15 mln Qozog‘iston fuqarosining ma’lumoti darknetda sizdirilgani haqida xabar tarqaldi

Qozog‘istonning 15 million fuqarosiga oid ma’lumotlar darknetda tarqalgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ushbu holatga Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi munosabat bildirdi.
Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, noma’lum haker qozog‘istonliklarning shaxsiy ma’lumotlarini darknetda sotuvga qo‘ygan. Darknetga joylashtirilgan faylning hajmi taxminan 2,7 gigabaytni tashkil etib, undagi yozuvlar soni 47 million qatorga yetadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, ma’lumotlar bazasi 0,5 bitkoin, ya’ni taxminan 32 ming dollarga baholangan. Ushbu ma’lumotlar to‘plamida fuqarolarning pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, ish joyi haqidagi ma’lumotlar, hujjatlarning skanerlangan nusxalari va parollar kabi shaxsiy va aloqa ma’lumotlari mavjudligi aytilmoqda.
Haker bu ma’lumotlarni eGov portaliga buzib kirish orqali qo‘lga kiritganini da’vo qilgan. Vazirlik hozirda tegishli xizmatlar bilan birgalikda texnik tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. Tekshiruv doirasida ma’lumotlar namunasi tahlil qilinib, ularning kelib chiqish manbasi aniqlanadi.
Vazirlikning xabarida aytilishicha, "Ayni paytda elektron hukumat axborot tizimlariga buzib kirilgani va ma’lumotlar bevosita eGov’dan olingani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q".
Shuningdek, tarqalgan ma’lumotlarning bir qismi elektron hukumat portali tuzilmasi va formatiga mos kelmasligi qayd etildi.
"Xususan, eGov’da pasportlarning skaner-nusxalari da’vo qilingan shaklda saqlanmaydi, raqamli hujjatlar esa boshqa formatda bo‘ladi. Darknet foydalanuvchisi tomonidan ma’lumotlar bazasining kelib chiqishi haqidagi bayonoti eGov tizimi buzilganining tasdig‘i sifatida qaralishi mumkin emas", — deya ta’kidladi idora.
Texnik tekshiruv davom etmoqda va uning natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda. Vazirlik fuqarolarga raqamli xavfsizlikning asosiy choralariga rioya qilishni tavsiya qildi: SMS-kodlar, parollar va ERI ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga bermaslik, shubhali havolalarga o‘tmaslik hamda turli xizmatlar uchun turli parollardan foydalanish zarur.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida Oʻzbekistonning toʻrtta tashkiloti axborot tizimlari kiberhujumga uchragani va buning oqibatda 15 millionga yaqin fuqaroning maʼlumotlari sizib chiqib ketgan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Oʻshanda Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 15 million fuqaroning maʼlumotlari emas, balki 60 mingga yaqin unikal yozuv tarqalganini taʼkidlagandi.

