Latviyada hakerlar 1,2 mln aholining ma’lumotlarini o‘g‘irladi

Latviyada kiberhujum natijasida 1,2 million aholi va 200 ming korxonaga oid ma’lumotlar o‘g‘irlandi. Bu haqda Latviya Yo‘l harakati xavfsizligi milliy boshqarmasi (CSDD) va kiberxavfsizlik bo‘yicha CERT.LV tashkiloti xabar berdi.
Hakerlik hujumlari 8-10-avgust kunlari sodir bo‘lgan. Latviya aholisi qariyb 1,9 million kishini tashkil etganligi sababli, bu kiberhujumdan fuqarolarning katta qismi jabr ko‘rgan. O‘g‘irlangan ma’lumotlar 2008-yildan buyon to‘lov kvitansiyalarida saqlanib kelgan.
Hakerlar quyidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishgan:
* Fuqaroning ism-familiyasi yoki kompaniya nomi;
* Shaxsiy identifikatsiya raqami yoki kompaniyaning ro‘yxatdan o‘tish raqami;
* Avtomobil raqami;
* Ro‘yxatdan o‘tgan manzil;
* To‘lov sanasi va summasi.
Rasmiylar aholini CSDD yoki boshqa idoralar nomidan kelgan xabarlar, elektron maktublar va telefon qo‘ng‘iroqlariga nisbatan hushyor bo‘lishga chaqirmoqda. Fuqarolarga xabar mazmuniga, til va imlo sifatiga, ayniqsa, ismlar va manzillarning to‘g‘ri yozilganiga e’tibor qaratish tavsiya etiladi. Shuningdek, shubhali xabarlar va elektron maktublardagi havolalarni ochmaslik qat’iy so‘raladi.
Hujum natijasida Latviya aholisining aloqa ma’lumotlari sizib chiqmagan va CSDD ishiga zarar yetmagan. Politsiya ikki modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan: "ma’lumotlarni qayta ishlashning avtomatlashtirilgan tizimiga o‘zboshimchalik bilan kirish" va "ma’lumotlarni qayta ishlashning avtomatlashtirilgan tizimi resurslariga ta’sir etuvchi qurilmalardan foydalangan holda noqonuniy harakatlar sodir etish".
O‘g‘irlangan ma’lumotlar hozircha hech qayerda tarqalmagan, hakerlarning maqsadi noma’lum. Latviya bosh vaziri Andris Kulbergs bu "Latviyaga do‘st bo‘lmagan mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan amalga oshirilgan gibrid hujum ehtimoli" ekanini istisno etmayapti.
Avvalroq, 41 mingga yaqin aholi yashaydigan Lixtenshteynda 31 ming kishining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan edi. Noma’lum shaxslar kompaniyalar, jamg‘armalar va trastlar vakillariga oid ma’lumotlar saqlanadigan "Iqtisodiy vakolatli shaxslar reyestri" (VwbP) tizimiga buzib kirgan. LLV.li saytida joylashgan reyestr hozirda "texnik xizmat ko‘rsatish ishlari" sababli foydalanuvchilar uchun yopiq.

