rab, 1,2 mln so‘m undirganini va bu mablag‘ni ehtiyojiga ishlatib yuborganini ma’lum qilgan.

A.S. qilmishidan pushaymonligini bildirib, suddan yengillik so‘ragan.

JIB Karmana tuman sudining 2026-yil 7-avgustdagi hukmi bilan A.S. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlikka suiqasd) 1-qismi va 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.